Armanistonga yangi konstitutsiya kerak – Pashinyan
Olam
−
19 yanvar
4281Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan respublikaga yangi konstitutsiya kerakligini aytdi. Bu haqda u Adliya vazirligi xodimlari bilan uchrashuvda so‘z ochdi.
“Adliya vaziri bilan bir-ikki ishchi suhbatlar chog‘ida, o‘zimning va bir qator hamkasblarimning fikriga ko‘ra, Armanistonga yangi konstitutsiya kerakligini qayd etdim. Bu kengroq muhokama mavzusi bo‘lishi uchun ushbu fikrni bildiraman, qonunlarni tuzatish emas, balki yangilash kerak. Armaniston Respublikasi ovoz berish natijalariga ko‘ra, xalq tomonidan qabul qilingan konstitutsiyaga ega bo‘lishi va bu shubha uyg‘otmasligi kerak. Bu ham qonuniylik bilan bog‘liq muhim aksentdir”, deydi Pashinyan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Armaniston “yangi geosiyosiy va mintaqaviy sharoitlarda yanada raqobatbardosh va hayotiy” qomusga ega bo‘lishi kerak. Pashinyan atrofdagi dunyo juda yuqori tezlikda o‘zgarayotgani, shuning uchun Armaniston o‘z xavfsizligini ta’minlash yo‘llarini qidirishi joizligiga to‘xtalgan. Uning qo‘shimcha qilishicha, kelajakka strategik qarash Armaniston “suveren, huquqiy, demokratik va ijtimoiy davlat” bo‘lishi kerakligini bildiradi.
Pashinyan Armanistonning xalqaro tan olingan hududi va chegaralarini belgilash zarurligini ham qo‘shimcha qilgan. Bosh vazir, shuningdek, Konstitutsiyaviy sudning mamlakat xavfsizligini ta’minlashdagi rolini ta’kidladi. U amaldagi parlament boshqaruvi shaklini Armaniston uchun eng mos, deb bilishini urg‘uladi.
Biroq Pashinyan yangi konstitutsiyani ishlab chiqish va unga o‘tish uchun hech qanday muddat ko‘rsatmagan.
LiveBarchasi