Armaniston Tog‘li Qorabog‘ mustaqilligini tan olish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda
Olam
−
30 Sentabr 2020
15530Mavjud harbiy vaziyat bilan bog‘liq holda, Armaniston hukumati Tog‘li Qorabog‘ mustaqilligini tan olish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu orqali Yerevan mintaqada uzoq muddatli barqarorlikni o‘rnatishni maqsad qilgan. Bu haqda Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan bugun, 30 sentyabr kuni rus ommaviy axborot vositalari bilan o‘tkazilgan matbuot anjumani paytida aytib o‘tdi.
Bosh vazir Armanistonning maqsadi mintaqada uzoq muddatli tinchlikni o‘rnatish ekanligini qo‘shimcha qildi. "Bizning maqsadimiz – mintaqada uzoq muddatli tinchlik va barqarorlikni o‘rnatish. Biz bu vaziyat ikki-uch yildan keyin yana takrorlanishini istamaymiz (Tog‘li Qorabog‘ mojarosi mintaqasidagi harbiy harakatlar – tahr.). Ammo Armaniston hech qachon o‘zining milliy manfaatlari va Tog‘li Qorabog‘ manfaatlariga ziyon yetkazmaydi”, deydi u. Avvalroq, Armanistonning Moskvadagi elchisi Vardan Tog‘anyan Armaniston Tog‘li Qorabog‘ning "xavfsizlik kafolati" ekanligini ta’kidlagan edi.
Pashinyanning so‘zlariga ko‘ra, Armaniston o‘z xavfsizligini Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti ishtirokida yoki usiz ham ta’minlaydi.
“KXSHT ishtiroki bo‘yicha munozara – siyosiy masala. Biz tashkilotdagi sheriklarimiz bilan yaqindan hamkorlik qilamiz, mavjud vaziyat to‘g‘risida xabar beramiz. Biroq, Armaniston KXSHT ishtirokida yoki ishtirokisiz o‘z xavfsizligini himoya qilishga tayyor", dedi u.
KXSHTga ko‘ra mojaroning kuchayishi munosabati bilan Armaniston ushbu tashkilotga hali murojaat qilmagan. Tashkilot muammo tinch yo‘l bilan hal etilishi tarafdori.
Pashinyan, shuningdek, Armaniston 9 oktyabr kuni Yerevanda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi Hukumatlararo kengashining majlisini o‘tkazishga tayyorligini aytdi.
Rasmiy Bakuga ko‘ra, Armaniston Qurolli Kuchlari kecha, 27 sentyabr kuni soat 06:00 dan boshlab Ozarbayjonga qarshi keng ko‘lamli provokatsiyalarni amalga oshirdi, butun front bo‘ylab Ozarbayjon armiyasining pozitsiyalarini, shuningdek, oldingi chiziq zonasida joylashgan aholi punktlarini o‘qqa tutdi. Unda mingga yaqin harbiylar va tinch aholi vakillari halok bo‘lgan.
Armaniston hujum Ozarbayjon qurolli kuchlari tomonidan boshlanganini aytmoqda. Ozarbayjon esa qurolli to‘qnashuvga nisbatan javob hujumlari boshlaganini rasman e’lon qilib, Armaniston chegarasidagi tinch aholi vakillarini chegara hududlaridan chetga chiqishlarini so‘radi.
Holat bo‘yicha Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev xalqqa murojaat bilan chiqib, to‘qnashuv Ozarbayjonning provokatsiyasi emasligini aytdi.
Nikol Pashinyan esa mamlakatda harbiy holat va umumiy safarbarlik e’lon qildi. Buning ortidan Ilhom Aliyev mamlakatda harbiy holat va komendantlik soati e’lon qilish haqidagi farmonga imzo chekdi. Shuningdek, Aliyev 28 sentyabr kuni qisman safarbarlik e’lon qilish haqidagi hujjatni imzoladi.
Ayni vaqtda aksariyat mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar ikki tarafdan o‘t ochishni zudlik bilan to‘xtatib, muzokaralar stoliga qaytishni so‘ramoqda.
LiveBarchasi