Baku Ozarbayjon-Armaniston-YeI muzokaralariga tayyorligini bildirdi
Olam
−
05 Oktabr 2023
3374Baku Yerevan bilan Bryusselda uch tomonlama Ozarbayjon-Armaniston-Yevropa Ittifoqi formatidagi muzokaralarga tayyor. Bu haqda Ozarbayjon Prezidenti yordamchisi Hikmat Hojiyev X ijtimoiy tarmog‘idagi (sobiq Twitter) sahifasida ma’lum qildi.
“Ozarbayjon tez orada Bryusselda uch tomonlama Ozarbayjon-Armaniston-Yevropa Ittifoqi formatidagi uchrashuvlarga tayyor”, deb yozdi u.
Hojiyevning so‘zlariga ko‘ra, Ozarbayjon tomoni 5 oktyabr kuni Granadada bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan uchrashuvni Fransiyaning noxolis pozitsiyasi va Turkiyaning ushbu muzokaralarga kiritilmagani sabab qatnashishdan bosh tortgan.
“Biz Ispaniyaning ushbu uchrashuvda mezbon tomon sifatida ishtirok etishini ham yoqlab chiqdik. Bakuning rad javobini Ozarbayjonning Armaniston bilan aloqa yoki muzokara qilishdan bosh tortishi deb ifodalash noto‘g‘ri”, deya ta’kidladi Hojiyev.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 4 oktyabr kuni Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev 5 oktyabr kuni Ispaniyaning Granada shahriga tashrif buyurishdan bosh tortdi. U yerda 5 oktyabr kuni Yevropa Ittifoqi, Fransiya va Germaniya rahbarlari ishtirokida Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan uchrashuv o‘tkazilishi kerak edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, rad etishga Fransiyaning buzg‘unchi pozitsiyasi, shuningdek, Parij va Berlinning Turkiyaning uchrashuvdagi ishtiroki bo‘yicha kelishmovchiligi sabab bo‘lmoqda.
Avvalroq, Fransiya Tashqi ishlar vaziri Katrin Kolonna armanistonlik hamkasbi Ararat Mirzoyan bilan uchrashuv yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida Fransiya Armaniston bilan harbiy yordam yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolashga tayyorligini aytib o‘tgan edi. Bu esa Bakuning noroziligiga sabab bo‘ldi.
Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev uchrashuv o‘tkazishdan bosh tortganiga qaramay, 5 oktyabr kuni Yevropa siyosiy hamjamiyati sammitida ishtirok etish uchun Ispaniyaning Granada shahriga tashrifini bekor qilmadi.
LiveBarchasi