Armaniston Ozarbayjon bilan tinchlik muzokarasi imzolashga tayyorligini bildirdi
Olam
−
04 aprel 2022
4677Armaniston yana bir bor Ozarbayjon bilan tinchlik shartnomasini imzolashga tayyorligini tasdiqladi. Bu haqda Armaniston Tashqi ishlar vaziri Ararat Mirzoyan kecha, 3 aprel kuni Italiya TIV rahbari Luiji Di Mayo bilan bo‘lib o‘tgan qo‘shma brifingda ma’lum qildi.
“Bugun biz mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikka oid masalalarni muhokama qildik. Men Ozarbayjonning Qorabog‘da etnik tozalashga qaratilgan siyosati, Ozarbayjon qurolli kuchlarining Parux qishlog‘iga kirib kelishi (ozarbayjoncha nomi – Farrux), o‘t ochishni to‘xtatish rejimini buzishi ortidan Arsaxda gumanitar inqirozni yuzaga keltiruvchi qadamlar sabab yuzaga kelgan vaziyatni tushuntirdim”, degan u.
Mirzoyanning so‘zlariga ko‘ra, Armaniston Ozarbayjon bilan tinchlik shartnomasini imzolashga tayyorligini yana bir bor tasdiqlaydi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 26 mart kuni Rossiya Mudofaa vazirligi Ozarbayjon qo‘shinlari Qorabog‘dagi Rossiya tinchlikparvar kontingenti javobgarlik zonasiga kirgani haqida bayonot berdi. Yakshanba kuni kechqurun Rossiya Mudofaa vazirligi Baku qo‘shinlarini Qorabog‘ning Farux (Farrux) aholi punktidan olib chiqqani haqida ma’lum qildi.
Biroq Ozarbayjon Mudofaa vazirligi uch tomonlama kelishuv shartlarini buzganini rad etdi. Shuningdek, Farrux qishlog‘idan qo‘shinlar chiqarilganini ham inkor etdi.
Bu orada tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasida harbiy holat e’lon qilindi.
Qorabog‘ urushi
Ozarbayjon va Armaniston 2020 yil aynan Qorabog‘ hududi masalasida o‘zaro hisob-kitob qilib olishdi. Ikkinchi Qorabog‘ urushi yoki “Vatan muhorabasi” nomi bilan tarixga kirgan harbiy to‘qnashuvlar 2020 yilning 27 sentyabr kuni boshlanib, 44 kun davom etdi. 2020 yilning 9 noyabridan 10-siga o‘tar tunda “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida”gi bayonot imzolandi. Shunisi aniqki, urush yakunlariga ko‘ra, Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi.
Harbiy salohiyati bo‘yicha dunyoda 11-o‘rinda turuvchi Turkiya Qorabog‘ urushida faol tarzda Ozarbayjonni ham ruhiy, ham siyosiy, ham harbiy jihatdan qo‘lladi. Aslida, Turkiya Birinchi Qorabog‘ urushidan beri Ozarbayjonni qo‘llab keladi. 2010 yilda ikki davlat harbiy hamkorlik borasida strategik sheriklikka erishgach, ushbu qo‘llov amaliy ko‘rinish kasb eta boshladi. Shundan so‘ng, Turkiya Ozarbayjon Qurolli Kuchlari uchun zobitlar tayyorlab, ushbu davlatga qurol eksport qilish bo‘yicha Rossiya va Isroildan so‘ng uchinchi o‘ringa chiqdi. Ayniqsa, o‘tgan 2020 yilda qurol eksporti 6 barobarga ortib ketdi. Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuvlar oldidan esa bu ikki davlat o‘zaro harbiy dala o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Mashg‘ulotlar yakunida Turkiya Ozarbayjonda 2 ta F-16 qiruvchi samolyotini ham qoldirgani aytiladi. Turkiyada ishlab chiqarilgan Bayraktar uchuvchisiz harbiy apparatlarining ham Ozarbayjon g‘alabasini ta’minlashdagi o‘rni yuqori bo‘ldi.
LiveBarchasi