Ayrimlarga OTMga kirish uchun 3 yillik tavsiyanoma beriladi
Jamiyat
−
14:32 1156 2 daqiqa
“Vatan tayanchi” a’zolari va ikki respublika musobaqasi g‘oliblariga oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun tavsiyanoma beriladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Adliya vazirligi tomonidan joriy yilning 26 avgustdagi “Vatan tayanchi” otryadi a’zolari, “Vatanparvarlar” va “Shijoat va g‘ayrat” musobaqalarining respublika bosqichi g‘oliblariga oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun tavsiyanomalar berish to‘g‘risidagi 3931-sonli idoraviy hujjat davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Unga ko‘ra, tavsiyanoma quyidagi shaxslarga beriladi:
- “Vatan tayanchi” harakatida faol ishtirok etgan hamda davlat va nodavlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari, Prezident maktablari, ijod maktablari, sport maktablari, ixtisoslashtirilgan maktablar, maktab-internatlar, akademik litseylar va texnikumlarni a’lo baholar bilan tamomlagan “Vatan tayanchi” otryadining 1 nafar a’zosiga;
- “Jasorat maktabi”ni a’lo baholar bilan tamomlagan har bir “Vatan tayanchi” otryadining 1 nafar a’zosiga;
- “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqalarining respublika bosqichida 1-o‘rinni egallagan jamoa a’zolariga;
- mahalla yoshlari o‘rtasida o‘tkaziladigan “Shijoat va g‘ayrat” musobaqalarining respublika bosqichida 1-o‘rinni egallagan jamoa a’zolariga.
Tavsiyanoma Mudofaa vazirligi huzuridagi “Vatan tayanchi” bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakati tomonidan beriladi.
Eng muhimi, tavsiyanomaga ega bo‘lganlar oliy harbiy (harbiylashtirilgan), shuningdek, yuridik ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda imtiyozga ega bo‘ladi. Xususan, test sinovlari yoki yakka tartibdagi yakuniy suhbatda to‘plagan ballarining 5 foizi miqdorida qo‘shimcha ball qo‘shib beriladi. Bundan tashqari, tavsiyanoma bir marta berilganidan keyin 3 yil davomida amal qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq mablag‘ yuborishda bank hisob raqami yoki plastik karta rekvizitlarini kiritish shart bo‘lmasligi, buning uchun oluvchining mobil telefon raqamini ko‘rsatishning o‘zi kifoya qilishi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi