BAA Prezidenti Kremlga Putinni yo‘qlab bordi (video)

Olam

image

Bugun, 7 avgust kuni Rossiyaga rasmiy tashrif bilan borgan BAA Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon Prezident Vladimir Putin bilan uchrashdi. Bu haqda Rossiya Prezidentining matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, mehmon Kremlning Georgiylar zalida tantanali kutib olingan. Bu marosim doirasida ikki davlat delegatsiyalari ham tanishtirilgan. Shundan so‘ng Rossiya bilan BAA o‘rtasidagi muzokaralarning boshlanishi e’lon qilingan. 

Putin Rossiya BAA bilan aloqalarni alohida qadrlashini ta’kidlagan. U BAA Rossiya uchun do‘stona mamlakat ekani, siyosiy darajadagi yaqin aloqalar, savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalaridagi hamkorlik izchil rivojlanayotganini aytgan. 

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning BAAga qilgan investitsiyalari miqdori BAAning Rossiyaga qilgan investitsiyalaridan deyarli ikki baravar ko‘p. Shu bilan birga, Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi va BAAning suveren jamg‘armasi o‘rtasidagi hamkorlik samarali kechayotgani takidlangan.

Putin, shuningdek, Rossiya va BAA o‘rtasidagi gumanitar sohadagi aloqalar, xususan, ta’lim va madaniyat yo‘nalishidagi hamkorlik haqida so‘z yuritgan.

Putin mintaqaviy va xalqaro xavfsizlik masalalari yuzasidan fikr almashish muhimligini ta’kidlagan. 

Muhammad bin Zoid Ol Nahayon esa, o‘z navbatida, Rossiya Prezidentiga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirgan va Moskvada bo‘lishdan mamnunligini aytgan. U Rossiya boy tarixga ega mamlakat ekanini e’tirof etgan va ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar so‘nggi yillarda juda tez rivojlanib borayotganini ta’kidlagan. 

BAA Prezidentining aytishicha, ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo aylanmasi 11,5 milliard dollarni tashkil qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Muhammad bin Zoid Ol Nahayon oxirgi marta o‘tgan yili 21 oktyabr kuni Qozondagi BRICS sammiti tadbirlarida ishtirok etish uchun Rossiyaga borganida Putib bilan uchrashgandi. Joriy yil 24 mart kuni esa ular o‘rtasida telefon suhbati bo‘lib o‘tdi. O‘shanda Putin Rossiya va Ukraina o‘rtasida ushlab turilgan shaxslar almashinuvini amalga oshirishda BAA tomonidan ko‘rsatilayotgan faol vositachilik yordami uchun minnatdorlik bildirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Vladimir Putin BAA Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing