Bankir Shofirkonga hokim bo‘ldi
Jamiyat
−
22 dekabr 2021
9802Xalq deputatlari Buxoro viloyati Shofirkon tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov qatnashgan sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi.
Shofirkon tumani hokimi lavozimida ishlab kelgan Shukurullo Xayrullayevich Hakimov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan o‘z arizasiga ko‘ra lavozimidan ozod etildi.
Sessiyada Shofirkon tumani hokimi lavozimiga Jamshid Fazliddinovich Sharopovning nomzodi xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari tomonidan bir ovozdan ma’qullandi.
Ma’lumot uchun, Jamshid Fazliddinovich Sharopov 1984 yilda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan.
2005 yilda Buxoro davlat universitetini hamda 2009 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini bitirgan. Mutaxassisiligi — iqtisodchi.
U mehnat faoliyatini 2002 yilda "Paxtabank"ning viloyat boshqarmasi mutaxassisi sifatida boshlab, "Agrobank"ning viloyat boshqarmasida bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari, Buxoro shahar filiali boshqaruvchisi, 2014-2020 yillarda "Agrobank"ning viloyat boshqarmasi boshlig‘i lavozimlarida ishlagan.
U ayni vaqtga qadar Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgan edi.
Avvalroq Buxoro viloyatining Romitan, Qorako‘l, Samarqandning Bulung‘ur va Oqdaryo, Namanganning Kosonsoy, Norin va Uchqo‘rg‘on tumanlariga yangi hokimlar tayinlangani haqida xabar bergan edik.