O‘zbekistonda 1,3 ming nomdagi yangi darslik va o‘quv-metodik material tayyorlanadi

Jamiyat

−

image

O‘zbekistonda 2027 yilgacha 1,3 ming nomdagi yangi darslik va o‘quv-metodik material tayyorlanadi. Bu haqda bugun, 28 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan maktab ta’limida yangi avlod darsliklarini joriy etish, oliygohlar va korxonalar hamkorligida dual ta’limni tashkil qilish, shuningdek, Lyaonin pedagogika universitetining O‘zbekistondagi filiali faoliyatini yo‘lga qo‘yish yuzasidan taqdimotda so‘z boradi.

Qayd etilishicha, taqdimotda eski avlod darsliklari tahlilining natijalari ko‘rib chiqilgan. Yodlashga ustuvorlik berilgani esa bolalarning mustaqil tahlil qilishi va olgan bilimini hayotda qo‘llashiga yetarlicha xizmat qilmagan.

Shu bois, yangi o‘quv adabiyotlarini tayyorlashda xalqaro tajribaga murojaat qilingan. Boshlang‘ich sinf darsliklari Finlyandiya ta’lim alyansi sertifikatsiyasidan o‘tgan, 5-7-sinflarning matematika, fizika, kimyo va biologiya darsliklari Singapur darsliklari asosida ishlab chiqilgan.

Yangi yondashuvda o‘quvchining har bir sinf yakunida nimani bilishi va bajara olishi aniq belgilanadi. Ta’lim standarti, o‘quv dasturi, darslik va baholash o‘zaro bog‘liq holda shakllantirilib, mavzularning yoshga mosligi, izchilligi hamda bilimni amaliyotda qo‘llash imkoniyatiga e’tibor qaratiladi. 2027 yilga qadar jami 1 ming 342 nomdagi darslik va o‘quv-metodik materialni tayyorlash rejalashtirilgan.

Darsliklarda tanqidiy fikrlash, muloqot, hamkorlik va ijodkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qiladigan topshiriqlar o‘rin olmoqda. Bola tayyor javobni eslab qolish bilan cheklanmay, savol berishi, ma’lumotni tahlil qilishi, o‘z fikrini asoslashi va birgalikda yechim topishi ko‘zda tutilgan.

O‘quv materiallarida kasbga yo‘naltirish ham alohida o‘rin egallaydi. Ayni yo‘nalishda 255 ta dars ishlab chiqilgan bo‘lib, ular bolalarga o‘z qiziqishlarini anglash va kelgusida kasbni ongli tanlashga yordam berishga qaratilgan. Darsliklardagi qahramonlar orqali do‘stlik, mas’uliyat, jasorat va hurmat kabi qadriyatlar ham bolalarga yaqin misollarda ochib beriladi.

Ekologik savodxonlikka oid 300 dan ortiq mavzu suvni tejash, tabiatni asrash va tabiiy boyliklardan oqilona foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qiladi. Moliyaviy savodxonlik bo‘yicha pulni hisoblash, tejash, jamg‘arish hamda xaridni rejalashtirish, raqamli savodxonlik bo‘yicha esa internetdan foydali va xavfsiz foydalanish masalalari qamrab olingan.

Taqdimotda yangi darsliklarning samarasi o‘qituvchining ular bilan ishlashga tayyorligiga bevosita bog‘liq ekaniga alohida e’tibor qaratilgan. Shuning uchun o‘zgarishlar maktabgacha ta’limdan boshlab pedagoglarni tayyorlash, ularning malakasini oshirish va o‘quvchilar bilimini baholashgacha bo‘lgan jarayonni qamrab olmoqda.

Xususan, “Ilk qadam” dasturi asosida bolalarning nutqi, tafakkuri, muloqot va ijodiy qobiliyatlarini birinchi sinfga qadar rivojlantirish yo‘lga qo‘yilgan. Pedagogika oliygohlarida yangi avlod o‘qituvchilarini tayyorlashga kirishilgan. Pedagoglar uchun tanqidiy fikrlash, ijodkorlik, muloqot va hamkorlikka asoslangan darslarni tashkil etish bo‘yicha maxsus o‘quv modullari ishlab chiqilgan.

Malaka oshirish dasturlari ham yangi darsliklar mazmuniga moslashtirilgan. Shu asosda 110 ming nafar boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi malaka oshirgan. Singapurlik hamkorlar bilan 121 nafar master-trener va 739 nafar murabbiy-o‘qituvchi tayyorlanib, ular orqali 90 ming nafar pedagog o‘qitilgan.

Darslarda o‘quvchini mavzuga qiziqtirish, mustaqil tadqiq etishga undash, tushuntirish, bilimni qo‘llash va natijani baholashga asoslangan usullarni kengaytirish ko‘zda tutilmoqda. Videodarslar, animatsiya, audiomateriallar va interaktiv topshiriqlar ham o‘qituvchi hamda o‘quvchi uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.

Pedagoglarning kasbiy o‘sishini baholash va rag‘batlantirish mexanizmlari takomillashtirilgan. Kasbiy sertifikatlashda o‘qituvchining fan bo‘yicha bilimi bilan birga pedagogik tayyorgarligi ham baholanmoqda.

Shuningdek, yangi ta’lim mazmuniga mos, aniq mezonlarga asoslangan baholash tizimi 5 mingta maktabda joriy etilgan. Bu o‘quvchining faqat ma’lumotni yodlaganini emas, balki uni tushunishi va qo‘llay olishini ham baholashga qaratilgan.

Davlat rahbari darslikni ishlab chiqishning o‘zi yetarli emasligini, yangi mazmunni ta’lim jarayoniga samarali joriy etish uchun pedagoglar tayyorgarligi, o‘qitish usullari va baholash tizimi birgalikda takomillashtirilishi zarurligini ta’kidladi hamda mutasaddilarga tegishli topshiriqlar bergan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing