Shavkat Mirziyoyev turizm sohasi xodimlarini tabrikladi
Jamiyat
−
18:48 481 4 daqiqa
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27 sentyabr – Butunjahon turizm kuni munosabati bilan mamlakat turizm sohasi xodimlariga tabrik yo‘lladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari tabrigida turizm mamlakat iqtisodiyotida muhim o‘rin tutadigan, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladigan istiqbolli tarmoqqa aylanib borayotganini ta’kidlagan.
“Avvalo, siz, azizlarni 27 sentyabr – Butunjahon turizm kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Bugungi kunda turizm mamlakatimiz iqtisodiyotida muhim o‘rin tutadigan, minglab yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladigan istiqbolli tarmoqqa aylanib bormoqda”, deydi Prezident.
Shavkat Mirziyoyevning qayd etishicha, keyingi yillarda O‘zbekistonda olib borilayotgan ochiqlik siyosati, viza tartibining soddalashtirilishi, transport va mehmonxona infratuzilmasining kengaytirilishi hamda tadbirkorlar uchun soliq va bojxona imtiyozlarining joriy etilishi soha rivojiga yangi turtki bergan.
“Buning tasdig‘ini 2025 yilda O‘zbekistonga kelgan xorijiy sayyohlar soni 2016 yilga nisbatan salkam 6 barobar oshib, qariyb 12 million nafarga yetgani, turizm xizmatlari eksporti 11 karra ko‘payib, 4 milliard 800 million AQSH dollarini tashkil etgani misolida yaqqol ko‘rish mumkin”, deyiladi tabrikda.
Shuningdek, davlat rahbari O‘zbekistonning xalqaro turizm siyosatidagi o‘rni tobora mustahkamlanib borayotganini qayd etgan. Uning ta’kidlashicha, mamlakat tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2027 yil Xalqaro barqaror va yashovchan turizm yili deb e’lon qilingan.
“BMT Turizm tashkiloti respublikamizni dunyodagi eng tez o‘sayotgan beshta sayyohlik yo‘nalishidan biriga kiritganini ta’kidlash lozim”, deydi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident bunday natijalar zamirida turizm sohasida faoliyat yuritayotgan minglab mutaxassislarning mehnati mujassam ekanini ham ta’kidlagan.
“Albatta, bunday yutuqlar zamirida yurtimizdagi minglab turoperator va turagentlar, mehmonxona va oilaviy mehmon uylari xodimlari, gid va ekskursovodlar, restoratorlar, transport va servis kompaniyalari vakillari, hunarmandlar, madaniyat namoyandalari, muzey xodimlari, ustoz-murabbiylarning mashaqqatli mehnati mujassamdir.Fursatdan foydalanib, ushbu yo‘nalishlarda sidqidildan xizmat qilayotgan barcha soha xodimlariga samimiy minnatdorlik bildiraman”, deydi u.
Shundan so‘ng Shavkat Mirziyoyev mamlakatda turizm infratuzilmasini yanada rivojlantirish bo‘yicha rejalarga to‘xtalgan. Xususan, Xivada xalqaro turistik shaharcha, kongress markazi va tarixiy-etnografik bog‘ barpo etish, Ichanqal’ani raqamli texnologiyalar asosida “aqlli” muzey-majmuaga aylantirish rejalashtirilgan
Shuningdek, Samarqandda noyob eksponatlar jamlangan Ipak yo‘li muzeyini tashkil etish, Qoraqalpog‘istonda arxeologik yodgorliklar bo‘ylab yangi turistik yo‘nalishlarni ochish, Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanida “G‘ilon”, Namangan viloyatining Pop tumanida esa “Arashan” kabi yangi majmualarni barpo etish ko‘zda tutilgan.
Shu bilan birga, sohada zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish, yagona milliy turizm platformasini ishga tushirish va sayyohlik xizmatlarini yagona tizimga integratsiya qilish ham ustuvor vazifalardan biri sifatida qayd etilgan.
“Sun’iy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalanish, kadrlar malakasini muntazam oshirib borish ham ustuvor vazifa bo‘lib qoladi.Gastronomik, ekologik, ziyorat, tibbiyot, tog‘ va sarguzasht, ishbilarmonlik, etno va qishloq turizmi kabi yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan yo‘nalishlarni jadal rivojlantirishga alohida ahamiyat beramiz”, deydi Prezident.
Uning qayd etishicha, bu vazifalarni amalga oshirish orqali 2030 yilga borib xorijiy sayyohlar sonini yiliga 20 million nafarga, turizmning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 7 foizga yetkazish, xizmatlar eksportini 8 milliard dollardan oshirish va yuqori toifadagi mehmonxonalar sonini ikki karra ko‘paytirish maqsad qilingan.
“Bunday ulkan marralarni egallashda, avvalo, o‘z hayotini turizm sohasi bilan bog‘lagan, yurtimizni, uning qadimiy tarixi va madaniyatini dunyoga targ‘ib etishni o‘zining professional burchi deb biladigan sizlar kabi tashabbuskor va tashkilotchi insonlarga tayanamiz”, deydi Shavkat Mirziyoyev
Davlat rahbari soha xodimlarining mehnatini munosib rag‘batlantirish bundan buyon ham e’tibor markazida bo‘lishini bildirgan.
“Hech shubhasiz, sohaning moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash, xodimlarning fidokorona mehnatini munosib rag‘batlantirish bundan buyon ham e’tiborimiz markazida bo‘ladi.Shu munosabat bilan “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan turizm xodimi” faxriy unvonini ta’sis etsak, o‘ylaymanki, bu taklifni barchangiz qo‘llab-quvvatlaysiz”, deydi Prezident.
Shavkat Mirziyoyev tabrigini turizm sohasi xodimlariga sihat-salomatlik, baxt-saodat, sharafli faoliyatida omad va zafarlar tilash bilan yakunlagan.
Live
Barchasi