Ash-Sharaning terrorizmga qarshi kurashdagi irodasidan mamnunmiz – Erdo‘g‘an

Olam

image
Emina Erdo‘g‘an ash-Sharaning rafiqasi bilan uchrashdi north_east

Emina Erdo‘g‘an ash-Sharaning rafiqasi bilan uchrashdi

Turkiya eng umidsiz va og‘ir kunlarda muammoga duchor bo‘lgan Suriya xalqini tashlab ketmagan, Anqara yangi davrda ham ularga kerakli yordamni beradi. Bu haqda kecha, 4 fevral kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Suriyaning o‘tish davri prezidenti Ahmad ash-Shara bilan uchrashuvdan so‘ng o‘tkazgan qo‘shma matbuot anjumanida so‘z ochdi.

“Suriya xalqi 13,5 yildan beri har xil vahshiyliklarga uchradi. Ular har xil g‘ayriinsoniy qirg‘inlarga, jumladan, kimyoviy qurollardan foydalanishga duchor bo‘ldi. 1 millionga yaqin suriyalik birodarimiz, afsuski, sobiq rejim va terror tashkilotlarining hujumlari oqibatida hayotdan ko‘z yumdi. Millionlab suriyaliklar uylarini, tug‘ilgan joylarini va tug‘ilgan yurtlarini tashlab ketishga majbur bo‘ldi. Lekin shunga qaramay, Suriyaning mard o‘g‘lonlari zolim rejim va uning tarafdorlariga qarshi kurashdan hech qachon to‘xtamadi. Yakunda, 8 dekabr holatiga ko‘ra, g‘alaba Suriya xalqinikidir. Avvalo, aziz birodarim Ahmad ash-Shara va uning timsolidagi butun Suriya xalqini kurash va g‘alaba bilan tabriklayman”, dedi Erdo‘g‘an.

Uning aytishicha, Suriyadagi 13 yillik janglardan so‘ng mamlakat tarixida yangi sahifa ochilgan.

“Suriya xalqida o‘z kelajagini belgilash irodasi bor. Turkiya Suriya xalqini eng umidsiz va og‘ir kunlarida yolg‘iz qoldirmadi. Yangi davrda ularga kerakli yordamni beramiz. Bugungi tarixiy tashrifni mamlakatlarimiz o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik va hamkorlik davrining boshlanishi deb bilaman. O‘tgan ikki oy davomida barcha muassasa va tashkilotlarimiz o‘zaro munosabatlarimizni strategik darajaga qaytarish uchun jadal sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqda.

Xabaringiz bor, 15 yanvar kuni men yangi hukumat tashqi ishlar vazirini qabul qildim. O‘ylaymanki, kelgusi davrda o‘zaro tashrif va aloqalarimiz yanada faollashadi”, dedi Erdo‘g‘an.

Mamlakatning hududiy yaxlitligi va birligini saqlab qolish har doim Suriyaga nisbatan siyosatining asosi bo‘lganini ta’kidlagan Erdo‘g‘an ash-Shara bilan uchrashuvining ana shu tamoyil asosidagi samimiy muhitda o‘tganini qayd etdi. Turkiya Prezidentining aytishicha, tomonlar Suriyada xavfsizlik va iqtisodiy barqarorlikni o‘rnatish uchun tashlanishi mumkin bo‘lgan mushtarak qadamlarni baholagan.

“Xususan, Suriya shimoli-sharqini ishg‘ol qilgan bo‘lginchi terror tashkiloti va uning tarafdorlariga qarshi tashlanishi kerak bo‘lgan qadamlarni muhokama qildik. Men Suriyaga terrorizmning har qanday ko‘rinishiga, xoh ISHID bo‘lsin, xoh KIPga qarshi kurashda kerakli yordamni berishga tayyormiz, dedim. Shuningdek, biz Suriya shimoli-sharqidagi lagerlarni nazorat qilish doirasida ular bilan birga ekanligimizni tasdiqladik. Ahmad ash-Sharaning terrorizmga qarshi kurashdagi kuchli irodasidan mamnun ekanimizni bildirmoqchiman. Mamlakatlarimizni va mintaqamizni saqlab qolish nuqtai nazaridan, bizning sa’y-harakatlarimizni bir maqsad yo‘lida birlashtirishdan boshqa yo‘l yo‘qligi aniq. Umid qilamanki, biz hamjihatlikda harakat qilib, umumiy geografiyamizda terrorizmsiz tinchlik va ishonch muhiti to‘liq hukm surishiga erishamiz”, dedi Turkiya Prezidenti.

Erdo‘g‘anning so‘zlariga ko‘ra, yetakchilar muloqot chog‘ida keng ko‘lamli siyosiy voqealarni muhokama qilgan.

“Ushbu muhim jarayonda biz suriyaliklarning irodasini aks ettiruvchi inklyuziv va keng qamrovli yondashuv asosida mamlakat boshqaruvini tashkil etishga katta ahamiyat beramiz. Biz gumanitar yordam ko‘rsatishga, shuningdek, Suriyadagi vayron bo‘lgan shaharlar va muhim infratuzilma ob’ektlarini tiklashda ko‘mak berishga tayyormiz. Suriyaning iqtisodiy rivojlanishi jadallashgani sari ixtiyoriy qaytishlar ham jadallashadi. Boshqa tomondan, Suriyaga qarshi qator xalqaro sanksiyalar mamlakatning iqtisodiy va infratuzilmasini tiklashga to‘sqinlik qilmoqda. Quvilgan rejimga qarshi sanksiyalarni olib tashlashga qaratilgan harakatlarimiz qisman yengillikka olib keldi. Biroq, biz to‘liq natijaga erishmagunimizcha, sa’y-harakatlarimizni davom ettiramiz”, deb ta’kidladi u.

Prezident Turkiyaning Suriya xalqini hech ikkilanmasdan qo‘llab-quvvatlashini birinchi kundanoq aniq qadamlar bilan ko‘rsatganini yana bir bor eslatdi. Erdo‘g‘an nutqini quyidagi so‘zlar bilan davom ettirdi:

“Damashqdagi elchixonamiz ortidan Halabda bosh konsullik ochdik. Turk Havo Yo‘llari Damashqqa parvozlarni boshladi. Diplomatiya sohasida biz yangi ma’muriyatning dastlabki ikki oyida o‘z ovozi va ezgu niyatlarini mintaqada va xalqaro maydonda e’lon qilish uchun qo‘limizdan kelganini qilamiz. Yangi ma’muriyat vakillarining mamlakatimizga tashriflaridan tashqari, Turkiyadan vazirlar va rasmiylar Damashqqa tashrif buyurishdi. Bu kelajakda ham davom etadi. Biz barcha sohalarda – savdodan tortib fuqaro aviatsiyasigacha, energetikadan tortib sog‘liqni saqlash va ta’limgacha bo‘lgan munosabatlarimizni ko‘p qirrali tarzda rivojlantirmoqdamiz”, dedi Erdo‘g‘an.

Turkiya Prezidenti Suriya xalqi tez orada mamlakatni tiklashda muvaffaqiyatga erishishiga ishonch bildirdi.

“Butun mintaqani va mazlumlarni qarshilik ko‘rsatish qat’iyati bilan ilhomlantirgan suriyalik birodarlarimiz o‘z mamlakatlarini oyoqqa turg‘izishlariga shubhamiz yo‘q va biz Suriya xalqining yutuqlari bilan faxrlanamiz. Arab va islom olamining bu jarayonda yangi boshqaruv va Suriya xalqiga zarur moddiy va ma’naviy yordam berishi muhim. Biz o‘zaro tashriflarni mintaqaviy mas’uliyat nuqtai nazaridan juda qimmatli deb bilamiz va ularni olqishlaymiz”, deya xulosa qildi Rajab Toyib Erdo‘g‘an.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yil dekabrda Suriyada hokimiyatni egallagan Ahmad ash-Shara (Abu Muhammad al-Jo‘loniy) joriy yil 29 yanvar kuni mamlakatning o‘tish davridagi prezidenti deb e’lon qilingandi. 2 fevral kuni u Saudiya Arabistoniga ilk xorijiy tashrifini amalga oshirdi. Mazkur tashrif doirasida u Ar-Riyodda Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi va Bosh vaziri Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan uchrashdi. 3 fevral kuni u Makka shahrida Umra ziyoratini amalga oshirdi. Unga Ka’ba eshiklari ham ochib berildi. Ash-Sharaning 2-xorijiy safari Turkiyaga bo‘ldi. Ash-Shara muzokaralar chog‘ida hukm surgan ijobiy atmosfera uchun Erdo‘g‘anga  minnatdorlik bildirib, Turkiya Prezidentini eng qisqa vaqt ichida Suriyaga tashrif buyurishga taklif qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Suriya Turkiya Rajab Toyib Erdo'g'an Anqara Ahmad ash-Shara

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing