AOKA matbuot erkinligini bo‘g‘ishga bosh-qosh…mi?
Jamiyat
−
09 Sentabr
6938O‘zining achchiq savollari bilan hukumat vakillarini doim so‘roqqa tutib keladigan QALAMPIR.UZ Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tayotgan matbuot anjumanlariga kiritilmayapti. Bunga sabab tahririyat nomining agentlik ommaviy axborot vositalari ro‘yxatidan tushib qolishidir.
Ammo tashkil etilganiga oz emas, ko‘p emas 9 yil bo‘layotgan va doim matbuot anjumanlarida faol qatnashib keladigan tahririyat nomining bu ro‘yxatdan tushib qolishi va matbuot anjumanlariga qo‘yilmasligi biroz taajjubli.
Ayniqsa, agentlikning qo‘riqlash xizmati xodimiga QALAMPIR.UZ jurnalistlari kelishi bilan mas’ullarga qo‘ng‘iroq qilish, qo‘ng‘iroq qilganda esa kiritmaslik buyurilgani tushunarsiz holat.
Bugun, 9 sentyabr kuni ayni shu agentlikda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi rahbariyati bilan matbuot anjumani bo‘lishi va unda ko‘p qavatli uy-joylarni kuz-qish mavsumiga tayyorlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha jurnalistlar savollariga javob berilishi kerak edi.
Matbuot anjumaniga kech kelib, sayt jurnalistining matbuot anjumaniga kirolmayotganining guvohi bo‘lgan vazirlik Axborot xizmati xodimi ham “tepadagilar” bilan gaplashib, birozdan so‘ng olib kirib ketishini va’da qildiyu, shu bilan va’dasini unutdi.
“Uzreport” telekanali orqali jonli yoyinlangan matbuot anjumanidan ko‘rish mumkinki, zalda jurnalistlar soni ko‘p emas. Bo‘lib ham xususiy saytlardan hech kim yo‘q. Shu sababli jurnalistlar uchun mo‘ljallangan joyni Qurilish vazirligi xodimlarining o‘zi, masalan, matbuot kotibi Saidnosir Usmonov to‘ldirib turibdi.
Bundan ko‘rinadiki, yo Qurilish vazirligi QALAMPIR.UZ savollaridan qo‘rqqan, yoki haqiqatdan ham tahririyat jurnalistining bu matbuot anjumanlarida qatnashmasligidan AOKA manfaatdor.
QALAMPIR.UZ veb-sayti OAV sifatida 2018 yil 26 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligidan 1089 raqam bilan ro‘yxatga olingan.
Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi esa O‘zbekiston Respublikasining axborot sohasidagi yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish hamda ommaviy axborot vositalari, matbuot, noshirlik-matbaa va axborot-kutubxona faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha vakolatli davlat organi hisoblanadi.
Uning vazifalari qatoriga davlat organlari va boshqa tashkilotlarga ular faoliyatining ochiqligini ta’minlash, davlat xizmatchilariga ommaviy axborot vositalari bilan ochiq, ommaviy o‘zaro hamkorlik qilish madaniyatini singdirish, shu jumladan, ularning matbuot xizmatlari (jamoatchilik bilan ishlash bo‘yicha bo‘linmalari) faoliyatini muvofiqlashtirish va uslubiy jihatdan ta’minlash orqali ko‘maklashish kabilar kiradi.
Agentlik ro‘yxat bahonasi bilan QALAMPIR.UZ jurnalistini bundan oldin ham bir necha bor matbuot anjumaniga kiritmaslikka harakat qilgan. Ammo uzoq tortishuvlardan so‘ng jurnalist baribir matbuot anjumaniga kirgan va bundan so‘ng ro‘yxatga sayt nomini kiritib qo‘yishni talab qilgan.
Biroq bu safar agentlik QALAMPIR.UZ jurnalistini matbuot anjumanlariga qo‘ymaslik fikrida qat’iy turib oldi va bunga yana o‘sha eski ro‘yxatni vaj qilib keltirdi.
QALAMPIR.UZ’ni aynan o‘zi akkreditatsiyadan o‘tkazgan agentlik nega bugun uning huquqlarini poymol qilmoqda?
Aslida ro‘yxatga kiritmagani uchun o‘zi aybdor bo‘lgan agentlik nima uchun jurnalistlar oldida o‘zini aybdor his qilmayapti?
Mazkur holat bo‘yicha agentlik va Qurilish vazirligi rahbariyatidan izoh talab qilamiz.
Hulkar Murtazoyeva
LiveBarchasi