Armanistonda davlat madhiyasi va gerbini o‘zgartirish taklif qilindi
Olam
−
30 yanvar
4260Armaniston parlamenti spikeri Alen Simonyan respublikaning davlat gerbi va madhiyasini o‘zgartirishni taklif qildi. Bu haqda u o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida ma’lum qildi.
“Menga ayonki, Armaniston Respublikasining madhiyasi ertami-kechmi o‘zgartirilishi, u armancha bo‘lishi, davlatimiz va arman musiqasiga aloqador bo‘lishi va madhiya qoidalariga rioya qilishi kerak. Men uni buyuk Aram Xachaturyanning musiqasi bilan almashtirish kerak, deb aytmayapman. Bu mening fikrimcha, ajoyib, misli ko‘rilmagan va imkon qadar milliy ohangda bo‘lishi, ammo chet elga xos tarannumni o‘zgartirish zarur", deb yozdi u.
Simonyan davlat gerbini o‘zgartirish masalasini ham muhokama qilish kerakligini qo‘shimcha qildi.
Spiker hozirgi gerbdagi sher tasviri Facebook'dagi kuluvchi smaylikka o‘xshashini, Armanistonni himoya qiladigan qilichni zanjirlab qo‘yilgan holda tasvirlanganini tanqid qilgan.
Qayd etish joizki, bu mamlakat rasmiylari tomonidan Armaniston madhiyasi va gerbini o‘zgartirish taklifi birinchi marta berilishi emas.
Bosh vazir Nikol Pashinyan avvalroq bir necha bor gerbdagi Ararat tog‘i Turkiya hududida joylashgani uchun “noto‘g‘ri kodlarni o‘z ichiga olgani”ga shama qilgan edi.
Arman muxolifati esa mamlakat rasmiylari Turkiya va Ozarbayjon iltimosiga ko‘ra madhiya va gerbni o‘zgartirishni xohlayotganini, biroq bunga jur’at eta olmayotganini da’vo qilmoqda. Shuningdek, muxolifat hukumatning yangi konstitutsiya qabul qilinishi haqidagi bayonotlari ham Turkiya-Ozarbayjon talablariga mos kelishiga ishonadi.
Pashinyanning tanqidchilariga ko‘ra, shu sababli hukumat Asosiy qonundan 1990 yilda qabul qilingan Armaniston Mustaqillik Deklaratsiyasiga havolani olib tashlashga harakat qilmoqda. Ushbu hujjatda Tog‘li Qorabog‘ning Armanistonga qo‘shilishi qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yil oxirida Qirg‘iziston davlat bayrog‘i rasman o‘zgartirilgan va shu oy boshida poytaxt Bishkekning bosh maydoni “Ala-Too”da Qirg‘izistonning yangi bayrog‘i tantanali ravishda ko‘tarilgandi.
LiveBarchasi