Andijonda tintuv qilingan deputatlar bo‘yicha Adliya vazirligi taqdimnoma kiritdi

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

Ijtimoiy tarmoqlarda joriy yilning 17 may kuni halq deputatlari Andijon shahar Kengashining navbatdagi sessiyasida deputat Sh.K.ni daxlsizlik huquqidan mahrum qilish masalasini ko‘rib chiqishda, Milliy gvardiya xodimlari tomonidan ayrim deputatlarni tintuv qilayotganligi holati aks etilgan fotosuratlar tarqalib, ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Adliya vazirligi Andijonda deputatlarning tintuv qilinishi bilan bog‘liq  xatti-harakatga munosabat bildirib, uni qonun buzilishi deb ta’kidladi. Vazirlik Andijon shahar Kengashiga hamda Milliy gvardiya Andijon viloyat Qo‘riqlash boshqarmasiga taqdimnomalar kiritdi.

Vazirlikning qayd etishicha, “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashi deputatining maqomi to‘g‘risida”gi Qonunga ko‘ra, har bir deputatga o‘z vakolatlarini moneliksiz hamda samarali amalga oshirishi uchun shart-sharoit kafolatlanadi, uning huquqlari, sha’ni va qadr-qimmati muhofaza qilinishi, deputatning sha’ni va qadr-qimmatiga tajovuz qilgan shaxslar qonunga muvofiq ma’muriy, jinoiy yoki o‘zga tarzda javobgar bo‘lishi, deputatlik vakolatlarini amalga oshirishiga to‘sqinlik qilish maqsadida deputatga qanaqa tarzda bo‘lmasin ta’sir ko‘rsatishga yo‘l qo‘yilmasligi, deputat oldidagi o‘z vazifalarini bajarmaydigan, uning ishiga to‘sqinlik qiladigan, bila turib unga yolg‘on axborot beradigan, deputat faoliyatining kafolatlarini buzadigan mansabdor shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgar bo‘ladi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2010 yil 30 dekabrdagi Qarori bilan tasdiqlangan Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining namunaviy Reglamentiga muvofiq sessiya o‘tkaziladigan vaqt, sana va joy hamda kun tartibi Kengash deputatlari e’tiboriga sessiya ochilishidan kamida yetti kun oldin yetkazilishi, deputatlarga tanishib chiqish uchun hujjatlar yuborilishi, sessiyalar ochiq, oshkora o‘tkazilishi va ommaviy axborot vositalari tomonidan yoritilishi, zarur hollarda Kengashi yopiq sessiya o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilinishi mumkin.

“Biroq, mazkur Kengash sessiyasida deputatlarning daxlsizligi buzilib telefon va ovozli videoga oluvchi moslamalarni olib kirishi taqiqlangan hamda ayrim deputatlar tintuv qilingan.

Mazkur holat bo‘yicha adliya organlari tomonidan halq deputatlari Andijon shahar Kengashiga hamda Milliy gvardiya Andijon viloyat Qo‘riqlash boshqarmasiga taqdimnomalar kiritildi. Unda, kelgusida bunday qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘yilmasligi hamda aybdor shaxslarga nisbatan chora ko‘rish so‘ralgan”, deyiladi vazirlik bayonotida.

Shu o‘rinda, vazirlik adliya organlarining bajarilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalarini bajarmaslik, shu jumladan o‘z vaqtida yoki to‘liq bajarmaslik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanganligini eslatib o‘tgan.

Avvalroq Xalq deputatlari Andijon shahar kengashining navbatdagi sessiyasida bir guruh deputatlar tintuv qilingani haqida xabar berilgandi. Milliy gvardiya e’tirozlarga sabab bo‘lgan holatga munosabat bildirib, deputatlar Andijon shahar hokimining topshirig‘iga asosan tintilganini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Adliya vazirligi deputat

Baholaganlar

254

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing