AOKA jurnalistlar shaxsini obro‘sizlantirishga bo‘lgan urinishlarni qoralab chiqdi
Jamiyat
−
07 avgust 2021
5547O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi QALAMPIR.UZ tahririyati Bosh muharriri o‘rinbosari Feruza Najmiddinova haqida tarqatilayotgan yolg‘on ma’lumotlar va montaj qilingan videoga nisbatan munosabat bildirdi.
“Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p qavatli uyning ayvonidagi shaxsi aniqlab bo‘lmas darajada uzoqlikdan suratga olingan noma’lum erkak va ayol ishqiy munosabati aks etgan videolavha amaldagi qonunlarimizga zid tarzda tarqatilmoqda.
Bu videoni tarqatishdan ham ko‘ra yomon va razilroq holat shuki, axloqsiz video ayrim shaxslar tomonidan montaj qilinib, undagi noma’lum ayol xuddiki QALAMPIR.UZ tahririyati jurnalisti sifatida tasavvur uyg‘otilmoqda. QALAMPIR.UZ tahririyati bu “yolg‘on va hech qanday asosga ega emas”, deya bayonot berdi xamda Agentlik ushbu jurnalistning odob-axloqi, ta’lim-tarbiyasidan yaqindan xabari bor tashkilot sifatida bu bayonotni to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi.
Agentlik OAV vakillari shaxsini obro‘sizlantirish, jurnalistlar faoliyatiga qing‘ir va noqonuniy yo‘llar bilan daxl qilishga bo‘lgan urinishlarni keskin qoralaydi.
Eslatib o‘tish joiz, yolg‘on (feyk) va noxolis axborotlarni tarqatganlik uchun qonunchilikda qat’iy jazolar belgilangan. Xususan, tuhmat, ya’ni bila turib boshqa shaxsni sharmanda qiladigan uydirmalarni tarqatganlik uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 40-moddasida hamda Jinoyat kodeksining 139-moddasida javobgarlik belgilangan.
Shuningdek, 2020 yil 25 dekabr kuni qabul qilingan O‘RQ 658-son Qonuni bilan shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan yolg‘on axborotni tarqatish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatganlik uchun javobgarlik belgilangan.
AOKA QALAMPIR.UZ internet-nashri jurnalistining yuksak fuqarolik burchi va aholi orasidagi dolzarb muammolarni yoritishdagi faolligini qo‘llab-quvvatlaydi hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan mazkur voqelikka tegishli huquqiy baho berilishiga, aybdorlarga qonuniy chora ko‘rilishiga ishonadi”, deyiladi AOKA bayonotida.
Ma’lumot uchun, holat bo‘yicha Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tergovga qadar o‘rganishni boshladi va buni Ichki ishlar vazirligi o‘z nazoratiga olganini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, Feruza Najmiddinova 2019 yildan buyon QALAMPIR.UZ internet nashrida faoliyat yuritib kelmoqda. U oliy ma’lumotli, oilali. 2021 yilda “Yilning eng faol jurnalisti” tanlovi g‘olibi bo‘lgan. Tanqidiy-tahliliy chiqishlari bilan e’tiborga tushgan. U haqidagi bo‘htonga to‘la video Feruza Najmiddinovaning QALAMPIR.UZ’da e’lon qilingan “Tashkent City”dagi restoranlarning “tanka”si bormi? Maxsus komissiya qarori nega ishlamayapti?” nomli reportajidan bir kun o‘tib, 7 avgust kuni tarqatildi.
LiveBarchasi