“Arqadag‘”ning muxoliflari ham Prezident saylovida qatnashmoqchi

Olam

image

Turkmanistonda prezidentlikka nomzodlarni ro‘yxatga olish davom etmoqda. Davlat axborot agentligi xabariga ko‘ra, kecha, 16 fevral kuni Markaziy saylov komissiyasi Agrar partiyadan ko‘rsatilgan Mari viloyati hokimi o‘rinbosari Og‘ajon Bekmirodov nomzodini ro‘yxatga olgan.

"Xronika Turkmenistan" nashriga ko‘ra, turkman muxolifatining xorijdagi vakillari ham Turkmanistondagi prezidentlik saylovlarida qatnashish istagi borligini ma’lum qildi.

Turkmanistonda taniqli otchi, sobiq siyosiy mahkum Geldi Kyarizov muqobil saylovlar va elektron ovoz berishni o‘tkazish niyati borligini ma’lum qildi. Ayni paytda u “Turkmaniston fuqarolarining huquq va erkinliklari” inson huquqlari tashkiloti a’zosi.

Ovoz berish qanday o‘tkazilishi rejalashtirilgani hozircha aniq emas.

“Biz hozir saylovchilarimiz xavfsizligini ta’minlash uchun xavfsiz dasturni topish ustida ishlayapmiz”, degan Kyarizov bayonotida.

Qayd etilishicha, “Turkmaniston demokratik saylovi” muxolifat harakati rahbari Murod Qurbonov ham saylovda ishtirok etish niyatida. U Telegram, IMO, WhatsApp messenjerlarida, shuningdek, YouTube va Facebook ijtimoiy tarmoqlarida muqobil ovoz berishni o‘tkazish rejalari haqida gapirgan.

Qurbonovning fikricha, bu harakat Turkmanistonda o‘tkazilgan saylovlarning noqonuniyligini ko‘rsatishi kerak.

Konstitutsiyaga ko‘ra, saylovda Turkmanistonning so‘nggi 15 yil davomida mamlakatda doimiy yashab, ishlagan fuqarolarigina qatnashishi mumkin. Bu qoida muqobil muxolifat nomzodlariga prezidentlik uchun ariza berish imkoniyatini cheklaydi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 11 fevral kuni Ashxobodda Turkmaniston parlamentining yuqori palatasining navbatdan tashqari yig‘ilishida qatnashgan Prezident Gurbanguli Berdimuhamedov endilikda Xalq maslahati raisi sifatida siyosiy tajribasini mamlakat taraqqiyotiga sarflash, o‘z o‘rnini yosh kadrlarga topshirish niyatida ekanini aytgandi. 

Kecha, 14 fevral kuni Turkmanistonda prezidentlik saylovi bo‘yicha saylov kampaniyasi boshlandi, uning birinchi bosqichi nomzodlarni ko‘rsatish bo‘ladi. Nomzodlar siyosiy partiyalar yoki fuqarolar guruhlari tomonidan ko‘rsatilishi mumkin. Mamlakatda uchta partiya bor: Demokratik partiya, Agrar partiya va Turkmaniston sanoatchilar va tadbirkorlar partiyasi.

Mamlakat Konstitutsiyasiga muvofiq prezidentlikka nomzodlar 40 yoshga to‘lgan, shu mamlakatda tug‘ilgan va unda so‘nggi 15 yil davomida doimiy yashayotgan va ishlagan fuqarosi bo‘lishi kerak. U yetti yilga saylanadi.

Sardor Berdimuhamedov 2021 yil fevralidan beri Turkmaniston Bosh vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi. Shuningdek, u Axalteke yilqichilik xalqaro uyushmasi va “Turkman Alabay” xalqaro uyushmasiga rahbarlik qiladi.

Sardor otasining lavozimi uchun o‘z nomzodini qo‘ydi va hozirda oliy mansabga asosiy da’vogar hisoblanadi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Turkmanistonda o‘qituvchilar maktablarda Sardorning yutuqlari haqida gapirishga majburlanayotgani aytilmoqda.

Ma’lumot uchun, Turkmanistonni 2007 yildan beri asli kasbi shifokor bo‘lgan Gurbanguli Berdimuhamedov boshqarib kelmoqda. U bir vaqtning o‘zida Vazirlar Mahkamasi raisi, Parlament yuqori palatasi raisi va Oliy bosh qo‘mondon hisoblanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Turkmaniston

Baholaganlar

88

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing