Armaniston Ozarbayjoning Ganja shahriga raketa uchirdi. Ko‘plab qurbon va jarohatlanganlar bor

Olam

image

Avvalroq, Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida Tog‘li Qorabog‘da 10 oktyabr soat 12:00 dan etiboran o‘q otishni to‘xtatishga kelishganiga qaramay, o‘zaro hujumlar davom etayotgani haqida xabar bergan edik.

Bu borada Ozarbayjonning Bakudan keyingi eng Ganja shahriga amalga oshirilgan raketa hujumi aniq misol bo‘la oladi. Tog‘li Qorabog‘dagi harbiy harakatlar davom etayotgan hududdan 20 kilometr uzoqlikda joylashgan shaharga sulh kuchga kirganidan 14 soat o‘tib, 11 oktyabr soat 2:00 da raketa hujumi uyushtirilgan.

Armaniston Harbiy havo kuchlarining raketa zarbasi natijasida shaharning turar-joy dahasida butun bir ko‘cha vayron bo‘lgan. Hujum natijasida 9 kishi halok bo‘lgan va 40 kishi turli og‘irlikda jarohatlangan. Ko‘plab turar-joy binolariga zarar yetgan.

Ozarbayjoning rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, shaharga “Tochka U” raketasi bilan hujum qilingan.

Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning ta’kidlashicha, Ganjaga raketadan hujum qilish to‘g‘risidagi buyruqni shaxsan Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan bergan.

“Ganjaga raketa hujumi uyushtirilishiga Armanistonning harbiy-siyosiy rahbariyati aybdor. Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, bu qaror shaxsan Pashinyan tomonidan qabulq ilingan”, degan Prezident Turkiyaning “Haber Global” telekanaliga bergan intervyusida.

Eslatib o‘tamiz, Ozarbayjon va Armaniston Rossiya vositachiligida Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatishga kelishgandi. Sulh asirlar va jasadlarni almashish maqsadida tuzilgandi.

Rasmiy Bakuga ko‘ra, Armaniston Qurolli Kuchlari joriy yilning 27 sentyabr kuni soat 06:00 dan boshlab Ozarbayjonga qarshi keng ko‘lamli provokatsiyalarni amalga oshirdi, butun front bo‘ylab Ozarbayjon armiyasining pozitsiyalarini, shuningdek, oldingi chiziq zonasida joylashgan aholi punktlarini o‘qqa tutdi.

Armaniston hujum Ozarbayjon qurolli kuchlari tomonidan boshlanganini aytmoqda. Ozarbayjon esa qurolli to‘qnashuvga nisbatan javob hujumlari boshlaganini rasman e’lon qilib, Armaniston chegarasidagi tinch aholi vakillarini chegara hududlaridan chetga chiqishlarini so‘radi.

Holat bo‘yicha Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev xalqqa murojaat bilan chiqib, to‘qnashuv Ozarbayjonning provokatsiyasi emasligini aytdi.

Nikol Pashinyan esa mamlakatda harbiy holat va umumiy safarbarlik e’lon qildi.  Buning ortidan Ilhom Aliyev mamlakatda harbiy holat va komendantlik soati e’lon qilish haqidagi farmonga imzo chekdi. Shuningdek, Aliyev 28 sentyabr kuni qisman safarbarlik e’lon qilish haqidagi hujjatni imzoladi

Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida keskinlik avj olgandan keyin Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ikki mamlakat Tashqi ishlar vazirlari bilan telefon orqali muloqot qilib, ularni muzokaralar stoliga qaytishga chaqirgan edi. Prezident Vladimir Putin esa Nikol Pashinyan bilan muloqot qilib, masalani tinch yo‘l bilan hal etishni tavsiya qildi. Bu orada Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev asosiy kuch va dastakni Turkiya Respublikasidan olayotgani ma’lum bo‘ldi. Shu kuni Turkiya va Ozarbayjon Prezidentlari telefon orqali muloqot qildilar va Erdo‘g‘an turk xalqi va davlati Ozarbayjonni bor imkoniyati bilan qo‘llab-quvvatlashini eslatdi

Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi Tog‘li Qorabog‘ mojaroli zonasidagi vaziyat ko‘p jihatdan Rossiyaga bog‘liq. Rossiya Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zosi, shuningdek Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Minsk guruhining hamraisi. 1 oktyabr kuni guruh hamraislari – AQSH, Rossiya va Fransiya Tog‘li Qorabog‘ masalasida qo‘shma bayonot e’lon qildilar


Maqola muallifi

Teglar

Qorabog' to'qnashuvi

Baholaganlar

458

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing