“Arqadag‘” ham Mirziyoyevni tabrikladi
Jamiyat
−
24 iyul 3081 3 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 24 iyul kuni Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Turkmaniston milliy yetakchisi davlat rahbarini tavallud kuni bilan samimiy muborakbod etib, mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va katta muvaffaqiyatlar, birodar O‘zbekiston xalqiga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tilagan.
Shuningdek, joriy yil aprel oyida Samarqand shahrida o‘tgan oliy darajadagi uchrashuvda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston-Turkmaniston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqilgan.
Shu bilan birga, o‘zaro tovar ayirboshlash jadal ortib, korxonalar va ishbilarmonlar darajasida kooperatsiya aloqalari chuqurlashib borayotgani, faol madaniy-gumanitar almashinuv davom etayotgani mamnuniyat bilan qayd etilgan.
Bundan tashqari, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar, shu jumladan BMTning Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasi va Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan fikr almashilgan.
Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovning ma’lum qilishicha, Shavkat Mirziyoyevning tavallud kuni munosabati bilan xorijiy davlatlar, hukumatlar, parlamentlar, nufuzli xalqaro tashkilotlar, yetakchi xorijiy kompaniyalar rahbarlari, taniqli jamoat, din va sport arboblari, O‘zbekistonning barcha hududlari va xorijdagi o‘zbekistonlikdan qutlovlar kelmoqda. Maktublarda O‘zbekiston Prezidenti rahbarligida aholi farovonligini oshirish, mamlakat barqarorligi va izchil taraqqiyotini ta’minlash, uning xalqaro nufuzini mustahkamlashga qaratilgan ortga qaytmas siyosiy islohotlar va ijtimoiy-iqtisodiy yangilanishlar dasturini samarali amalga oshirish borasida erishilgan yuksak natijalar qayd etilgan.
“Prezidentimizga mustahkam sog‘lik va mas’uliyatli davlatchilik faoliyatida yangi muvaffaqiyatlar, O‘zbekistonning ko‘p millatli xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tilaklari izhor etilgan.
Shuningdek, bugun davlatimiz rahbarining ko‘plab mamlakatlar yetakchilari bilan telefon orqali muloqotlari rejalashtirilgan”, deydi Asadov.
Ma’lumot uchun, bugun, 24 iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 68 yoshga to‘ldi. Shavkat Miromonovich Mirziyoyev 1957 yil 24 iyulda Jizzax viloyatining Zomin tumanida shifokor oilasida tug‘ilgan. Millati – o‘zbek. Oliy ma’lumotli, 1981 yili Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutini tugatgan. Muhandis-mexanik mutaxassisligiga ega. Texnika fanlari nomzodi, dotsent.
Mehnat faoliyatini 1981 yilda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida boshlab, kichik ilmiy xodim, katta o‘qituvchi, dotsent, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor lavozimlarida ishladi. 1990 yili Respublika Oliy Soveti deputatligiga saylanib, ayni vaqtda Mandat komissiyasining raisi sifatida ham faoliyat ko‘rsatdi. 1992 yilda Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi lavozimiga tayinlandi. 1996-2001 yillarda Jizzax viloyati hokimi, 2001-2003 yillar mobaynida Samarqand viloyati hokimi lavozimlarida ishlab, mazkur tuman va viloyatlarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirishga katta hissa qo‘shdi.
Ijro hokimiyatidagi faoliyati bilan bir paytda 1995-2003 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining deputati sifatida ham mamlakatni siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda demokratik islohotlarni amalga oshirish borasidagi muhim qonun hujjatlarini ishlab chiqish va qabul qilish jarayonida faol ishtirok etib, samarali faoliyat olib bordi.
Shavkat Mirziyoyev 2003 yilda O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri etib tasdiqlandi va ushbu lavozimga yana uch marta – 2005, 2010, 2015 yillarda Oliy Majlis palatalari tomonidan qayta tasdiqlandi.
U 2016, 2021 va 2023 yillarda bo‘lib o‘tgan prezident saylovlarida g‘alaba qozonib, O‘zbekiston Prezidenti etib saylandi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni tug‘ilgan kuni munosabati bilan qutlab, tabrik yo‘llagandi.
Live
Barchasi