Avstraliyada 16 yoshga to‘lmaganlar uchun ijtimoiy tarmoqlar taqiqlanadi
Olam
−
07 noyabr
1329Avstraliyada 16 yoshdan kichik bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash uchun qonun loyihasi ishlab chiqiladi. Bu haqda bugun, 7 noyabr kuni Avstraliya Bosh vaziri Entoni Albaneze ma’lum qildi.
“Ijtimoiy tarmoqlar farzandlarimizga zarar yetkazmoqda, men bunga chek qo‘yishga chaqiraman”, dedi Albaneze.
Uning bildirishicha, bu bo‘yicha qonun joriy yil parlamentga kiritiladi va u qabul qilingandan so‘ng 12 oy o‘tib kuchga kiradi. Bolalarga ota-onalarining roziligi bo‘lgan taqdirda ham ijtimoiy tarmoqdan foydalanishga ruxsat berilmaydi.
“Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik uchun zarur choralarni ko‘rayotganini isbotlash majburiyati platformalarga yuklanadi. Bu mas’uliyat ota-onalar yoki yoshlar zimmasiga yuklanmaydi”, dedi Albaneze.
Aloqa vaziri Mishel Rouland ta’sir ko‘rsatadigan platformalar qatoriga Meta Platform’ga tegishli Instagram va Facebook, shuningdek, ByteDance’ning TikTok va Elon Maskning X (avvalgi Twitter) kirishini, Alphabet’ning YouTube platformasi ham qonunchilik doirasiga tushishi ehtimoli yuqori ekanini bildirgan.
Mazkur kompaniyalar hali ushbu xabarga izoh bermagan.
Nashrga ko‘ra, dunyoning bir qancha davlatlari bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklashga va’da bergan, ammo Avstraliyaning siyosati eng qat’iylardan biri hisoblanadi.
O‘tgan yili Fransiya 15 yoshgacha bo‘lganlarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlashni taklif qilgan, ammo u taklifga ko‘ra, ota-onalar roziligi bilan taqiqni chetlab o‘tish mumkin bo‘ladi.
AQSH esa o‘nlab yillar davomida texnologiya kompaniyalaridan 13 yoshdan kichik bolalar ma’lumotlariga ota-onalar roziligini talab qilishni so‘rab kelgan, natijada ko‘pgina ijtimoiy tarmoqlar bu yoshdan kichik foydalanuvchilarning xizmatlarga kirishini taqiqlab qo‘ygan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Norvegiya hukumati ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari uchun qat’iy yosh cheklovini joriy etishni rejalashtirayotgani xabar qilingan edi. Unga ko‘ra, 15 yoshdan kichik bolalar ijtimoiy tarmoqlardan foydalana olmaydi.
LiveBarchasi