AOKA tugatiladi
Jamiyat
−
14 iyul 14890 2 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) faoliyati tugatilib, uning asosida Milliy kontent ishlab chiqaruvchi markaz tashkil etiladi. Bu Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan “Davlat boshqaruvi tizimida samaradorlik, proaktivlik va natijadorlikni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonda belgilandi.
Farmonga muvofiq, davlat idoralarining jamoatchilik oldidagi hisobdorligi oshirilmoqda. Matbuot kotiblari instituti yanada mustahkamlanadi, aholi bilan kommunikatsiya qilish va ommaviy axborot vositalari bilan ishlashning yangi tizimi joriy etilmoqda.
Shuningdek, ayrim yo‘nalishlarda Prezident vakillari lavozimlari joriy etildi.
Bundan tashqari, endilikda har qanday normativ-huquqiy hujjat va loyiha Prezident Administratsiyasi huzuridagi ilmiy-tahliliy institutlar tadqiqotlari, olimlar, mahalliy va xorijiy ekspertlarning tavsiyalari asosida ishlab chiqiladi.
Muhim yo‘nalishlar loyiha ofislari orqali amalga oshiriladi. Administratsiya faoliyatida “komplayens” tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bu esa shaffoflikni ta’minlash, ijro intizomini mustahkamlash va korrupsiya holatlarining oldini olishga xizmat qiladi.
Ma’lumot uchun, AOKA Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 2 fevraldagi “Axborot sohasi va ommaviy kommunikatsiyalarni yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi negizida tashkil etilgan. 2019 yil 4 fevraldan 2020 yil 29 yanvarga qadar Komil Allamjonov AOKA direktori vazifasini bajargan. 2020 yilning iyulidan beri agentlikka Asadjon Xo‘jayev rahbarlik qilib keladi.
Eslatib o‘tamiz, Prezidentning yuqoridagi farmoni bilan Prezident Administratsiyasining yangi tuzilmasi tasdiqlangan, natijada Administratsiya va uning tarkibidagi tashkilotlarda 284 ta shtat qisqartirilib, takrorlanuvchi lavozimlar optimallashtirilgani xabar qilingandi. Farmonga asosan, endilikda Prezident Administratsiyasi faoliyatida 5 ta ustuvor yo‘nalish belgilandi. Bular – ta’lim, biznes, sud-huquq tizimi, tibbiyot va suv resurslari masalalaridir. Ushbu yo‘nalishlarda islohotlarni samarali amalga oshirish maqsadida Prezident Administratsiyasi rahbariga 5 nafar o‘rinbosar lavozimi joriy etildi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr