Aytadigan gaplarim ko‘p, lekin... – Jeenbekov nega jim turganini ochiqladi

Olam

image
0:00
0:00
download

Kecha, 11 aprel kuni Qirg‘izistonda mahalliy hokimiyat organlariga saylovlar va Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha referendum bo‘lib o‘tdi. Saylovda mamlakatning sobiq Prezidenti Sooronbay Jeenbekov ham ishtirok etib, ovoz berdi. 

Bishkekdagi 1327-sonli saylov uchastkasiga borgan Jeenbekov, ovoz berib bo‘lgach, jurnalistlar bilan muloqot qildi. U Prezidentlikdan ketgach, o‘ziga nisbatan OAV va jumoatchilik tomonidan bo‘layotgan turli tanqidiy fikrlarni kuzatib borayotganini ma’lum qilgan. 

“Shaxsan mening manzilimga turli xil fikrlar bildirilgan, ular har xil ertaklarni yozish va tarqatishda davom etmoqda. Bularning barchasini eshitaman, o‘qiyman, tahlil qilaman. Albatta, aytadigan gaplarim va ko‘p javoblarim bor. Ammo quyidagilarni unutmaslik kerak. Mamlakatda siyosiy barqarorlik endigina mustahkamlana boshladi. Va bugungi vaziyatda, mamlakatdagi barqarorlik uchun, men jamoatdagi polemikadan va turli siyosatchilar bilan muloqotdan saqlanishim kerak edi. Mening nutqim va so‘zlarim vaziyatga ta’sir qilmasligi mumkin emas. Mening so‘zlarimga siyosiy spekulyatsiya qiladiganlar ham bo‘ladi. Buning sababini aytishni istamayman”, deydi Jeenbekov.

2017 yildan 2020 yilning 15 oktyabriga qadar Qirg‘iziston Prezidenti bo‘lgan Jeenbekov ayni damda fond tuzib, unga rahbarlik qilmoqda. U Prezident lavozimini o‘z xohishi bilan tark etgandan so‘ng, mamlakat jamoatchiligida Sooronbay Jeenbekov va Roza Otanbayevani sobiq Prezident unvonidan mahrum qilish talab etildi. Joriy yil 1 fevraldan mamlakat bo‘ylab fuqarolarning imzosini yig‘ish boshlandi. Bu orada Jeenbekov tildan tushdi, rasmiy tadbirlarda ko‘rinish bermadi. Oradan bir necha oy o‘tib, Jeenbekov va Roza Otanbayeva mamlakatning amaldagi Prezidenti Sadir Japarov bilan “Aprel qo‘zg‘aloni” qurbonlarini xotirlash marosimida ishtirok etdi.

U bugun mamlakatdagi o‘ziga nisbatan “ob-havo” haqida gapirarkan, har qanday fikrlarga bardoshli ekanini urg‘ulaydi. Jeenbekov jim turganini sababini ham ochiqladi. 

“Men shaxsan men haqimda aytilganlarning barchasiga bardosh beraman.  Men uchun, avvalambor, mamlakatda siyosiy barqarorlik, xalq birligi muhim. Koronavirus bilan bog‘liq holda butun dunyoda, shu jumladan bizning mamlakatimizda ham og‘ir iqtisodiy vaziyat yuzaga keldi. Boshqa bir nechta muammolar ham bor. Mamlakat rahbariyati barcha imkoniyatlarni ishga solgan holda ishlamoqda. Mamlakat manfaatlari eng qadrlidir. Shunday ekan, barchamiz o‘z kuchimizni siyosiylashtirishga emas, balki yaratuvchanlikka yo‘naltirishimiz kerak. Sukut saqlashimga sabab shu. Xudo xohlasa, siz bilan yana gaplashamiz”, degan Jeenbekov.

Eslatib o‘tamiz, Qirg‘izistonda 2020 yilning 4 oktyabr kuni o‘tkazilgan parlament saylovlaridan keyin, 7 foizlik minimum ovozni to‘play olmagan partiya tarafdorlari norozilik namoyishlarini boshladi. Bir necha kun davom etgan namoyish va tartibsizliklar ortidan Bosh vazir Kubatbek Boronov va uning Hukumati iste’foga chiqdi. Namoyishchilar davlat idoralarini egallab oldi. 

Namoyishlar avj olgan pallada Markaziy saylov komissiyasi saylov natijalarini tan olmaslik haqida qaror qabul qildi.

O‘sha vaqtdagi Prezident Sooronbay Jeenbekov Bishkekda favqulodda holat joriy qildi va poytaxtga harbiylar kiritildi. Buning natijasida vaziyat biroz tinchidi. Ammo namoyishchilar Prezidentdan iste’foga chiqishini talab qildi. Natijada 15 oktyabrda Jeenbekov xalqiga qarata o‘q uzib, qon to‘kmaslik uchun iste’fo berdi.

Uning vazifasini vaqtincha bajarishi kerak bo‘lgan parlament spikeri Kanat Isayev bundan bosh tortdi. Natijada davlat rahbari vakolati namoyishlar ortidan Bosh vazir bo‘lgan Sadir Japarovga o‘tdi. 

Sadir Japarov Qirg‘izistonda joriy yilning 10 yanvar kuni muddatidan oldin o‘tkazilgan prezidentlik saylovida g‘alaba qozondi. U 28 yanvar kuni qasamyod keltirib, rasman Prezident lavozimida ish boshladi.


Maqola muallifi

Teglar

Sooronbay Jeenbekov

Baholaganlar

255

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing