Amudaryo va Sirdaryoda suv hajmi yaxshi bo‘lishi kutilmoqda – Suv xo‘jaligi vaziri
Jamiyat
−
08 may
7017Joriy yilda Amudaryo va Sirdaryoda suv hajmi yaxshi bo‘lishi kutilmoqda. Bu haqda Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev parlament eshituvida so‘z ochdi.
Parlament quyi palatasi deputati Muqaddas Tirkasheva vazirning axboroti eshituvida O‘zbekistonning asosiy daryolariga suv kelish prognozlari bilan qiziqqan.
“Darhaqiqat, 5 ta davlat suv limitlarini o‘zaro kelishadi. Oxirgi yig‘ilishimiz Chimkentda bo‘lib o‘tdi. Unda suv havzalaridagi suv holati muhokama qilindi. Bu yilgi yog‘ingarchiliklar natijasida Amudaryo va Sirdaryo daryolarida suv hajmi yaxshi bo‘lishi bashorat qilinyapti. Hozirgi holatda o‘tgan yilgi daraja kutilyapti. Ko‘p yillik me’yorlarga nisbatan esa Sirdaryoda 85-90 foiz, Amudaryoda 90-95 foizgacha suv bo‘lishi bashorat qilinmoqda. Bugungi kunda suv omborlarimizda o‘tgan yilga nisbatan 1,5 milliard kub ortiqcha suv zaxirasi yaratilgan”, degan vazir.
Shuningdek, Shavkat Hamroyev qo‘shni davlatlar bilan ko‘p masalalarda, jumladan, suv masalasida ham yaqin hamkorlikda ishlar olib borilayotganini ta’kidladi.
“Suv bizni dushman qilib emas, do‘st qilib, manfaatli hamkorlik qilishga, Xudoning bergan ne’matidan samarali foydalanishga undaydi”, deydi Hamroyev.
Eslatib o‘tamiz, aprel oyida Markaziy Osiyo davlatlari suv xo‘jaligini muvofiqlashtiruvchi komissiyasining 86-yig‘ilishida Sirdaryo va Amudaryo havzalarida 2024 yilgi vegetatsiya davri uchun mamlakatlarning suv olish limitlari va suv omborlari kaskadlarining prognoz ish rejimi tasdiqlangandi.
LiveBarchasi