“Apparatimga tegina ko‘rmang!” Shimoliy Koreya AQSHni ogohlantirdi

Olam

image

Shimoliy Koreya AQSH tomonidan Yer orbitasidagi birinchi josuslik sun’iy yo‘ldoshini zararsizlantirishga urinish bo‘lsa, buni urush e’lon qilinishi deb tushunadi va darhol raketalar bilan javob qaytaradi. Bu haqda Koreya markaziy axborot agentligi tomonidan chop etilgan KXDR Mudofaa vazirligi rasmiy vakili bayonotida ma’lum qilindi.

Vazirlik mulozimining aytishicha, yaqinda AQSH Kosmik kuchlari qo‘mondonligi Shimoliy Koreya sun’iy yo‘ldoshiga harbiy zarba berish ehtimoli haqida ishora qilib, "dushman davlatlar" tomonidan kosmosdan "potensial foydalanishni kamaytirish" uchun ta’sir qilmoqchiligi"ni ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, amerikalik ekspertlar Qo‘shma Shtatlar nafaqat sun’iy yo‘ldosh yoki stansiyani jismonan yo‘q qilishi, balki kiberhujumlardan ham foydalanishi mumkinligini bildirgan.

"AQSH kosmik kuchlarining KXDR sun’iy yo‘ldoshiga nisbatan dushmanona va xavfli pozitsiyasini e’tiborsiz qoldirib bo‘lmaydi. Bu bizning suverenitetimizga ochiq-oydin tahdid, aniqrog‘i, respublikamizga urush e’lon qilishdir. Agar Qo‘shma Shtatlar zamonaviy texnologiyalardan qurol sifatida foydalansa va suveren davlat huquqlariga tajovuz qilsa, biz xalqaro va milliy me’yorlarga muvofiq, qonuniy huquqlarimizdan foydalanamiz”, deydi KXDR Mudofaa vazirligi xodimi.

Rasmiy Pxenyanning tushuntirishicha, xalqaro huquq doirasida, koinotga uchirilgan ob’ektlar davlat yurisdiksiyasiga bo‘ysunadi. Shu ma’noda vazirlik “Mulligyong-1” razvedka sun’iy yo‘ldoshining KXDRga tegishliligini eslatib o‘tgan. Bundan tashqari, rasmiy vakil razvedka yo‘ldoshlari qurol hisoblanmasligini qo‘shimcha qilgan.

“Agar AQSH bizning razvedka yo‘ldoshimizni yo‘q qilinishi kerak bo‘lgan “harbiy tahdid” hisoblasa, Koreya yarimoroli osmonida doimiy ravishda aylanib yuradigan va bizning asosiy strategik boyliklarimizni kuzatadigan ko‘p sonli AQSH sun’iy yo‘ldoshlari harbiylarimiz tomonidan yo‘q qilinishi kerak”, deyiladi bayonotda. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 21 noyabr kuni Shimoliy Koreya o‘zining razvedka yo‘ldoshini uchirgandi. Bunga javoban 22 noyabr kuni Koreya Respublikasi keskinlikni kamaytirish bo‘yicha Koreyalararo kelishuvning amal qilishini qisman to‘xtatganini e’lon qildi. Ushbu chora uchish taqiqlangan zonalar haqidagi qoidalarga tegishli edi. 23 noyabr kuni KXDR Mudofaa vazirligi endi butun kelishuvga rioya qilmasligini va hujjatda taqiqlangan choralarni qo‘llashni qayta boshlashini ma’lum qildi.

Keyinchalik Kim Chen In razvedka sun’iy yo‘ldoshi tomonidan Janubiy Koreyaning Pusan shahridagi Amerikaning “USS Carl Vinson” yadroviy aviatashuvchi kemasi va Gavayidagi harbiy bazalar aks etgan suratlarni o‘rgangandi. Bundan tashqari, u “Mulligyong-1” razvedka sun’iy yo‘ldoshi tomonidan olingan Oq uy va Pentagon suratlarini ko‘zdan kechirdi


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Shimoliy Koreya KXDR

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing