Qozog‘istonda samolyot quladi. Aybdor qushlarmi yoki dronlar?

Tahlil

26 dekabr Ozarbayjonda motam kuni. Motam kecha, 25 dekabrda Ozarbayjon havo yo‘llari kompaniyasining Bakudan Grozniyga uchgan Embraer 190 samolyoti Qozog‘istonning Aqtau shahrida halokatga uchragani va 38 kishi qurbon bo‘lgani ortidan mamlakat Prezidenti Ilhom Aliyevning tegishli farmoni bilan e’lon qilindi.

Aslida 25 dekabr kuni Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo mamlakatlarning asosiy e’tibori Rossiyaning Sankt-Peterburg shahriga qaratilishi kutilgandi. Chunki u yerda MDH davlat rahbarlarining norasmiy sammiti bo‘lib o‘tdi. Biroq Aqtauda sodir bo‘lgan bu halokat e’tibor markazini Rossiyadan Qozog‘istonga ko‘chirdi. Keling, voqealar ketma-ketligini bir boshdan ko‘rib chiqamiz. 25 dekabr kuni 62 yo‘lovchi va 5 ekipaj a’zosi bo‘lgan Embraer 190 samolyoti mahalliy vaqt bilan soat 7:49 da Bakudan Grozniyga yo‘l olgan. Biroq samolyot Checheniston poytaxtiga yaqinlashayotganda, taxminan soat 8:20 da kutilmaganda ortiga burilib, reys uchun muqobil aerodromlardan biri bo‘lgan Qozog‘istonning Aqtau shahri tomon ucha boshlagan.

Ostona vaqti bilan soat 10:35 da havo kemasi boshqaruv tizimidagi nosozlik tufayli avariya signalini bergan. Bir necha daqiqadan so‘ng ekipaj Aqtauga favqulodda qo‘nishni so‘ragan, biroq samolyot qutqaruvchilar va shifokorlar ularni kutib turgan chiziqqa yetib bora olmagan.

Bir necha kilometr uzoqlikda, soat 11:28 da samolyot qulab tushgan, shundan so‘ng uning yoqilg‘i baklaridagi kerosin bug‘lari portlagan. Samolyotning old qismi butunlay vayron bo‘lgan va yonib ketgan, orqa qismi bir necha o‘nlab metrlarga uchib ketgan. Ayrim yo‘lovchilar samolyotni o‘zlari tark etgan va hatto jarohatlanganlarga undan chiqishga yordam berishgan. Tez orada voqea joyiga qutqaruvchilar va shifokorlar yetib borgan. Qozog‘iston Favqulodda vaziyatlar xizmatining 430 dan ortiq xodimi va 80 ga yaqin texnik vositasi jalb etilgan.

Ozarbayjon havo yo‘llari samolyot bortidagi 67 kishining ro‘yxatini e’lon qildi, ulardan 42 nafari Ozarbayjon, 16 nafari Rossiya, 6 nafari Qozog‘iston, 3 nafari Qirg‘iziston fuqarolari bo‘lgan. Butun ekipaj a’zolari esa Ozarbayjon fuqarolaridan iborat edi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, samolyot qulashi oqibatida 38 kishi halok bo‘lgan. Qurbonlar orasida 15 nafar Ozarbayjon, 9 nafar Rossiya, 2 nafar Qirg‘iziston fuqarosi bor, yana 3 kishining fuqaroligi hozircha aniqlanmagan. Samolyot qulashida halok bo‘lganlarning jasadlari qattiq kuygani uchun ham shaxsni aniqlashning alohida jarayoni kutilmoqda. 29 kishi, jumladan, uch nafar bola shifoxonaga yotqizilgan.

Qozog‘istonda aviahalokat qurbonlarining yaqinlari uchun ishonch telefoni ochildi. Aqtau aholisi ofat qurbonlari uchun ommaviy ravishda qon topshirishni boshladi. Bir reys kechiktirilganini hisobga olmaganda Aqtau aeroporti halokatga qaramay, odatdagidek ishlashda davom etmoqda.

Qulagan samolyotning o‘zi haqida gapiradigan bo‘lsak, u 2013 yilda ishlab chiqarilgan. Samolyot jami 9 949 marta qo‘ngan va umumiy uchish vaqti 15 257,22 soatni tashkil etadi. Oxirgi to‘liq texnik ko‘rik 2024 yil 18 oktyabrda o‘tkazilgan bo‘lib, undan beri samolyot 671 soat uchgan.

Samolyot kapitani Igor Kshnyakin ham katta tajribaga ega bo‘lib, umumiy hisobda 15 000 soatdan ortiq – shundan 11 200 soatni kapitan sifatida parvoz qilgan.

Yuqorida aytilganidek, 25 dekabr kuni Sankt-Peterburgda MDHga a’zo davlatlar davlat rahbarlarining norasmiy sammiti bo‘lib o‘tdi. Unda Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev ham qatnashishi kerak edi. Biroq Prezident Aqtaudagi aviahalokatdan xabar topgach, Rossiya havo hududiga kirgan samolyotini yarim yo‘ldan ortga Bakuga qaytarishga qaror qildi. Aliyev samolyotda tegishli davlat muassasalariga avariya sabablarini o‘rganish va tezkor choralar ko‘rish bo‘yicha zarur topshiriqlar berdi.

U Putinga ham qo‘ng‘iroq qildi va sammitda ishtirok eta olmasligini bildirdi. Yetakchilar bir-biriga hamdardlik izhor etdi. Shuningdek, bir kun oldin Ilhom Aliyevni tug‘ilgan kuni bilan qutlagan boshqa davlat rahbarlari ham Ozarbayjon Prezidentiga ta’ziya bildirdi.

Ozarbayjon Bosh prokuraturasi tomonidan Ozarbayjon Respublikasi Jinoyat kodeksining 262.3-moddasi (Ehtiyotsizlik oqibatida ikki yoki undan ortiq shaxsning o‘limiga sabab bo‘lgan harakat xavfsizligi va havo transportidan foydalanish qoidalarini buzish) va 314.3-moddasi (beparvolik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.

Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari ham Qozog‘iston Respublikasi Jinoyat kodeksining 345-moddasi (avtotransport vositasini boshqarishda xavfsizlik qoidalarini buzish, ehtiyotsizlik oqibatida ikki yoki undan ortiq shaxsning o‘limiga olib kelishi) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Shuningdek, Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 263-moddasi (harakat xavfsizligi va havo transportidan foydalanish qoidalarini buzish) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi.

Bakuga qaytgan Prezident Ilhom Aliyev voqea yuzasidan Haydar Aliyev nomidagi xalqaro aeroportda yig‘ilish o‘tkazdi. Yig‘ilishda so‘zga chiqqan davlat rahbari Bosh vazir bilan gaplashgani, uning rahbarligida komissiya tuzilgani, ayni vaqtda Ozarbayjon vakillaridan iborat delegatsiya avariya yuz bergan Aqtau shahriga jo‘natilgani va tez orada Ozarbayjon shifokorlari brigadalarini Aqtau shahriga jo‘natish bo‘yicha qo‘shimcha ko‘rsatma berilganini bildirdi.

“Menga berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Baku-Grozniy yo‘nalishida harakatlanayotgan AZAL kompaniyasiga tegishli samolyot noqulay ob-havo tufayli yo‘nalishini o‘zgartirib, Aqtau aeroporti tomon ucha boshlagan va qo‘nish vaqtida avariya sodir bo‘lgan. OAV va ijtimoiy tarmoqlarda samolyot halokatga uchragan tasvirlar bor. Shuning uchun hamma buni ko‘rishi mumkin. Biroq avariya sabablari bizga ma’lum emas. Turli xil versiyalar mavjud. Menimcha, bu haqda gapirishga hali erta. Masala to‘liq tekshirilishi kerak. Bosh prokuratura tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va, albatta, Ozarbayjon jamoatchiligi komissiya ishining natijalari va jinoyat ishining borishi haqida muntazam ravishda xabardor qilib boriladi.

Baxtsiz hodisada halok bo‘lganlar va ularning yaqinlari dardidan aziyat chekkan, halok bo‘lganlarga Allohdan rahmat, jabrlanganlarga shifo, halok bo‘lganlarning yaqinlariga sabr va  hamdardlik tilayman. Rahmat”, dedi Ozarbayjon Prezidenti.

Eshitganingizdek, Ilhom Aliyev halokat qanday sodir bo‘lgani haqida turli versiyalar mavjudligini aytdi. Keling, shu versiyalarni ko‘rib chiqamiz. Ular orasida qushlar galasi bilan to‘qnashuv, samolyot bortidagi kislorod bakining portlashi yoki texnik nosozlik bor.

Checheniston poytaxti aeroportining ma’lum qilishicha, Bakudan Grozniyga uchgan reys tuman tufayli Maxachqal’aga, u yerdan esa, aftidan, Aqtauga yo‘naltirilgan. Biroq ob-havo ma’lumotlariga ko‘ra, 25 dekabr kuni ertalab Grozniy hududi faqat bulutli bo‘lishi kerak edi.

Shuning uchun ham OAVda havo bandargohining yopilishi boshqa sabab bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin degan versiya paydo bo‘lmoqda – gap Shimoliy Kavkazda Ukraina Qurolli kuchlarining samolyot tipidagi dronlari tomonidan hujum uyushtirilgani va “Kover” operatsion rejasi joriy etilgani haqida ketmoqda.

Keyinroq Shimoliy Osetiya rahbari Sergey Menyaylo harbiylarga tayanib, uchuvchisiz samolyotlardan biri ertalab soat 8:28 da havo hujumidan mudofaa tizimlari tomonidan urib tushirilganini ma’lum qildi. “Alania Mall” savdo markaziga dron qoldiqlari qulab tushishi oqibatida yong‘in kelib chiqqan va bir ayol halok bo‘lgan.

“Grozniy osmoni doimo bizning himoyamiz ostida. Hushyorlik ustuvor vazifa ekanini bugungi kun yana bir karra ko‘rsatdi. “Hammasi nazorat ostida”, dedi Checheniston Xavfsizlik kengashi kotibi Hamzat Qodirov 25 dekabr kuni Grozniyga ham dron hujum qilganini tasdiqlab.

Ayni paytda halokatdan omon qolgan Embraer 190 yo‘lovchilari bir necha portlashlarni eshitib, his qilganini, shundan so‘ng nafas olishlari qiyinlashganini aytmoqda.

Falokat joyida olingan samolyot korpusining fotosuratlariga ko‘ra, uning quyruq qismida juda ko‘p teshiklar bor. Ularning paydo bo‘lishining sababi hali aniqlanmagan - bu, masalan, laynerning tashqarisida yoki ichida portlash oqibatida hosil bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Samolyot bortida bo‘lgan 48 yoshli yo‘lovchi Subhonqul Rahimovning aytishicha, samolyot 2-3 marta qo‘nishga uringan, ammo qo‘nishga muvaffaq bo‘lmagan. Keyin u va boshqa yo‘lovchilar portlash ovozini eshitgan, biroq nima portlagani va qayerda bo‘lgani noma’lum. Shundan so‘ng samolyot boshqa yo‘nalishda ucha boshladi.

“Uchuvchiga rahmat, agar u bo‘lmaganida, biz hammamiz o‘lgan bo‘lardik”, dedi yo‘lovchi.

Rahimovning aytishicha, kislorod niqoblari tushib ketganda ularda kislorod deyarli yo‘q edi. U orqa o‘rindiqqa o‘tgan va boshqa niqob olgan. Subhonqul Rahimov Yekaterinburgda yashaydi, u Baku orqali transfer qilib Grozniyga ish yuzasidan uchayotgan edi.

ORDA nashrining voqea guvohlariga tayanib yozishicha, Ozarbayjon havo yo‘llari samolyoti ekipaji Qozog‘istonning Aqtau shahri aeroporti yaqinida halokatga uchragunga qadar samolyotni turarjoy hududidan boshqa tomonga yo‘naltirgan.  

“Ekipaj ajoyib edi, ular samolyotni olib ketishga muvaffaq bo‘lishdi. Aks holda qurbonlar ko‘proq bo‘lishi mumkin edi”, deydi nashr suhbatdoshlari.

Halokat joyi yaqinida Sayin qishlog‘i joylashgan. 2009 yil holatida u yerda 1,3 ming kishi istiqomat qilgan.

Voqea guvohlarining ORDA’ga ma’lum qilishicha, dvigatelga qush kelib urilgan, kislorod baki portlagan va odamlar hushini yo‘qota boshlagan. Mang‘istau viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi ham samolyot bortida ballon portlagani haqida xabar berdi.

Xullas, taxminlar ko‘p. Uning qaysi biri haqiqat ekanini tergov yuzaga chiqaradi. Kecha kechqurun halokat sodir bo‘lgan joyda qora quti ham topildi va bu ham tergov ishiga yordam beradi. QALAMPIR.UZ voqealar rivojini yoritishda davom etadi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston Ozarbayjon Ilhom Aliev Baku Grozniy Aqtau Embraer 190

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing