Ayya Sofiya yana kun tartibida. Gretsiya Turkiyadan nima xohlayapti?

Olam

image

Gretsiya bir qator xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda Turkiyadan Ayya Sofiya masjidiga muzey maqomini qaytirishni so‘ramoqda. Bu haqda Gretsiya Tashqi ishlar vaziri Nikos Dendias BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasida ma’lum qilgan.

Ta’kidlanishicha, madaniy huquqlardan to‘liq foydalanish va madaniy merosni saqlash masalasi Gretsiya uchun juda muhimdir.

“Barcha davlatlar, siyosiy, iqtisodiy va madaniy tizimlaridan qat’i nazar, yodgorliklarning maqomini o‘zgartirishdan o‘zini tiyishi kerak”, deydi Gretsiya Tashqi ishlar vaziri.

Vazir shuningdek, yodgorliklarning maqomini o‘zgartirishda tegishli jamoalarning oldindan roziligini olish va barcha manfaatdor tomonlar, shu jumladan UNESCO kabi BMTning tegishli organlarini oldindan xabardor qilish kerakligini aytib o‘tgan.

“Men xususan, Ayya Sofiya yodgorligini masjidga aylantirishni nazarda tutmoqdaman. Bu madaniy merosga bo‘lgan ehtiromning har qanday tushunchasiga ziddir. Biz buni amalga oshirganlardan barcha boshqa muassasalar va xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda ushbu yodgorlikka avvalgi maqomini qaytirishni so‘raymiz”, deydi Gretsiya Tashqi ishlar vaziri Nikos Dendias.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning iyul oyida Turkiya Davlat kengashi Istanbuldagi Ayya Sofiyani muzeyga aylantirish to‘g‘risidagi 1934 yilda qabul qilingan Mustafo Kamol Otaturk farmoyishini bekor qildi. Shundan so‘ng, ushbu majmuadan masjid sifatida foydalanilishi ma’lum bo‘ldi. 

O‘sha vaqtda ham Gretsiya va uning ortidan AQSH Turkiyaning ushbu xatti-harakatiga norozilik bildirgan edi. Turkiya Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘lu esa ushbu masala yuzasidan quyidagicha javob qaytargan

“Turkiya Respublikasi azon yoki Qur’oni Karim oyatlarining qayerda o‘qilishini boshqalardan so‘rashi kerakmi? Turkiyaga bu masalada aql o‘rgatishi mumkin bo‘lgan eng oxirgi davlat – bu Gretsiya. Ayya Sofiya Turkiya Respublikasining mulki va u fath etilgan”.

Ma’lumot o‘rnida, Ayya Sofiya ibodatxonasi Vizantiya imperatori Konstantin II tarafidan milodiy 360 yilda bunyod etilgan. U yog‘ochdan qurilgan bo‘lgani uchun 404 yilga kelib yonib ketgan. O‘sha yili ibodatxona birinchi bor ta’mirlangan. Ibodatxonaning hozirgi binosi esa Vizantiya imperatori Yustinyan birinchining buyrug‘iga ko‘ra, 532-537 yillarda barpo etilgan. Ibodatxonaning qurilishi 5 yilu 10 oy davom etgan. Unda 10 mingdan ortiq quruvchi mehnat qilgan. Ibodatxona tarixchilar tomonidan o‘sha davrning eng katta binosi sifatida qayd etilgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Turkiya Gretsiya Ayya Sofiya

Baholaganlar

376

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing