Nafs changaliga ilingan nahanglar ishi sudda ko‘riladi
Tahlil
−
21:11 1862 10 daqiqa
“O‘zbekneftgaz” AJning sobiq boshqaruv raisi Bahodir Siddiqov bosh bo‘lgan jami 9 kishi jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishda ayblanmoqda. Davlat aktivlarini boshqarish agentligining sobiq rahbari Akmalxon Ortiqov ishi ham sudga oshirildi. Unga ham ayni ayblovlar qo‘yilgan. Ichki ishlar vazirining sobiq o‘rinbosarni Bekmurod Abdullayev va Jazoni ijro etish departamenti sobiq boshlig‘i Rustam Tursunovga oid jinoyat ishi sudda ko‘rilyapti. Soliq qo‘mitasi raisining sobiq birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev esa kutilmaganda 8 yilga qamaldi. Quyida ushbu shov-shuvli voqealarni ko‘rib chiqamiz.
Mening nafsim balodir
Eskilarda bir gap (maqol) bor: mening nafsim balodir, (har ko‘ylarga) yongan o‘tga soladir. Bugun ayrim amaldorlarga, xalq qo‘ygan lavozimda xalqning haqqini o‘g‘irlab yeganlarga, yeyishda davom etayotganlarga ana shu naqlni ishlatsak, xafa bo‘lishmas. Xafa bo‘lishsa ham nachora.
Esingizda bo‘lsa, Prezident Shavkat Mirziyoyev 2025 yilning oxirida Oliy Majlis palatalari va xalqqa yo‘llagan murojaatida davlat xizmatchilari, ayniqsa, katta lavozimdagi amaldorlarni keskin ogohlantirib, 2026 yilni og‘ir kelishi, korrupsiyaga qarshi choralar kuchaytirilishi, favqulodda holat e’lon qilinishini aytgan edi. Hatto, barcha idoralarda komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazoratga mas’ul o‘rinbosar lavozimi tashkil etilishi, ushbu xizmatning faoliyatiga to‘sqinlik qilganlar korrupsiyaga sherik deb baholanadi va javobgarlik shunga mos bo‘lishini aytgandi.
Afsuski, bu gapdan ko‘pchilik xulosa chiqarmadi. Aytilgan gap, otilgan o‘q bo‘lishini, bir kun kelib o‘sha jig‘ildoniga kelib urilishini o‘ylamadi. Prezident ham arqonni uzun tashladi, oxir-oqibat arqon tortildi, g‘alvir suvdan ko‘tarildi.
Ichki ishlardagi pullik ishlar
Yil boshini eslaylik. 27 yanvar kuni Ichki ishlar bosh boshqarmasi huzuridagi Qo‘riqlash boshqarmasida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtdagi huquq-tartibot va nazorat organlari faoliyatini keskin tanqid qildi. O‘sha kuni 2021 yil aprel oyidan Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari – Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i lavozimida ishlagan Bekmurod Abdullayev va Jazoni ijro etish departamenti boshlig‘i Rustam Tursunovga nisbatan Ichki ishlar vazirligi tizimidagi davlat xaridlari doirasida 186 milliard so‘m byudjet mablag‘i talon-toroj qilingani bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, vazir o‘rinbosari qamoqqa olingani aytildi. Garchi Abdullayev 2025 yilning 3 noyabr kuni lavozimidan ozod etilgan bo‘lsa-da, oradan 3 oy o‘tib, Prezident bu holat haqida aytmagunicha, hech bir huquq-tartibot organi Abdullayevga oid holat haqida axborot bergani yo‘q.
Aprel oyining o‘rtalariga kelib, Bekmurod Abdullayev tomonidan davlatga yetkazilgan zarar qoplab berilgani uchun ozodlikka chiqqani haqida xabarlar tarqaldi, biroq huquq-tartibot organlari bu xabarlarni tasdiqlagani yo‘q, lekin rad ham etmadi.
Bekmurod Abdullayevga oid jinoyat ishini ko‘rish 29 iyuldan Jinoyat ishlari bo‘yicha Yangihayot tuman sudida boshlanadi.
Sud hujjatlariga ko‘ra, u Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a”, “b” va “g” bandlari bo‘yicha ayblanmoqda.
Mazkur jinoyat ishi doirasida jami 30 nafar shaxsga nisbatan ayblov qo‘yilgan. Qayd etilishicha, ularning aksariyati Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” va “v” bandlari bilan bir qatorda boshqa iqtisodiy va mansabga oid jinoyatlarda ham ayblanmoqda.
Ilova qilingan sud ro‘yxatiga ko‘ra, ayblanuvchilar orasida sobiq mansabdorlar Hoshim Yo‘ldoshev, Jahongir Qurbonov va Dilshod Tashev va Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish departamenti boshlig‘i lavozimida ishlagan Rustam Tursunov ham bor. U Jinoyat kodeksining 167-moddasi 2-qismi “a” va “b” bandlari, ushbu moddaning 3-qismi “a” va “v” bandlari, 205-modda (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) 2-qismi “a” va “b” bandlari bilan ayblanmoqda.
Bir ishda sudlanayotgan ikki amaldor
Ko‘p yillar energetika sohasida muhim kursilarni egallab kelgan, hatto Bosh vazir o‘rinbosari bo‘lgan va 2023 yildan Prezident maslahatchisi, keyin esa Prezidentning energetik xavfsizlik bo‘yicha vakili lavozimida ishlagan Alisher Sultonov 2025 yilning 16 dekabr kuni Prezident vakili lavozimidan ozod etildi. Unga boshqa ish berilmadi, o‘rniga kim tayinlangani ham noma’lum. Sultonov iste’fosidan bir kun o‘tib, “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruv raisi Bahodir Siddiqov ham lavozimidan ozod etilgani ma’lum bo‘ldi. Uning iste’fosiga boshqa ishga o‘tishi sabab qilib keltirildi. Biroq Siddiqovga ham ish berilmadi.
Oradan 40 kun o‘tib, joriy yilning 27 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi huzuridagi Qo‘riqlash boshqarmasida o‘tkazilgan yig‘ilishda davlat rahbari “O‘zbekneftgaz” AJ va Davlat aktivlarini boshqarish agentligida katta taftish ketayotgani, milliard-milliard so‘mlik talon-torojliklar aniqlanganini aytdi. Shu bois, agentlik direktori Akmalxon Ortiqov ishdan olinganini bildirdi.
O‘sha yig‘ilishda Davlat xavfsizlik xizmati raisi Bahodir Qurbonovga “O‘zbekneftgaz” AJ va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi mas’ul xodimlarining javobgarligini ko‘rib chiqish topshirildi.
Komplayens xizmati, Davlat xavfsizlik xizmatiga Davlat aktivlari agentligining mansabdorlariga qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi tergov guruhiga Xavfsizlik xizmatining iqtisodiy masalalarga mas’ul tuzilmalaridan ham mutaxassislarni jalb qilish topshirilgan.
Xo‘sh, hozirgi vaziyat qanday deysizmi? Davlat aktivlarini boshqarish agentligining sobiq rahbari Akmalxon Ortiqov va “O‘zbekneftgaz” AJ sobiq raisi Bahodir Siddiqov ishi sudga oshirildi.
2019 yil fevraldan 2020 yil yanvargacha, keyin esa 2023 yildan to shov-shuvli iste’fogacha “O‘zbekneftgaz” AJga raislik qilgan 47 yashar Siddiqov ishi doirasida “Enter Engineering Pte. Ltd” kompaniyasi bosh direktori Ulug‘bek Usmonov, “Eriell Management” MCHJ direktori Nodirjon Boboyev, “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruv raisining sobiq o‘rinbosari Baxtiyor Anorqulov kabi jami 9 kishiga oid ish sudda ko‘rilmoqda.
Siddiqov va boshqalar Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” va “v” bandlari, 205-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) 2-qismi “a” va “b” bandlari, 209-moddasi (Mansab soxtakorligi) 2-qismi “a” va “b” bandlari hamda 243-moddasi (Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) bo‘yicha ayblanmoqda.
Sudlanuvchilarning 5 nafariga qamoq, 4 nafariga garov ehtiyot choralari qo‘llanilgan.
6 yilga yaqin Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori lavozimida ishlagan 46 yashar Akmalxon Ortiqov Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 206-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) va 209-moddasi (Mansab soxtakorligi)ning bir qator qism va bandlari bo‘yicha ayblanmoqda.
U bilan birga yana 5 kishi sudlanmoqda. Ularning ismi QALAMPIR.UZ’ga ma’lum emas.
Mubin Mirzayev 7 yilga qamaldi
Soliq qo‘mitasi raisining sobiq birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev 8 yilga qamaldi. Ha, u ham Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan joriy yil boshida o‘tkazilgan o‘sha yig‘ilishda lavozimidan ozod etilgan edi. Biroq, uning qachon qamoqqa olingani, qachon jinoiy javobgarlikka tortilgani ma’lum emas.
7 yildan ortiq Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimini egallagan Mirzayev Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudi tomonidan qabul qilingan hukmga ko‘ra, Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 4-qismining “a” bandi, 205-moddasi 2-qismining “a” bandi (Mansab vakolatini juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda suiiste’mol qilish) va 208-moddasida (Hokimiyat harakatsizligi) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, unga nisbatan 3 yil muayyan huquqdan mahrum qilgan holda 8 yil-u 2 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Boshqalar, ya’ni Mirzayev bilan sudlangan yana 8 nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqilib, ushbu sudlanuvchilar ham tegishli moddalar bilan aybli deb topilgan hamda ular ham 4 yildan 9 yilgacha bo‘lgan muddatlarga ozodlikdan mahrum etilgan.
Shuningdek, sud hukmi bilan yetkazilgan zararlar undirilishi ham belgilangan.
Mubin Mirzayev ham 27 yanvar kuni Prezident tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilishda ishdan olingan edi. O‘shanda davlat rahbari Soliq qo‘mitasi raisiga Toshkent shahridagi barcha tuman soliq inspeksiyalarining boshliqlarini ishdan olib, vazifasini bajaruvchi qilib qo‘yishni topshirgandi.
Yig‘ilishda Shayxontohur tumani soliq inspeksiyasi boshlig‘i Hojiakbar Mullajonov va Toshkent shahar soliq boshqarmasi boshlig‘i Yunusjon Nasimjonovni ishdan olish, faoliyatini o‘rganib, qonun ustuvorligini ta’minlash topshirilgan.
Qo‘mita raisi Farrux Po‘latov va uning komplayens bo‘yicha o‘rinbosari Abdulaziz Soliyevga korrupsiyaga murosasiz muhitni yaratish, Toshkent shahri soliq rahbarlarining lavozimga loyiqligini ko‘rib chiqish vazifasi qo‘yilgan. Prezident yig‘ilishidan ikki hafta o‘tib, Toshkent shahar Soliq boshqarmasi boshlig‘i o‘zgardi, 8 ta tumanga yangi soliq rahbarlari tayinlandi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning shahar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari G‘aniyev qo‘shtirnoq ostidagi “tadbirkor”larga soliqdan qochishda yo‘l ko‘rsatib yurgani uchun uni o‘sha kunning o‘zida ishdan olish topshirilgan.
Shuningdek, Prezident Mirzo Ulug‘bek tumani soliq inspeksiyasining boshlig‘i Dilshod Usmonov ish faoliyatida guruhbozlikka va maishatbozlikka berilgani va inspeksiya binosining bir qismini shaxsiy maqsadda ijaraga berib, 315 million so‘mni o‘zlashtirgani uchun ishdan olinib, unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini aytgandi.
QALAMPIR.UZ qo‘lga kiritgan ma’lumotlarga ko‘ra, Dilshod Usmonov Jinoyat kodeksining 165-moddasi (Tovlamachilik) 1-qismi, 167-modda (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi, 205-modda (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) 2-qismi “a” bandi bilan ayblanmoqda. Shayxontohur tumani soliq inspeksiyasi boshlig‘i lavozimida ishlagan Hojiakbar Mullajonov esa 167-modda (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi, 205-modda (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) 2-qismi “a” bandi bilan ayblanmoqda. Ularga oid Jinoyat ishi 30 iyul kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumani sudida ko‘rib chiqiladi.
Migratsiyadagi 90 million dollarlik “sxema”
Esingizdami, joriy yilning may oyida O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Migratsiya agentligi, xususiy bandlik agentliklarining sobiq mansabdorlari va boshqalardan iborat uyushgan jinoiy guruh Koreya davlatiga mehnat muhojiri sifatida ishga yuborish bilan bog‘liq korrupsion “sxema” yaratib, fuqarolardan rasmiy to‘lovlardan tashqari, firibgarlik yo‘li bilan 7-12 ming AQSH dollaridan, qariyb 90 mln AQSH dollari yig‘gani haqida xabar bergan edi. Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilayotgani aytildi.
Ushbu holat bo‘yicha to‘plangan materiallar sudga yuborildi va 29 iyul kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Bektemir tumani sudida birinchi sud majlisi bo‘lib o‘tishi belgilandi. Ganchar Uzoqov, Timur Shariksiyev, Alijon Ashurov va Suxrob Sayfutdinovlar sudlanuvchi sifatida jalb etilgan.
Ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 3-qismi “a”, “b” bandlari (Pora olish), 243-moddasi (Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) hamda 301-moddasi 1-qismi (Hokimiyatni suiiste’mol qilish, hokimiyat vakolatidan tashqariga chiqish yoki hokimiyat harakatsizligi) bilan ayblov e’lon qilingan.
Poraxo‘rlik ko‘paydimi?
O‘zbekiston Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi o‘z hisobotlarida mamlakatdagi asosiy korrupsion tizimlar sifatida ta’lim va sog‘liqni saqlash, shuningdek, bank sohasini keltiradi. Katta-katta nahanglar, ijro hokimiyati, huquq-tartibot, soliq organlaridagi korrupsiyaviy holatlar haqida esa miq etilmaydi. Prezident ko‘p ogohlantirdi, o‘sha nafsi hakalak otgan amaldorlarga o‘zini yig‘ishtirib olish, nafsini tiyish haqida ko‘p gapirdi va uzun tashlangan arqonni mahkam tortdi. Tortganda esa, oxirgi olti oydagi vaziyatni ko‘rib turibsiz. O‘zbekistonda korrupsiya ko‘paydimi? Yo‘q, menimcha, bunday deyish xato. Unga kurash kuchaydi. Endi yashirilmayapti, endi kechirilmayapti, endi imkon berilmayapti. E’tibor bering, bundan 10 yil avval xalqaro Korrupsiyani qabul qilish indeksida 21 ball bilan 156-o‘rinda turgan bo‘lsa, 2025 yilda 31 ball bilan 182 davlat orasida 124-o‘rinni egalladi. Garchi, O‘zbekiston 2024 yildagi 121-o‘rindan uch pog‘ona pastlab, 124-o‘ringa tushgan bo‘lsa-da, so‘nggi 10 yillikdagi umumiy dinamikaga qaralsa, mamlakatda sezilarli ijobiy o‘zgarish borligini ko‘rish mumkin. Bu borada O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari orasida o‘rta pog‘onada joylashgan. Tan olish kerak, Qozog‘iston mintaqada eng yuqori ko‘rsatkichga ega. O‘zbekiston ikkinchi o‘rinda bormoqda. Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston nisbatan quyiroq pog‘onalardan joy olgan.
Shunga qaramay, xalqaro ekspertlar va tashkilotlar Hukumatni korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish borasidagi ishlarning natijasiga tezroq yetish uchun mansabdorlar mol-mulkini deklaratsiya qilish tizimining to‘liq va ochiq shaklda amaliyotga tatbiq etilishini ta’minlash, manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonunchilik ijrosidagi ayrim bo‘shliqlarni to‘ldirishni tavsiya etmoqda.
Shuningdek, ekspertlar sud tizimining izchil mustaqilligini ta’minlash va korrupsiyaviy holatlar bo‘yicha jazo muqarrarligi borasida xavotirlarni ham qayd etgan. Ularning fikricha, endigi asosiy e’tibor sud mustaqilligi, shaffoflik va jurnalistik surishtiruvlarga erkinlik berishga qaratilishi zarur.
Live
Barchasi