Aytdik, qaytdik. AQSH “jim turgan” Rossiyaga sanksiya qo‘llamoqchi
Olam
−
01 fevral 2022
10730AQSH Senati shu haftada Ukraina atrofida vaziyat keskinlashgan taqdirda nazarda tutilgan Rossiyaga qarshi sanksiyalar paketini kelishib olishi mumkin. Bu haqda “Bloomberg” xabar bermoqda.
“Umid qilamanki, biz kelishib olishimiz kerak bo‘lgan bir nechta tafsilotlarni tugatamiz va keyin oldinga intilamiz”, degan Kongress yuqori palatasi xalqaro qo‘mitasi rahbari Bob Menendes.
AQSH senatori Kris Merfining aytishicha, maqsad paketni “yaqin kun ichida” yakunlashdir. Tomonlar Ukraina atrofidagi vaziyatning taxmin qilinayotgan keskinlashuvidan oldin sanksiyalar qo‘llash maqsadga muvofiqligini muhokama qilmoqda. Merfining so‘zlariga ko‘ra, Moskva allaqachon “muayyan oqibatlarga loyiq bo‘lgan muhim chegarani” bosib o‘tgan.
Menendesning qo‘mitadagi hamkasbi, respublikachi Jim Rishning aytishicha, paket bo‘yicha muvaffaqiyatga erishilmoqda.
Senator Benjamin Kardin eng jiddiy sanksiyalar hozircha saqlanib qolishi kerak, degan fikrni bildirgan, shuningdek, u Rossiyani SWIFT tizimidan uzish variantini ham ko‘rib chiqish kerak, deb hisoblaydi.
“O‘ylaymanki, agar Ukrainaga bosqin bo‘ladigan bo‘lsa, bu variant albatta muhokama qilinishini aniq tushuntirdik”, degan siyosatchi.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, “Shimoliy oqim-2” quvuriga qanday munosabatda bo‘lish masalasi hal etilmagan.
Avvalroq, Buyuk Britaniya Rossiyaga qarshi sanksiyalar to‘g‘risidagi qonun loyihasini tayyorlagani, ular “Kreml uchun ahamiyatli” bo‘lgan kompaniyalar va shaxslarga ta’sir qilishi haqida xabar bergandik.
So‘nggi oylarda Rossiya va G‘arb o‘rtasidagi munosabatlar yanada keskinlashgan. Vashington va Bryussel Moskvani Ukrainaga “bosqin” tayyorlayotganlikda ayblamoqda va shu fonda Sharqiy Yevropada o‘z ishtirokini kuchaytirmoqda. AQSH Rossiya hujumga o‘tgan taqdirda unga sanksiyalar joriy qilishini aytib kelayotgandi.
Rossiyada barcha da’volar rad etilmoqda. Kreml va Tashqi ishlar vazirligi “tajovuzkorlik” hikoyalarining maqsadi Rossiya chegaralari yaqinida xorijiy guruh yaratish ekanligini bir necha bor ta’kidlagan. Ular, shuningdek, keskinlashuvning asosiy sababi qilib Ukrainani qurol-yarog‘ bilan ta’minlayotgan va shu orqali uni harbiy sarguzashtlar sari undayotgan AQSH va NATO harakatlarini ko‘rsatmoqda.
LiveBarchasi