Afg‘onistonni tark etayotgan AQSH qo‘shinlari Pokiston “eshigini qoqdi”. Islomobod nima deydi?

Olam

image

Pokiston Afg‘onistondan harbiy kontingentini olib chiqib ketayotgan Amerika Qo‘shma Shtatlariga o‘z bazalarini berishdan bosh tortdi. Bu haqda Pokiston Tashqi ishlar vaziri Shoh Mahmud Qurayshi bugun, 8 iyun kuni ma’lum qildi.

“Ularni (amerikaliklar nazarda tutilgan — tahr.) bazalar bilan ta’minlash haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas. Biz o‘z manfaatlarimizni hisobga olishimiz kerak”, degan vazir rasmiy Vashingtonga baza berish bo‘yicha o‘tkazilgan muzokaralar vaqtida.

Janubiy Osiyoda yetakchi rolni o‘ynashga intilayotgan Pokiston, allaqachon, AQSHning bu mintaqadagi ishonchli ittifoqchisi bo‘lishdan voz kechgan. Bunga javoban 2018 yilda o‘sha davrdagi AQSH Prezidenti Donald Tramp Pokiston uchun ajratiladigan moliyaviy ko‘makni to‘xtatgan. Tramp o‘z qarorini Pokistonning harakatsizligi va Amerikaga foydasi tegmayotgani bilan izohlagandi. 

Pokiston bugungi kunda AQSHga qarama-qarshi bo‘lgan Xitoy va Rossiya hamda Turkiya bilan ancha yaqin. Bundan tashqari rasmiy Islomobodning Afg‘oniston borasida o‘z rejalari bor va u “Tolibon” bilan o‘zining mustaqil siyosatini yuritmoqda. “Tolibon” harakatining esa Afg‘onistondagi ta’siri ortib bormoqda. Harakat mamlakatning taxminan 40 foizga yaqin hududini o‘z nazoratiga olgan. Bundan tashqari, toliblar so‘nggi uch kuch ichida Afg‘onistonning 4 ta tumanini ham egalladi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning may oyida AQSH Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqish ishlarini boshlab yubordi. Shu vaqtgacha Amerika o‘z harbiy kontingentining uchdan bir qismini bu mamlakatdan olib chiqib ketdi.  

Ma’lumot o‘rnida, 2020 yil fevral oyi oxirida AQSH va “Tolibon” tinchlik shartnomasini imzoladi. Kelishuvga ko‘ra, Amerika qo‘shinlari shartnoma tuzilganidan 14 oy o‘tgach, aniqrog‘i 2021 yilning mayigacha Afg‘onistonni tark etishi kerak edi. Biroq bu jarayonning “start” olishi biroz kechikdi.

Joriy yilning 14 aprel kuni Prezident Jo Bayden AQSHning Afg‘onistondagi missiyasi yakunlanganini va 1 maydan boshlab ushbu mamlakatdan qo‘shinlarini olib chiqishni boshlashini e’lon qildi. Unga ko‘ra, qo‘shinlarni olib chiqib ketish 11 sentyabrgacha yakunlanishi kerak.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

298

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing