Ash-Shara Erdo‘g‘anning huzuriga bordi
Olam
−
24 may
5163Bugun, 24 may kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shara (Abu Muhammad al-Jo‘loniy) bilan Istanbuldagi Dolmabaxche ofisida uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda “Aydinlik” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Turkiya rahbari Erdo‘g‘an mehmonni rasmiy va tantanali marosim bilan kutib olgan. Bu yirik diplomatik uchrashuv mintaqaviy munosabatlar nuqtai nazaridan yaxshilanish sifatida qayd etilgan.
Uchrashuv yopiq tartibda, matbuot ishtirokisiz bo‘lib o‘tgan.
Mazkur uchrashuvda Turkiya tomonidan Tashqi ishlar vaziri Hokon Fidan, Mudofaa vaziri Yashar Gyuler, Milliy razvedka tashkilotining rahbari Ibrohim Kalin, Mudofaa sanoati prezidenti Haluk Gorgun ishtirok etgan.
Suriya tomonidan esa tashqi ishlar vaziri Asad al-Shiboniy va boshqa tegishli rasmiylar ishtirok etgan.
Uchrashuvning asosiy mazmuni va tafsilotlari hozircha ommaga oshkor etilmagan.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yil dekabrda Suriyada hokimiyatni egallagan Ahmad ash-Shara joriy yilning 29 yanvar kuni mamlakatning o‘tish davridagi prezidenti deb e’lon qilingandi. 2 fevral kuni u Saudiya Arabistoniga ilk xorijiy tashrifini amalga oshirdi. Mazkur tashrif doirasida u Ar-Riyodda Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi va Bosh vaziri Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan uchrashdi. 3 fevral kuni u Makka shahrida Umra ziyoratini amalga oshirdi. Unga Ka’ba eshiklari ham ochib berildi. Ash-Sharaning 2-xorijiy safari Turkiyaga bo‘ldi. Ash-Shara muzokaralar chog‘ida hukm surgan ijobiy atmosfera uchun Erdo‘g‘anga minnatdorlik bildirib, Turkiya Prezidentini eng qisqa vaqt ichida Suriyaga tashrif buyurishga taklif qildi. Qolaversa, ash-Shara 11 aprel kuni ham Turkiyaning Antaliya shahrida Antaliya diplomatiya forumi doirasida (ADF 2025) Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan uchrashgan edi.
7 may kuni Suriyaning yangi muvaqqat rahbari o‘zining birinchi Yevropa tashrifini Fransiyadan boshladi va mamlakat Prezidenti Emmanuel Makron bilan ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan uchrashuv o‘tkazdi. 14 may kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Saudiya Arabistoniga tashrifi davomida Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shara bilan uchrashdi va unga Isroilni tan olish hamda Ibrohim kelishuvlariga qo‘shilish taklifini berdi. Qolaversa, 14 may kuni Ar-Riyod shahrida Turkiya, AQSH, Saudiya Arabistoni va Suriya yetakchilari ishtirokida onlayn formatdagi to‘rt tomonlama muloqot ham tashkil etilgandi.
LiveBarchasi