Armaniston sobiq rahbarlarining barchasi harbiy jinoyatchilar – Aliyev

Olam

−

image

Qorabog‘dagi urush uchun barcha aybni Armanistonning avvalgi rahbariyati zimmasiga yuklab bo‘lmaydi, biroq mamlakat sobiq rahbarlarining barchasi harbiy jinoyatchilar va munosib jazolarini olishlari kerak. Bu haqda bugun, 2 oktyabr kuni Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev “Yangi Ozarbayjon” partiyasining VIII qurultoyida so‘z ochdi.

Aliyev o‘z chiqishi chog‘ida Armanistonning avvalgi rahbariyati haqida fikr bildirgan.

“Barcha aybni faqatgina Armanistonning avvalgi rahbariyati zimmasiga yuklab bo‘lmaydi. To‘g‘ri, Armanistonning sobiq rahbarlari – ularning barchasi harbiy jinoyatchilardir va munosib jazolarini olishlari kerak.

Armanistonning amaldagi hokimiyati ham bizga nisbatan hududiy da’volar bilan chiqqan, ozarbayjon xalqini haqorat qilishga uringan, o‘zining o‘rinsiz va beodob bayonotlari bilan Ozarbayjon xalqining sha’nini toptagan”, deydi minbardan Aliyev.

Shuningdek, u Ozarbayjon aholisi “buni hech qachon unutmasligi kerakligini” aytgan.

Hukmron “Yangi Ozarbayjon” partiyasining VIII qurultoyi Ozarbayjon o‘z hududiy yaxlitligi va suverenitetini to‘liq tiklaganidan so‘ng ilk bor bo‘lib o‘tmoqda. Aliyev partiyaning o‘tgan qurultoyi mutlaqo boshqacha sharoitda bo‘lganini eslagan.

“Axir shonli G‘alabamizdan beri atigi bir necha oy o‘tgan edi va butun dunyo bu haqda gapirayotgan edi. Ozarbayjon mustaqil ravishda va yagona o‘zi nafaqat okkupatsiyaga chek qo‘ydi, balki mintaqada yangi voqelikni shakllantirdi. O‘shandan beri – Ikkinchi Qorabog‘ urushidagi G‘alabamiz davridan beri ushbu voqeliklar butun xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olindi”, deydi prezident.

Qorabog‘dagi urush

Sovet Ittifoqi parchalanganidan va 1992–1994 yillarda Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi qurolli mojarodan so‘ng sobiq Tog‘li Qorabog‘ muxtor viloyati va Ozarbayjon Respublikasining uning atrofidagi yettita ma’muriy tumani arman okkupatsion kuchlari va ayirmachilari nazorati ostida qolgan edi.

2020 yilning sentyabrida Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi qurolli mojaro qayta boshlandi. 2020 yil 10 noyabrga o‘tar kechasi Rossiya Federatsiyasi vositachiligida urushayotgan tomonlar o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib oldi. Ozarbayjon tomoni sobiq muxtor viloyat atrofidagi barcha okkupatsiya qilingan tumanlar, shuningdek, sobiq Hadrut tumani, Xo‘javand, Xo‘jali va Tartar tumanlarining bir qismi va Shusha shahri ustidan to‘liq nazoratni tikladi. Mintaqada Rossiya tinchlikparvar kuchlari joylashtirildi. Okkupatsiyadan ozod qilingan Ozarbayjon tumanlari hududida Qorabog‘ va Sharqiy Zangezur iqtisodiy rayonlari tashkil etildi.

Ozarbayjon Mudofaa vazirligi 2023 yil 19 sentyabrda fitnalarning oldini olish, noqonuniy qurolli tuzilmalarni qurolsizlantirish va tarqatib yuborish, Armaniston Qurolli kuchlarini Ozarbayjon hududidan to‘liq olib chiqib ketish va konstitutsiyaviy tartibni tiklash uchun Qorabog‘da mahalliy aksilterror tadbirlarini boshladi. 20 sentyabr kuni Qorabog‘ning arman aholisi murojaatidan so‘ng, Rossiya tinchlikparvar kuchlari vositachiligida qurollarni topshirish, Armaniston Qurolli kuchlari tuzilmalarini Ozarbayjon hududidan olib chiqib ketish hamda noqonuniy qurolli tuzilmalarni to‘liq qurolsizlantirish va tarqatib yuborish sharti bilan mahalliy aksilterror tadbirlari to‘xtatildi. 2023 yil 24 sentyabrdan oy oxirigacha Ozarbayjon tarkibiga reintegratsiyalashuv shartlarini qabul qilishni xohlamagan Qorabog‘ning arman aholisi mintaqani tark etdi va Armanistonga chiqib ketdi.

Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan 2025 yil 8 avgustda Vashingtonda ikki mamlakat Tashqi ishlar vazirlari tomonidan tinchlik bitimini parafirovka qilish (dastlabki imzolash) va davlatlararo munosabatlarni qayta tiklash to‘g‘risidagi deklaratsiyani qabul qildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ilhom Aliyev Bishkekda bo‘lib o‘tgan “SHHT plyus” sammitida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Armaniston bilan nizoni hal qilishda hech qanday rol o‘ynamaganini aytgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing