Asad o‘rniga Ash-Shara. Suriyani qanday kelajak kutmoqda?

Tahlil

image
Yil kashfiyoti – Jo‘loniy north_east

Yil kashfiyoti – Jo‘loniy

Suriyaning yangi muvaqqat prezidenti sifatida e’lon qilingan kunning ertasiga “Hayat Tahrir ash-Shom” guruhining sobiq rahbari Ahmad ash-Shara (Abu Muhammad al-Jo‘loniy) o‘zining birinchi prezidentlik nutqi bilan xalqqa murojaat qilgandi.

“Yaqin kunlarda biz kelajakdagi siyosiy dastur bo‘yicha turli nuqtai nazarlarni eshitish uchun munozaralar maydoni sifatida mo‘ljallangan Milliy muloqot konferensiyasini tayyorlash vazifasi yuklatilgan qo‘mita tuzilganini e’lon qilamiz“, deb va’da bergan u 30 yanvar kuni televizion chiqishida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu konferensiya natijalari mamlakatning yangi “Konstitutsiyaviy deklaratsiyasi” uchun platforma bo‘lib xizmat qiladi va Suriyaning kelajakdagi siyosiy rivojlanishi uchun “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishga yordam beradi.

“Suriyaning ustuvor vazifasi hukumat bo‘shlig‘ini qonuniy va huquqiy yo‘llar bilan to‘ldirishdir”, degandi yangi muvaqqat prezident.

Shuningdek, u Suriya parlamenti tarqatib yuborilgani va 2012 yilda sobiq prezident Bashar Asad davrida qabul qilingan konstitutsiya tugashini e’lon qildi.

Bundan tashqari, Ash-Shara ham Suriya armiyasi, ham Asadni ag‘darishda ishtirok etgan qurolli guruhlar, jumladan “Hayat Tahrir ash-Shom”ning o‘zi tarqatib yuborilganini e’lon qildi. Kelajakda Suriyaning barcha qurolli kuchlari – mamlakat shimoli-sharqidagi AQSH tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan kurd Suriya demokratik kuchlari (SDK) bundan mustasno – yagona milliy armiya sifatida tashkil etiladi.

Londonlik jurnalist va tahlilchi Manxal Barishning aytishicha, bu yechimlarning hech biri bu bosqichda amalga oshirilmaydi.

“Muvaqqat prezident qonunchilik kengashini tuzish huquqiga ham, vakolatiga ham ega emas. Bu qadamlar faqat saylangan ma’muriyat tomonidan amalga oshirilishi mumkin”, dedi u. 

Barish Suriyaning o‘tish davri hukumati hamda uning milliy va xalqaro aktorlar tomonidan ma’qullangan qarorlarini “hozirgi bosqichda legitimlik uchun imkoniyat berish” maqsadida yaxshi niyatlarining harakati sifatida ko‘radi.

Ozchiliklar rol o‘ynaganga o‘xshaydi

Xalqaro inqiroz guruhining Suriya bo‘yicha katta tahlilchisi Nanar Xavachning ma’lum qilishicha, Milliy muloqot konferensiyasini chaqirish taklifi juda muhim, biroq unda kimlar ishtirok etishi, a’zolar qanday saylanishi, saylovlar bo‘ladimi, degan asosiy savollar qolmoqda. Ayollar va ozchiliklarning huquqlarini himoya qilish haqida gap ketganda, Xavach ash-Sharaning “Suriya xilma-xilligini aks ettiruvchi inklyuziv o‘tish davri hukumati yo‘lida ishlash” haqidagi va’dasidan umid qiladi.

“Suriya muvaqqat hukumati Suriya jamiyatining murakkabligi va xilma-xilligini, Suriyaning barcha aholisiga o‘z qarashlarini yuklay olmasligini tushunadi", deydi u.

Xavach bu tushunchaning “qanchalik chuqur” ekani hali aniq emasligini qo‘shimcha qildi.

Suriyadagi iqtisodiy o‘zgarishlar

Suriyada yangi muvaqqat hukumatning e’lon qilinishi xalqaro miqyosda mamlakatni moliyaviy barqarorlashtirishga qaratilgan sa’y-harakatlarni tezlashtirdi. O‘tgan hafta Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar vazirlari Yevropa Ittifoqi va AQSHning 2011 yilda Suriyaga qo‘ygan keng qamrovli sanksiyalarining bir qismini bekor qildi. Shu paytgacha mamlakat global iqtisodiyotdan deyarli uzilib qolgan edi.

Bundan tashqari, 22 davlatdan iborat guruh, jumladan, AQSH, Qatar, Saudiya Arabistoni va Arab Ligasi Suriyaning yangi hukumatini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.

Ayni paytda, ash-Shara hamon AQSHning qidiruvdagi terrorchilar ro‘yxatida. “Hayat Tahrir ash-Shom” hamon BMT va AQSH tomonidan terrorchi tashkilot sifatida ko‘riladi, chunki guruh avvalroq ISHID va “Al-Qoida” bilan aloqador edi.

Suriyaning o‘zida ham og‘ir iqtisodiy vaziyatni yaxshilashga harakat qilinmoqda. Asad klani hukmronligi ostida 50 yil davomida Suriya davlat iqtisodiyoti qarindoshchilik va korrupsiyaga asoslangan edi.

“Biz korrupsiyani kutgandik, ammo bu darajada emas”, dedi Suriyaning yangi muvaqqat moliya vaziri Muhammad Abazid o‘tgan hafta “Reuters” agentligiga.

Uning so‘zlariga ko‘ra, davlatdan maosh oluvchi 1,3 million aholining atigi 900 ming nafari amalda ishga boradi. Shunga ko‘ra, yangi hokimiyatning navbatdagi qadami davlat sektorida band bo‘lganlarning uchdan bir qismini ishdan bo‘shatish bo‘ladi. Abazid, shuningdek, 100 dan ortiq zarar ko‘rayotgan davlat sanoat korxonalarini xususiylashtirish rejasini ham ma’lum qildi.

“Shuningdek, biz soliq tizimini soddalashtirish va investorlarning Suriyaga qaytishini rag‘batlantirish uchun to‘siqlarni olib tashlashga intilamiz”, deydi u.

Suriyada beqarorlik saqlanib qolmoqda

Iqtisodiy tiklanish kutilayotganiga qaramay, Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shara mamlakatni qayta tiklash oson ish bo‘lmasligini biladi.

“G‘oliblarning missiyasi og‘ir va ularning mas’uliyati juda katta”, degandi u birinchi nutqida.

Suriyadagi gumanitar vaziyat og‘irlashmoqda, BMTning Gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi (OCHA) ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili 16,7 million kishi gumanitar yordamga muhtoj bo‘lgan, bu inqiroz boshlangan 2011 yildan beri eng yuqori ko‘rsatkichdir.

O‘tgan haftada AQSH tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan kurdlarning Suriya demokratik kuchlari (SDF) va Turkiya tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan Suriya milliy armiyasi (SNA) o‘rtasida to‘qnashuvlar davom etayotgan Suriya shimoli-sharqida yana 25 ming kishi uylarini tashlab ketishga majbur bo‘ldi. Biroq, ash-Shara qarori bilan boshqa qurolli guruhlar bilan bir qatorda SNA rasman tarqatib yuborilganligi sababli, tomonlar muzokaraga kirishadimi yoki yo‘qmi, buni ko‘rish kerak.

BMTning Suriya bo‘yicha maxsus vakili Geyr Pedersonning so‘zlariga ko‘ra, Suriyaning yangi ma’muriyati BMT missiyasi maqsadlarini o‘zgartirmaydi.

“Birlashgan Millatlar Tashkiloti Kotibiyati hukumatlarni tan olish to‘g‘risidagi hujjatlar bilan shug‘ullanmaydi; bu hukumatlararo organlarning qarori”, dedi Pedersonning matbuot kotibi Jennifer Mari Vogan .

Uning so‘zlariga ko‘ra, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining 2254-rezolyutsiyasida belgilangan asosiy tamoyillarga, jumladan, o‘tish davri hukumatini shakllantirish, yangi konstitutsiyani ishlab chiqish, erkin va adolatli saylovlar o‘tkazishga muvofiq, Suriya xalqining qonuniy istaklariga javob beradigan, Suriya boshchiligidagi va Suriyaga tegishli siyosiy o‘tish jarayonini qo‘llab-quvvatlashda davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yil dekabrda Suriyada hokimiyatni egallagan Ahmad ash-Shara (Abu Muhammad al-Jo‘loniy) joriy yil 29 yanvar kuni mamlakatning o‘tish davridagi prezidenti deb e’lon qilingandi. 2 fevral kuni u Saudiya Arabistoniga ilk xorijiy tashrifini amalga oshirdi. Mazkur tashrif doirasida u Ar-Riyodda Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi va Bosh vaziri Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan uchrashdi. 3 fevral kuni u Makka shahrida Umra ziyoratini amalga oshirdi. Unga Ka’ba eshiklari ham ochib berildi. Ash-Sharaning 2-xorijiy safari Turkiyaga bo‘ldi. Ash-Shara muzokaralar chog‘ida hukm surgan ijobiy atmosfera uchun Erdo‘g‘anga  minnatdorlik bildirib, Turkiya Prezidentini eng qisqa vaqt ichida Suriyaga tashrif buyurishga taklif qildi. Ahmad ash-Shara endi Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning rasmiy taklifiga binoan yaqin haftalarda Parijga tashrif buyurishi kutilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Suriya Abu Muhammad al-Jo'loniy Ahmad ash-Shara

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing