“Arqadag‘” turkiy tilli davlatlarga bir qancha taklif bildirdi

Olam

image

Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov turkiy tilli davlatlarni jahon hamjamiyati oldida turgan muammolarni hal qilishda kelishilgan yondashuvlarni ishlab chiqishga chaqirdi. Bu haqda Turkmaniston rahbari Istanbulda bo‘lib o‘tgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining VIII sammitida so‘zlagan nutqida aytib o‘tgan.  

“Men qardosh xalqlar va davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashni, jahon hamjamiyatida ro‘y berayotgan noaniq jarayonlar va jiddiy o‘zgarishlar nuqtai nazaridan ayniqsa muhim bo‘lgan muammolarni hal qilishga kelishilgan holda yondashishni taklif qilaman”, degan Berdimuhamedov. 

Uning fikricha, turkiy tilli davlatlarning nufuzi va strategik siyosiy-diplomatik kon’yunkturasi bilan belgilanadigan izchilligi hamda faolligi xalqaro va mintaqaviy jarayonlarda, eng avvalo, Markaziy Osiyoda, Kaspiy va Qora dengizlarda, Janubiy Kavkazda, O‘rta va Yaqin Sharqda barqaror rivojlanishni ta’minlashda muhim rol o‘ynashi mumkin. 

Turkmaniston rahbari hozirgi sharoitda turkiy davlatlarning BMT, Islom hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro hamda mintaqaviy tuzilmalar doirasidagi o‘zaro hamkorligini kengaytirish zarurligini ta’kidlagan. 

“Shu munosabat bilan biz turkiy tilli davlatlar ittifoqining BMT faoliyatida yanada faol va samarali ishtirok etishi strategiyasini ishlab chiqishga kirishishni maqsadga muvofiq deb bilamiz”, degan Berdimuhamedov. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu taklif bo‘yicha konsensusga erishilgan taqdirda, yaqin vaqt ichida BMT Bosh Assambleyasida dastlabki diplomatik protsedurani boshlash, so‘ngra tegishli rezolyutsiyaning umumiy loyihasini ishlab chiqish mumkin. 

“Bu turkiy tilli davlatlar va BMT o‘rtasida tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha konstruktiv hamda yagona pozitsiyani xalqaro hamjamiyat tomonidan tushunish va qo‘llab-quvvatlashga erishish imkonini beradi”, degan Turkmaniston Prezidenti. 

Eslatib o‘tamiz, kecha, 12 noyabr kuni Istanbul yaqinidagi “Demokratiya va erkinlik” orolida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining VIII sammiti bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etdi. 


Maqola muallifi

Teglar

Berdimuhamedov

Baholaganlar

171

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing