Armaniston Ozarbayjonning Barda shahri va Terter tumaniga hujum qildi. Qo‘plab qurbonlar bor
Olam
−
28 Oktabr 2020
13019Ozarbayjon Armaniston Qurolli kuchlari mamlakatning Barda shahri va Terter tumaniga hujum qilganini xabar qildi. Hujum natijasida birgina Bardada 21 nafar tinch aholi vakili halok bo‘lgan.
“Dushman qurolli tuzilmalarining Barda shahriga hujumi natijasida 21 kishi halok bo‘ldi, 70 ga yaqin odam jarohat oldi va fuqarolik infratuzilmalariga katta zarar yetdi”, deyiladi Ozarbayjon Bosh prokuraturasi xabarida.
Armaniston kuchlarining Terter tumaniga hujumi natijasida hech kim jarohatlanmagan.
O‘z navbatida, Armaniston Mudofaa vazirligi Ozarbayjon Bosh prokuraturasining qurolli hujum bilan bog‘liq ayblovlarini rad etmoqda.
Rasmiy Bakuga ko‘ra, Armaniston Qurolli Kuchlari joriy yilning 27 sentyabr kuni soat 06:00 dan boshlab Ozarbayjonga qarshi keng ko‘lamli provokatsiyalarni amalga oshirdi, butun front bo‘ylab Ozarbayjon armiyasining pozitsiyalarini, shuningdek, oldingi chiziq zonasida joylashgan aholi punktlarini o‘qqa tutdi.
Armaniston hujum Ozarbayjon qurolli kuchlari tomonidan boshlanganini aytmoqda. Ozarbayjon esa qurolli to‘qnashuvga nisbatan javob hujumlari boshlaganini rasman e’lon qilib, Armaniston chegarasidagi tinch aholi vakillarini chegara hududlaridan chetga chiqishlarini so‘radi.
Holat bo‘yicha Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev xalqqa murojaat bilan chiqib, to‘qnashuv Ozarbayjonning provokatsiyasi emasligini aytdi.
Nikol Pashinyan esa mamlakatda harbiy holat va umumiy safarbarlik e’lon qildi. Buning ortidan Ilhom Aliyev mamlakatda harbiy holat va komendantlik soati e’lon qilish haqidagi farmonga imzo chekdi. Shuningdek, Aliyev 28 sentyabr kuni qisman safarbarlik e’lon qilish haqidagi hujjatni imzoladi.
Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida keskinlik avj olgandan keyin Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ikki mamlakat Tashqi ishlar vazirlari bilan telefon orqali muloqot qilib, ularni muzokaralar stoliga qaytishga chaqirgan edi. Prezident Vladimir Putin esa Nikol Pashinyan bilan muloqot qilib, masalani tinch yo‘l bilan hal etishni tavsiya qildi. Bu orada Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev asosiy kuch va dastakni Turkiya Respublikasidan olayotgani ma’lum bo‘ldi. Shu kuni Turkiya va Ozarbayjon Prezidentlari telefon orqali muloqot qildilar va Erdo‘g‘an turk xalqi va davlati Ozarbayjonni bor imkoniyati bilan qo‘llab-quvvatlashini eslatdi.
Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi Tog‘li Qorabog‘ mojaroli zonasidagi vaziyat ko‘p jihatdan Rossiyaga bog‘liq. Rossiya Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zosi, shuningdek Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Minsk guruhining hamraisi. 1 oktyabr kuni guruh hamraislari – AQSH, Rossiya va Fransiya Tog‘li Qorabog‘ masalasida qo‘shma bayonot e’lon qildilar.
LiveBarchasi