Turkiyada 30 ta mashina ishtirokida jiddiy YTH sodir bo‘ldi (video)
Olam
−
10 dekabr
3569Bugun, 10 dekabr kuni Turkiya janubi-sharqidagi Van viloyatida 30 ta mashina ishtirokida yirik yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Bu haqda TRT xabar berdi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 2 kishi halok bo‘lgan, 51 kishi jarohat olgan. Hodisa oqibatida yo‘l to‘liq yopilgan.
“Yaralanganlar tez tibbiy yordam mashinalari bilan shifoxonalarga yetkazildi", deyiladi xabarda.
Van viloyatining hokimi, viloyat politsiya boshlig‘i va sog‘liqni saqlash boshlig‘i hodisa joyiga borib, holatni o‘rgangan.
Viloyat hokimi jurnalistlarga holat yuzasidan ma’lumot bergan.
“Yuqori tuman va muzlash tufayli avtohalokat uzunligi 35-40 kilometr oralig‘ida cho‘zildi. Afsuski, 2 kishi halok bo‘ldi, 51 kishi jarohatlandi,” degan viloyat hokimi.
Ma’lum qilinishicha, avtomobillarni yo‘llardan olib tashlash ishlari davom etmoqda.
Voqea joyiga darhol sog‘liqni saqlash, jandarmeriya, politsiya, yong‘in-qutqaruv va yo‘l ishlari xodimlari ham yetib borgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 27 noyabr kuni Janubiy Koreyada kuchli qor yog‘ishi oqibatida ko‘plab reyslar bekor qilingan, paromlar harakati to‘xtatilgan va kamida besh kishi halok bo‘lgandi. Shu kuni Kanvon viloyatining Vonsu shahrida 53 ta avtomobil ishtirokida yuz bergan avariyada 11 kishi jarohat olganini ma’lum qilingandi.
LiveBarchasi