Andijonda YPX xodimiga pora taklif qilgan shaxsga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi (video)
3-sahifa
−
14 may 4083 1 daqiqa
Ichki ishlar vazirligi Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi tezkor qidiruv xizmati xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Paxtaobod tumanida yashovchi shaxs yo‘l-patrul xizmati inspektoriga pora taklif etgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, bugun, 14 may kuni yo‘l-patrul xizmati xodimi belgilangan taqsimotga asosan Oltinko‘l tumanida xizmat olib borayotgan bo‘lgan. Soat 11:00 larda davlat raqam belgilari bo‘lmagan Damas rusumli avtomashinani tekshirish uchun to‘xtatganida haydovchi uni tegishli hujjatlarsiz boshqarib kelayotgani aniqlangan. Unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 135-moddasi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, avtoulov jarima maydonchasiga olib ketilgan. Shu kuni fuqaro avtomashinasini jarima maydonidan olib chiqib berish va ma’muriy bayonnomani yo‘q qilib yuborish evaziga xodimga 1 million so‘m miqdorida pora taklif etgan.
Hozirda pora taklif etgan fuqaroga nisbatan Jinoyat kodeksining 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilgan hamda jinoyat ishi tegishli sud organlariga yuborilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyatida 1 mln 200 ming so‘m pora olgan yo‘l-patrul xizmati inspektori 2 yilga qamalgandi.