Ayrim o‘qituvchilar uchun daromad solig‘i 7,5 foizga tushuriladi
Jamiyat
−
24 fevral 6707 2 daqiqa
Endi olis hududlardagi o‘quv markazlari o‘qituvchilari uchun daromad solig‘i 7,5 foiz bo‘ladi. Bu haqda bugun, 24 fevral kuni “Ko‘ksaroy” qarorgohida o‘tkazilayotgan Prezident Shavkat Mirziyoyev va yoshlar uchrashuvida ma’lum qilindi.
Uchrashuvda qayd etilishicha, “Ko‘mak” dasturi doirasida 130 million so‘mgacha foizsiz ssuda ajratish yo‘lga qo‘yilgani uchun olis va chekka hududlarda olti oy ichida xorijiy til o‘rgatadigan 120 dan ziyod o‘quv markazi ish boshlagan.
Bunday o‘quv markazlarini tashkil qilib, tajriba orttirgan yosh tadbirkorlar atrofida AT va zamonaviy kasb markazi, kutubxona, sport to‘garaklarini ochish taklifini bermoqda.
“Ko‘mak” loyihasi doirasida o‘z biznesini boshlab, yaxshi natija ko‘rsatayotgan yoshlar faoliyatini kengaytirish uchun 300 million so‘mgacha foizsiz ssuda ajratish yo‘lga qo‘yiladi.
Endi olis hududlardagi o‘quv markazlari ijtimoiy soliqni 1 foiz miqdorida to‘laydi, ulardagi o‘qituvchilar uchun daromad solig‘i 7,5 foiz bo‘ladi (hozir ijtimoiy va daromad solig‘i 12 foizdan to‘lanadi).
Yoshlar ishlari agentligiga xususiy o‘quv markazlari bilan hamkorlikda yiliga 20 ming yoshni kelajak kasblariga o‘qitish dasturini ishga tushirish, har bir tumanga 500 million so‘mgacha ssuda ajratib, texnikum va o‘quv markazlarida kasb-hunar laboratoriyasini tashkil qilish topshirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq mazkur yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda O‘quv markazlari uyushmasi tashkil qilinishini qo‘llab-quvvatlagan edi.
Live
Barchasi