AOKAning ayrim vazifalari inspeksiyaga o‘tkazildi
Jamiyat
−
16 iyul 4442 2 daqiqa
Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) faoliyati tugatilib, uning asosida Milliy kontent ishlab chiqaruvchi markaz tashkil etilishi xabar qilingandi. AOKAning axborot sohasida nazorat va monitoring bo‘yicha vazifa va funksiyalari Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasiga o‘tkazildi. Bu 14 iyul kuni imzolangan “Davlat boshqaruvi tizimida samaradorlik, proaktivlik va natijadorlikni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmonida belgilangan.
Farmonga ko‘ra, Ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha markaz Administratsiya bo‘ysunuviga o‘tkazildi.
Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazi negizida Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi tashkil etildi.
Administratsiya Matbuot xizmati media-markazi negizida esa Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi tashkil etildi.
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi negizida Boshqaruv samaradorligi agentligi tashkil etildi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi Administratsiya bo‘ysunuviga o‘tkazildi.
Bundan tashqari, 2025 yil 1 sentyabrgacha quyidagilarga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqiladi:
- byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, takrorlanuvchi nazorat funksiyalarini bekor qilish, qaror qabul qilishda shaffoflik va ochiqlikni ta’minlashga qaratilgan respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyati samaradorligini oshirish;
- hududlarni kompleks rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va daromadlarini oshirish borasida mahalliy hokimliklar iqtisodiy, ma’muriy va moliyaviy vakolatlarini yanada kengaytirish.
Ma’lumot uchun, AOKA Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 2 fevraldagi “Axborot sohasi va ommaviy kommunikatsiyalarni yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi negizida tashkil etilgan. 2019 yil 4 fevraldan 2020 yil 29 yanvarga qadar Komil Allamjonov AOKA direktori vazifasini bajargan. 2020 yilning iyulidan beri agentlikka Asadjon Xo‘jayev rahbarlik qilib keladi. Shundan qilib, Prezidentning 2025 yil 14 iyuldagi farmoni bilan AOKA tugatildi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur farmon bilan O‘zbekistonda vazirlik va idoralarning qaror qabul qilishdagi mustaqilligi oshirilishi, bu bilan bog‘liq byurokratik jarayonlar qisqarishi, ular proaktiv faoliyat yuritishi uchun imkoniyatlar kengaytirilishi belgilangandi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr