Angrenda 20 yoshli yigit “proba“siz ukol ortidan komaga tushib qoldimi?

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Angren shahridagi xususiy tibbiyot muassasasida “proba“siz tomiriga tomchi dori yuborilishi ortidan 20 yoshli yigitning komaga tushib qolgani haqida xabar tarqaldi. Holat yuzasidan Toshkent viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi.

Tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, bemor shamollash belgilari bilan joriy yilning 31 iyul kuni Angren shahridagi “Angren medical center” xususiy klinikasiga murojaat bilan borgan hamda klinikada “proba”siz tomiriga tomchi dori yuborilishi ortidan sog‘ligi yomonlashib, hushini yo‘qotgan.

Xabarlarga ko‘ra, yigit 45 kundan buyon komada. U hozir Angren shahar shifoxonasida og‘ir ahvolda qolmoqda. Yigitning ota-onasi esa xususiy klinikada davolanish uchun yetarli moddiy yordam berilmayotganidan norozi.

Qayd etilishicha, mazkur holat Toshkent viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan nazoratga olingan.

Ma’lum qilinishicha, holatni har tomonlama va xolis o‘rganish maqsadida boshqarma tomonidan ishchi guruh tuzilib, xizmat tekshiruvi tayinlangan. Tekshiruv jarayonida bemorga ko‘rsatilgan tibbiy yordam sifati, davolash jarayoni va holatning kelib chiqish sabablari tegishli mutaxassislar ishtirokida o‘rganilishi qayd etilgan.

“Tekshiruv natijalari asosida holatga huquqiy va tibbiy jihatdan baho beriladi hamda qo‘shimcha ma’lumot taqdim etiladi”, deyiladi munosabatda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqandda kelinchak noto‘g‘ri ukol oqibatida vafot etgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing