Ash-Shara Ar-Riyodda “qora shahzoda” bilan uchrashdi
Olam
−
03 fevral 6767 1 daqiqa
Kecha, 2 fevral kuni Suriyaning o‘tish davri prezidenti Ahmad ash-Shara (Abu Muhammad al-Jo‘loniy) Saudiya Arabistoniga ilk xorijiy tashrifini amalga oshirgandi. Mazkur tashrif doirasida u Ar-Riyodda Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi va Bosh vaziri Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan uchrashdi. Bu haqda Saudiya Arabistoni davlat axborot agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, yetakchilar ikki tomonlama aloqalarni yaxshilash va mintaqaviy voqealarni muhokama qilgan. Ahmad ash-Sharaning yozma bayonotida esa valiahd shahzoda bilan gumanitar va iqtisodiy hamkorlik, shuningdek, “energetika, texnologiya, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida keng ko‘lamli kelajak rejalari” muhokama qilingani ma’lum qilingan.
Saudiya Arabistonida tug‘ilgan va bolaligining bir qismini u yerda o‘tkazgan Ahmad ash-Shara bugun, 3 fevral kuni Makka shahrini ziyorat qilishi kutilgandi.
Eslatib o‘tamiz, yanvar oyida Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vaziri Faysal bin Farxon Ol Saud Damashqqa borib, AQSH, Yevropa Ittifoqi va boshqa davlatlardan Suriyaga qarshi sanksiyalarning bekor qilinishi haqida ijobiy xabarlar olganini aytgandi.
Qatar Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy esa o‘tgan hafta Asad hokimiyatdan ag‘darilganidan keyin Suriya poytaxtiga tashrif buyurgan birinchi davlat rahbari bo‘ldi.