“Arqadag‘”ning AQSHga omadsiz safari ortidan diplomatlar ishdan haydaldi

Olam

image

Turkman xalqining milliy yetakchisi, Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning joriy yil 16 fevraldagi AQSHga tashrifidan so‘ng mamlakatning qator diplomatlari lavozimidan bo‘shatildi. Bu haqda “Xronika Turkmenistana” xabar berdi.

Manbalarga ko‘ra, Berdimuhamedov “Tinchlik kengashi”ning birinchi yig‘ilishida ishtirok etishni rejalashtirgan. Biroq Turkmaniston bu kengashga ham, uning yig‘ilishiga ham taklif etilmagan.

Kengashga kirish uchun 1 mlrd AQSH dollari miqdorida mablag‘ kiritish yoki shu qiymatda AQSH kompaniyalaridan tovar yoki xizmatlar sotib olish talab qilingan. Turkmaniston esa AQSH kompaniyalariga ikki dona golf maydoni qurishni taklif etgan. Bunday maydonning maksimal narxi taxminan 25 mln AQSH dollarini tashkil etadi.

Asosiy umid turkman diplomatlari joyida AQSH tomoniga bir qator siyosiy masalalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni taklif qilishida bo‘lgan. Biroq diplomatik harakatlar kutilgan natijani bermagan va Berdimuhamedovning “Tinchlik kengashi” yig‘ilishida ishtirokini ta’minlashga muvaffaq bo‘linmagan. Shu bois u 16-18 fevral kunlari AQSHda bo‘lib, natijasiz ortga qaytgan.

Ma’lum bo‘lishicha, u Florida shtatida bo‘lgan, ammo TIV uning aniq joylashuvini yashirgan. Rasmiy xabarda faqat do‘stona davlatning xalqaro aeroportida iliq kutib olingani va tashrifni yakunlab, shu yerdan ortga jo‘nab ketgani qayd etilgan.

Mazkur voqealar fonida joriy yilning 6 mart kuni Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov AQSHdagi elchi Marat O‘rozov va BMTdagi doimiy vakil Oqsulton Otayevani lavozimidan ozod etish haqida farmon imzolagan. O‘rozov 25 yil, Otayeva esa 32 yil davomida bu lavozimlarda ishlagan va shu vaqtgacha ularga nisbatan jiddiy e’tirozlar bildirilmagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ushbu safar davomida Gurbanguli Berdimuhamedov samolyotining gorizontal stabilizatori shikastlangani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Gurbanguli Berdimuhamedov “Tinchlik kengashi” omadsiz safar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing