Berdimuhamedov Erdo‘g‘anga unvon berdi

Olam

image

Bugun, 26 fevral kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an 70 yoshni qarshiladi. Shu munosabat bilan Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov Erdo‘g‘anga “Turkmaniston faxriy oqsoqoli” unvonini berishga qaror qildi. Bu haqda “Neytralniy Turkmenistan” gazetasi xabar berdi.

“Turkman xalqiga ko‘p asrlik yaxshi qo‘shnichilik va keksa avlod vakillarini hurmat qilish an’analariga amal qilib, Turkmaniston-Turkiya munosabatlarini rivojlantirishga qo‘shgan ulkan shaxsiy hissangizni, xalqlarimiz hamjihatligi yo‘lidagi xizmatlaringizni yuksak qadrlagan holda, 70 yillik yubileyingiz munosabati bilan sizga Turkmanistonning “Hormatly il ýaşulusy” (“Turkmaniston faxriy oqsoqoli”) faxriy unvonini berishga qaror qilindi”, deyiladi Berdimuhamedovning Erdo‘g‘anga yo‘llagan tabrik maktubida. 

Berdimuhamedovning yozishicha, mamlakat tashqi siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri Turkiya bilan turli sohalarda strategik va uzoq muddatli munosabatlarni izchil rivojlantirish va mustahkamlashdan iborat. Turkmaniston Prezidenti, shuningdek, ikki davlat xalqaro tashkilotlar, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Turkiy Davlatlar Tashkiloti doirasidagi muvaffaqiyatli hamkorlikni ham qayd etdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Turkiya Turkmanistonning eng yirik tashqi savdo sheriklaridan biri bo‘lib, mamlakatda iqtisodiy loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etayotgan ko‘plab turk kompaniyalari Turkmaniston iqtisodiyotini diversifikatsiya qilish va ijtimoiy loyihalarni amalga oshirishga hissa qo‘shmoqda.

Berdimuhamedov butun turkman xalqi nomidan Erdo‘g‘anni samimiy tabriklab, mustahkam sog‘lik, baxt va oilaviy totuvlik, Turkiya Respublikasi xalqiga esa tinchlik, yanada taraqqiyot va farovonlik tilagan.

Ma’lumot uchun, Rajab Toyib Erdo‘g‘an 1954 yil 26 fevralda Istanbulning Beyo‘g‘lu tumanidagi Qosimpasha mahallasida qirg‘oq qo‘riqlash xodimi oilasida tug‘ilgan. U 2014 yil 28 avgustdan beri Turkiyaning amaldagi Prezidenti sanaladi. Bungacha Erdo‘g‘an 2003-2014 yillarda Turkiya Bosh vaziri, 1994-1998 yillarda Istanbul meri lavozimlarida ishlagan. U iqtidordagi “Adolat va taraqqiyot” partiyasining asoschisi hisoblanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Erdo'g'an Berdimuhamedov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing