Ohangaronda o‘qituvchi o‘quvchini kaltakladi

Jamiyat

−

image

Toshkent viloyatining Ohangaron tumanidagi 15-maktabda matematika o‘qituvchisi o‘quvchiga nisbatan jismoniy kuch ishlatgani aniqlandi. Bu haqda Toshkent viloyati maktabgacha va maktab ta’lim boshqarmasi xabar berdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Ohangaron tumanidagi 15-maktabda o‘qituvchi o‘quvchiga nisbatan jismoniy kuch ishlatgani aks etgan videolar tarqalgan. Dastlabki o‘rganishlarda voqea kecha, 21 oktyabr kuni 7-“A” sinfida matematika darsi vaqtida sodir bo‘lgani aniqlangan. Shuningdek, o‘qituvchining o‘quvchiga avval ham qo‘pol munosabatda bo‘lgani haqidagi ma’lumotlar tekshirilmoqda.

“Mazkur holat shu kunning o‘zida Toshkent viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan nazoratga olindi. Ayni paytda boshqarma va bo‘lim mas’ullari hamda maktab kengashi, ichki ishlar organlari, mahalla yettiligi vakillari ishtirokida o‘rganish ishlari olib borilmoqda”, deyiladi munosabatda.

Qayd etilishicha, holatni o‘rganishda viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limi mas’ullari, maktab kengashi, ichki ishlar organlari hamda mahalla yettiligi vakillari ishtirok etmoqda

Boshqarma ta’lim jarayonida bolalarga nisbatan jismoniy yoki ruhiy zo‘ravonlikka yo‘l qo‘yilmasligini ma’lum qilgan. O‘zbekistonning “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonuni ta’lim oluvchilarning jismoniy va ruhiy zo‘ravonlikdan, shaxsining haqoratlanishidan himoyalanish huquqini kafolatlaydi. “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunda ham bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning barcha shakllari taqiqlangan.

O‘rganish davomida o‘quvchi va uning qonuniy vakillari, o‘qituvchi hamda guvohlarning tushuntirishlari, mavjud materiallar va boshqa dalillar xolisona baholanadi. Holatga vakolatli organlar tomonidan huquqiy baho berilib, aniqlangan qonunbuzilishlar bo‘yicha tegishli choralar ko‘riladi.

Boshqarma o‘rganish yakunlari bo‘yicha jamoatchilikka qo‘shimcha axborot berilishini ma’lum qilgan

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Namangan viloyatining Kosonsoy tumanidagi 39-sonli maktabda boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi o‘quvchini kitobni o‘qib bera olmagani uchun kaltaklagan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing