Ashraf G‘ani millionlab dollar bilan qochgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi

Olam

image

Bugun, 18 avgust kuni Afg‘oniston sobiq Prezidenti Ashraf G‘ani murojaat bilan chiqdi. Bu orqali u jamoatchilikda to‘planib qolgan bir qator savollarga javob berishni maqsad qilgan.

Sobiq Prezident o‘z murojaatida pul bilan qochgani haqidagi xabarlarni yolg‘on va asossiz, deb atagan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 15 avgust kuni u mamlakatni tark etgach, 169 million AQSH dollari bilan qochgani haqida xabarlar tarqalgandi.

Bundan tashqari, Ashraf G‘ani o‘z chiqishida Birlashgan Arab Amirliklarida ekanini tasdiqlagan. Qayd etish kerakki, u mamlakatni tark etgach bir muddat uning qayerdaligi so‘roq ostida qoldi. Bu davr mobaynida OAVda turli xil norasmiy xabarlar tarqaldi

Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 15 avgust kuni “Tolibon” harakati Afg‘oniston poytaxti Qobul shahrini jangsiz egalladi. Mamlakat Prezidenti Ashraf G‘ani o‘sha kuni iste’foga chiqqanini e’lon qildi. U o‘zining ushbu qarorini mamlakat bo‘ylab qon to‘kilishining oldini olish, deya izohlagan.

Qayd etish kerakki, hokimiyatga toliblar kelganidan keyingi dastlabki kunlarda Qobul aeroportida tartibsizlik hukm surdi: odamlar diplomatik xodimlarni mamlakatdan olib ketayotgan xorijiy samolyotlarga hujum qildi. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, bir necha kishi samolyot bortidan yiqilib vafot etgan. Shunday bo‘lsa-da, mamlakat poytaxti sekin-asta avvalgi hayotga qaytayotgani aytilmoqda. Shu bilan birga “Tolibon” Afg‘oniston fuqarolaridan barcha qurol-yarog‘ va o‘qdorilarni topshirishni so‘ragan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1826

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing