AOKA OAV xodimi kaltaklangani bo‘yicha IIV, MG va BPga so‘rov yubordi
Jamiyat
−
13 iyun 2022
8018O‘zbekiston Respublika Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi joriy yilning 11 iyun kuni Toshkent shahridagi “Paxtakor” stadionida futbol bo‘yicha U-23 Osiyo kubogi chorak finali doirasida O‘zbekiston – Iroq o‘yinini yoritishga borgan “Sevimli” telekanali muxbiri va tasvirchisiga Ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya xodimlari tomonidan kuch ishlatilgani, kamerasi tortib olingani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, ushbu holat yuzasidan AOKA o‘z vakolati doirasida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuraturasi hamda Milliy gvardiyasiga so‘rov yuborgan.
Agentlik ayni paytda davom etayotgan xizmat tekshiruvi natijalarini sinchkovlik bilan kuzatib boradi. Ishonamizki, Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya amaldagi qonunchilik normalarini chetlab o‘tgan xodimlarining xatti-harakatlariga munosib baho beradi hamda tegishli chora ko‘radi. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi esa ushbu masalani o‘z nazoratiga olishini so‘rab qolamiz”, deyiladi munosabatda.
Agentlik OAV vakillari faoliyatiga to‘sqinlik qilish, noqonuniy yo‘llar bilan daxl qilish, shaxsini obro‘sizlantirishga bo‘lgan har qanday urinishlarni keskin qoralagan.
Shuningdek, agentlikning eslatishicha, mamlakat qonunchiligida jurnalistlar huquqlari, axborot olish erkinligiga oid masalalar qator normalar bilan mustahkamlab qo‘yilgan. Xususan, “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 8-moddasiga ko‘ra, jurnalist jurnalistlik faoliyatini amalga oshirish chog‘ida shaxs daxlsizligi kafolatidan foydalanadi. Mazkur qonunning 10-moddasiga ko‘ra, davlat jurnalistga axborotni erkin olishini va tarqatishini kafolatlashi, o‘z kasbiga doir faoliyatni amalga oshirishida uning himoya qilinishini ta’minlashi lozim, 14-moddada esa jurnalistning ushbu qonunda belgilangan huquqlarini buzganlik, uning hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulkiga tahdid, zo‘ravonlik yoki tajovuz qilganlik qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘lishi belgilangan.
Bundan tashqari, “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonunning 5-moddasiga muvofiq, davlat ommaviy axborot vositalarining faoliyati va axborotdan foydalanish erkinligini, mulk huquqini, davlat organlarining g‘ayriqonuniy qarorlaridan, ular mansabdor shaxslarining g‘ayriqonuniy harakatlaridan (harakatsizligidan) himoya qilinishini kafolatlaydi, ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki aralashish taqiqlanadi.
“OAV vakillarining kasbiy faoliyati davomida tazyiq ko‘rsatish, to‘sqinlik qilish kabi holatlar so‘z va matbuot erkinligini ta’minlash borasidagi davlat siyosatiga zid bo‘lib, Agentlik, o‘z navbatida, barcha darajadagi davlat idoralari xodimlarini axborot qonunchiligi hamda jurnalistlar vakolatlariga hurmat bilan munosabatda bo‘lishga chaqiradi”, deya yakunlangan AOKA munosabati.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 11 iyun kuni “Sevimli” telekanali “Zamon” dasturi tasvirchisi T.Ibrohimov jurnalist bilan O‘zbekiston-Iroq o‘yinini yoritish uchun “Paxtakor” stadioniga borganida do‘pposlangan. Unga shifoxonada jag‘-tish sinishi tashxisi qo‘yilgan. Jurnalist va tasvirchining o‘zi do‘pposlaganlar Ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya xodimlari ekanini aytmoqda. IIV esa operator odamlar o‘rtasidagi janjalda kaltak yeganini ma’lum qildi, biroq aynan kim urganiga aniqlik kiritmadi. Shu bilan birga vazirlik bezorilik sodir etgan fuqarolarni aniqlash ishlarini boshlagan.
LiveBarchasi