Sherzodxon Qudratxo‘ja AOKAga jazolash vakolatini berishni taklif qildi
Jamiyat
−
11 aprel
9725O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja avvalroq o‘zbekistonliklarni haqorat qilgani uchun qamalgan bloger haqida munosabat bildirib, shu kabi holatlar sodir etilganda O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga ularni jazolash imkonini berishni taklif qildi. Bu haqda u o‘zining Instagram sahifasida ma’lum qildi.
Sherzodxon Qudratxo‘ja o‘z munosabatida blogerni ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rgani va O‘zbekiston fuqarolari orasida shundaylar borligidan afsuslanishini bildirgan.
“Tuzimizni yeb, nonimizni yeb, tuzluqqa tupuradiganlar bor ekan. O‘zbekistonimiz to‘g‘risida, O‘zbekiston fuqarolari – bizning vatandoshlarimiz to‘g‘risida juda haqoratomuz, juda obro‘ni pasaytiruvchi, obro‘ni buzuvchi, bizga – mentalitetimizga, dunyoqarashimizga, umuman bizning o‘zbekligimizga xos kelmagan tarzda juda kamsitib gapirgan”, deydi u.
Shuningdek, rektor blogerning Abu-Dabidan olib kelinganini olqishlab, u kechirim so‘ragan bo‘lsa-da, holatga ko‘z yumish noto‘g‘ri bo‘lishini bildirgan va voqea yuzasidan taklif bildirgan.
“O‘zbekiston Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi shunday voqealarning oldini olish bo‘yicha kuchli choralar ko‘rishi kerak. Shuning vaqti keldi. Chunki bizning axboriy hududimizda bunday holatlar ba’zida uchrab turibdi. Men ularning ko‘payishini xohlamayman. Shuning uchun AOKAga shunday masalalarda chora ko‘rish imkonini berishimiz kerak”, deydi Sherzodxon Qudratxo‘ja.
Bundan tashqari, O‘zJOKU rektori shu kabi fuqarolar tomonidan vatanga, millatga va O‘zbekistonda yashayotgan boshqa millatlarga haqoratli, kamsituvchi holatlar bo‘lsa, keskin choralar ko‘rishni, ularni hattoki O‘zbekiston fuqaroligidan mahrum qilishni taklif qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Abdulloh” nomi bilan tanilgan mazkur bloger Yugay Valeriy qamoqqa olingani xabar qilingan edi. U 2024 yilning oktyabr-noyabr oylarida Koreya Respublikasida bo‘lib turgan vaqtida o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi ommaviy sahifalari orqali millatlararo nizo keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan, milliy qadriyatni tahqirlovchi hamda diniy e’tiqodga ko‘ra fuqarolarni kamsituvchi so‘zlar bilan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga nisbatan qator haqoratli chiqishlar qilib borgan.
LiveBarchasi