Andijonda ushlangan ekstremistlar, “Tolibon”ning xatosi, Rossiyani yo‘q qilish yo‘lini aytgan Putin... Bugun nimalar bo‘ldi?
Tahlil
−
24 dekabr 2021
15614Jamiyat
Toshkent viloyatidagi maktabda janjalni to‘xtatayotgan o‘quvchini urgan shaxsga jinoyat ishi ochildi
Ijtimoiy tarmoqda Toshkent viloyatining Toshkent tumanidagi 18-maktabda o‘quvchilar o‘rtasida ommaviy janjal yuz bergani haqida xabar va video tarqaldi. Mazkur holat Toshkent tumani IIB xodimlari tomonidan o‘rganildi.
Ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning 30 noyabr kuni soat taxminan 10:00 larda Toshkent tumanida joylashgan 9-maktab sport zalida, tuman XTBga qarashli 18-maktab o‘quvchilari va 31-maktab o‘quvchilari o‘rtasidagi basketbol musobaqasi jarayonida o‘zaro janjal kelib chiqqan.
Musobaqada kuzatuvchi bo‘lgan 2001 yil tug‘ilgan S.A. sport zalda o‘zaro janjallashayotgan maktab o‘quvchilarini bezorilik harakatlarini oldini olish chorasini ko‘rayotgan, voyaga yetmagan 2004 yil tug‘ilgan X.V. (18-maktab o‘quvchisi)ni (jamiyatda yurish turish qoidalarini qasddan mensimasdan) hech bir sababsiz yuz sohasiga urib tan jarohati yetkazgan.
Samarqanddagi kiyim-kechak bozorida yong‘in sodir bo‘ldi
Bugun, 24 dekabr kuni Samarqand viloyatining Urgut tumanidagi kiyim-kechak bozorida yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.
Bugun soat 09:10 da “Mergancha” MFY hududida joylashgan “Urgut kiyim-kechak” bozorining 6 ta do‘konida yong‘in sodir bo‘ldi. Voqea joyiga Favqulodda vaziyatlar vazirligining viloyat boshqarmasidan 6 ta yong‘in o‘chirish ekipaji zudlik bilan yetib borgan. Yong‘in soat 09:27 da qurshab olinib, 10:14 da to‘liq bartaraf etildi.
Qarshida sobiq xotinidan shantaj orqali $5 ming talab qilgan shaxs ushlandi
Qashqadaryoda sobiq rafiqasini shantaj qilib, undan pul talab qilgan yigit ushlandi. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar berdi.
Joriy yilning 20 dekabr kuni 23 yoshli B.M. Qarshi shahar IIO FMB boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilgan. Unda sobiq turmush o‘rtog‘i 24 yoshli Y.F. uning shaxsiga oid ma’lumotlarni va ekspertiza hujjatlarini o‘qish va ish joyi hamda boshqa ijtimoiy tarmoqlarga tarqatib yuborish bilan qo‘rqitib, ushbu ma’lumotlarni oshkor qilmaslik evaziga 5000 AQSH dollar pul mablag‘larini talab qilib kelayotganligini ma’lum qilgan hamda unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Y.F. Qarshi shahridagi “Yashil bozor” savdo do‘koni yonida fuqaro B.M.dan talab qilgan 5000 AQSH dollaridan maxsus kimyoviy ishlov berilgan 2500 AQSH dollarini olgan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan ushlanib, pul mablag‘lari ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.
“Gulnoraning jinoyatlaridan O‘zbekiston davlati va xalqi ham jabr ko‘rgan”. Toshkent Shveysariya sudi qaroriga munosabat bildirdi
Avvalroq Shveysariya federal jinoiy sudi O‘zbekiston Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoiy ish bo‘yicha muzlatib qo‘yilgan mablag‘lardan Takilant kopmaniyasiga qariyb 70 million dollarni qaytarishga qaror qilgani haqida xabar bergan edik.
O‘zbekiston Adliya vazirligi Shveysariya sudining qarori bo‘yicha ayrim tafsilotlarni e’lon qildi.
Vazirlik 2012 yilda Shveysariya Federal prokuraturasi Gulnora Karimova va unga aloqador shaxslarga nisbatan jinoiy mablag‘larni legallashtirish va qalbakilashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli tergov boshlaganini eslatgan. Gap O‘zbekiston bozoriga kirish va to‘siqsiz ishlash evaziga xorijiy telekommunikatsiya kompaniyalaridan noqonuniy yo‘l bilan olingan yirik mablag‘larni legallashtirish haqida ketmoqda.
DXX Andijonda 12 nafar “Hizb ut-Tahrir” a’zosini ushladi
Joriy yilning 22 dekabr kuni Andijon viloyatida istiqomat qiluvchi O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyati taqiqlangan “Hizb ut-Tahrir” diniy-ekstremistik tashkiloti tarafdorlarining faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda DXX Matbuot xizmati xabar berdi.
Mavjud tezkor ma’lumotlarga ko‘ra, muqaddam “Hizb ut-Tahrir” safida faoliyat olib borgani uchun uzoq yillar jazo muddatini o‘tab chiqqan 1968 yilda tug‘ilgan “A.A.” jinoiy faoliyatini tiklab, 11 nafar sobiq g‘oyadoshlarini o‘zining noqonuniy harakatlariga jalb qilgan.
Olam
Muhammad payg‘ambarni haqorat qilish ijod erkinligi emas – Putin
Payg‘ambar Muhammad (s.a.v.)ni haqorat qilish ijod erkinligi hisoblanmaydi. Bu haqda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin kecha, 23 dekabr kuni an’anaviy yillik katta matbuot anjumanida aytib o‘tdi.
Rossiya Prezidentining yillik katta matbuot anjumanida jurnalist ekstremizmni targ‘ib qilish, his-tuyg‘ularni haqorat qilish bilan bog‘liq ma’muriy va jinoiy ishlar ko‘payib borayotganini ta’kidladi. Shu munosabat bilan jurnalist kimningdir his-tuyg‘ularini himoya qilish va rassomning o‘zini ifoda etish huquqi o‘rtasidagi chegara qayerda degan savolni Prezidentga berdi.
Putin Rossiyani yo‘q qilishning yagona yo‘lini aytdi
Rossiyani mag‘lub etib bo‘lmaydi, uni faqat ichkaridan yo‘q qilish mumkin. Bu haqda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin yillik matbuot anjumanida ma’lum qildi.
BBC rus xizmati muxbiri Pyotr Kozlov Putindan so‘nggi olti oy ichida xorijiy tashkilotlar va OAVni xorijiy agentlar va ekstremistlar deb tan olinishi keskin oshganiga nima bo‘layotganini so‘ragan.
“Agar tarix haqida gapiradigan bo‘lsak, men sizga raqiblarimiz asrlar davomida nima haqida gapirib kelayotganini eslatmoqchiman. Rossiyani mag‘lub etib bo‘lmaydi, uni faqat ichkaridan yo‘q qilish mumkin. Bu Birinchi jahon urushidan keyin va 1990-yillarda sodir bo‘lgan voqea. Kim buni qildi? Boshqa odamlarning manfaatlariga xizmat qilganlar”, degan Putin.
Janubiy Koreyaning 22 yilga qamalgan sobiq Prezidenti afv etiladi
Janubiy Koreyaning sobiq Prezidenti, mansab vakolatini suiiste’mol qilgani uchun qamoq jazosini o‘tayotgan Pak Kin Xe joriy yilning 31 dekabridan boshlab afv etiladi. Bu haqda mamlakat Adliya vazirligi xabar bergan.
“Hukumat 24 dekabr kuni 2022 yil bo‘sag‘asida 31 dekabrdan 3094 kishini, jumladan, sobiq Prezidentni afv etish to‘g‘risida qaror qabul qilganini ma’lum qildi”, deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, bugun, 24 dekabr kuni Janubiy Koreya hukumatining Yangi yil bayrami munosabati bilan bir qator shaxslarni afv etish, jazoni yengillashtirish va vakolatlarini tiklash masalalari bo‘yicha navbatdan tashqari yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan. Unda sobiq Prezident Pak Kin Xeni afv etish masalasi ham ko‘rib chiqilgan.
Putinning arzanda vaziri kim? Prezident javob berdi
Prezidentning hukumat vazirlari orasida favoritlari bo‘lishi mumkin emas va bu hech qachon sodir bo‘lmagan. Bu haqda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin yillik matbuot anjumanida ma’lum qildi.
“Men yillar davomida ko‘p odamlar bilan ishlab kelyapman va ularni yaxshi bilaman. Ammo, agar biror joyda ular yetarlicha ishlamayotganliklarini yoki qandaydir o‘tkir burchaklarni aylanib o‘tishga harakat qilishayotganini ko‘rsam, shaxsiy munosabatlarimizdan qat’i nazar men biz ishlayotgan masalalarga to‘g‘ri munosabatda bo‘lishga intilishimiz kerakligini har doim hamkasblarimga ta’kidlayman”, degan u.
Qimmatga tushgan xato: “Tolibon” Dushanbedagi elchixonaga qariyb $1 mln o‘tkazib yuborgan
Afg‘onistonda hokimiyatni egallagan toliblar Afg‘onistonning Dushanbedagi elchixonasi hisobiga yanglishib 800 ming dollar o‘tkazib yuborgan. Afg‘oniston elchisi Muhammad Zohir Agbar bu mablag‘ ularga qaytarilmasligini ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, davlat to‘ntarishi paytida Afg‘onistondan qochib ketgan Prezident Ashraf G‘ani hukmronligining so‘nggi kunlarida Afg‘onistonning Dushanbedagi elchixonasiga 786 ming dollar “xatolik” bilan o‘tkazilgan va hozirda “Tolibon” pullarni qaytarib berishni talab qilib xat jo‘natgan.
“Tolibon”ning deyarli 800 ming dollar bo‘lgan ushbu mablag‘ni talab qilishga haqqi yo‘q, chunki Afg‘oniston elchixonasi Afg‘oniston Islom Respublikasining rasmiy diplomatik idorasi hisoblanadi va shuning uchun bu yerga turli miqdorda mablag‘lar kelib tushadi, ular haqida “Tolibon” savol berishga haqli emas”, degan elchi.
Sport
Netflix Ronalduning sevgilisi haqida serial suratga oldi
Netflix kompaniyasi futbolchi Krishtianu Ronalduning sevgilisi sifatida tanilgan ispaniyalik model Jorjina Rodriges haqida serial suratga oldi. Bu haqda modelning o‘zi Instagram’dagi sahifasida ma’lum qildi. U “Men, Jorjina” deb nomlanadi.
“Bu muqovalar, hikoyalar va qizil yo‘lak ortida yashiringan narsa. Barcha qismlar 27 yanvar kuni taqdim etiladi”, deb yozgan Jorjina.
19 yoshli tennischi “British Airways” yuziga aylandi
19 yoshli tennischi Emma Radukanu “British Airways”ning yuziga aylandi. U kompaniyaga global brend elchisi sifatida qo‘shildi.
“Men “British Airways” oilasiga global brend elchisi sifatida qo‘shilganimdan juda xursandman. Aviakompaniya men uchun “US Open” turniridan so‘ng uyga uchib kelganimdayoq qadrdon bo‘lib qolgan edi. Men Buyuk Britaniyaning mashhur brendi bilan qiziqarli loyihalar ustida ishlashni intiqlik bilan kutaman”, deydi Radukanu.
64-o‘rindagi Ronaldu va 100 millionlik trio: APLning eng qimmat futbolchilari kimlar?
“Transfermarkt” portali Angliya Premer ligasining eng qimmat futbolchilarining yangilangan reytingini e’lon qildi.
“Manchester Yunayted” hujumchisi Krishtianu Ronaldu 64-pog‘onadan o‘rin olgan. U o‘tgan oydagiga nisbatan 10 million yevro arzonlashgan va 35 millionga baholangan.
Kuchli uchlikdan 100 million yevro turadigan hujumchilar – Muhammad Saloh (“Liverpul”), Romelu Lukaku (“Chelsi”) va Harri Keyn (“Tottenxem”) joy olgan. Shu bilan birga, Keynning narxi avvalgi reytingga nisbatan 20 millionga pasayganini aytib o‘tish kerak.
4-o‘rin yarim himoyachilar – Bruno Fernandesh (“Manchester Yunayted”) va Kevin De Bryuynega (“Manchester Siti”) nasib etgan. Ularning transfer narxi 90 million yevro etib belgilangan.
6-pog‘onani 85 million yevroga baholangan Markus Reshford, Jeydon Sancho (ikkalasi “Manchester Yunayted”) va Raxim Sterling (“Manchester Siti”), shuningdek, yarim himoyachi Filipp Foden (“Manchester Siti”) egalladi.
10-o‘rinda Sadio Mane (“Liverpul”), Jek Grilish (“Manchester Siti”) va Son Xyon Min (“Tottenxem”) va Trent Aleksandr Arnold (“Liverpul”) joylashgan. Ushbu futbolchilar 80 million turadi.
LiveBarchasi