2027 yildan boshlab san’atkorlardan daromad solig‘i majburiy undiriladi
Jamiyat
−
01 aprel
62062027 yildan boshlab san’atkorlardan daromad solig‘i majburiy tarzda undiriladi. Bu haqda bugun, 1 aprel kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev so‘z ochdi.
Uning bildirishicha, bugungi kunda ko‘plab san’atkorlar daromad solig‘i to‘lamayapti. Shu sababdan hozirda soliq undirish bo‘yicha mexanizm ishlab chiqilmoqda. Amaldagi tartib bo‘yicha ular deklaratsiya to‘ldirishi, daromadlarini ko‘rsatishi kerak va shu asosda soliqqa tortilishi zarur.
“Endi tan olishimiz kerak, haqiqatdan juda ko‘pchilik san’atkorlarimiz bunga rioya qilmayapti. O‘z daromadlarini to‘liq deklaratsiya qilmayapti va shu daromadlardan soliqlar undirilmayapti. Hozir xufiyona iqtisodiyotga qarshi kurashish doirasida qaror loyihasini tayyorlayapmiz”, deydi Mubin Mirzayev.
Mirzayevga ko‘ra, 2025 va 2026 yillarda daromadlar deklaratsiyasini to‘g‘rilab, topshirish bo‘yicha imkoniyat beriladi va bu davrda ular jazolanmaydi. 2027 yil 1 yanvardan boshlab esa agar ular o‘zlarining daromadlarni to‘liq ko‘rsatmasa yoki soliqlardan qochish bo‘lsa, ularga nisbatan soliq nazorati tekshiruvlari o‘tkazilib, soliq hisoblab, undiriladi.
“2027 yil 1 yanvardan boshlab birorta san’atkor, jismoniy shaxslar o‘zlarining daromadlarini deklaratsiya qilmasligini yoki soliqdan qochishini imkoni bo‘lmaydi”, deydi Mirzayev.
Bildirilishicha, bugungi kunda O‘zbekistonda 18 milliondan ortiq daromadga ega soliq to‘lovchi bor. Shuningdek, hozirda mamlakatda to‘lanmagan faol soliq qarzdorligi 8,5 trln so‘mga teng.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mubin Mirzayev mazkur matbuot anjumanida Xitoyga tegishli bo‘lgan Temu marketpleysi O‘zbekistonga taxminan 46 mlrd so‘m miqdorida soliq to‘lamaganini aytgan edi.
LiveBarchasi
Trenddagilar


