Almazbek Atamboyevga qarshi yana bir jinoiy ish sudga yuborildi
Olam
−
21 Oktabr 2020
12702Qirg‘iziston Respublikasining sobiq Prezidenti Almazbek Atamboyev va parlament sobiq deputati va Bosh vazir Asqarbek Shodiyevga qarshi korrupsiya, jinoiy daromadlarni o‘zlashtirish va noqonuniy boylik orttirish bo‘yicha jinoiy ish sudga yuborildi. Bu haqda mamlakat Bosh prokuraturasi matbuot xizmati xabar berdi.
Xabarda Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi va Prokuratura idoralararo tergov guruhi tergovni yakunlagani aytilgan. Jinoiy ish Qirg‘iziston Respublikasi Jinoyat kodeksining "Korrupsiya" va "Jinoiy daromadlarni o‘zlashtirish" moddalari bilan qo‘zg‘atilgan.
Xususan, jinoiy ish Bishkek issiqlik elektr stansiyasini modernizatsiya qilish jarayonida davlatga 5 milliard 439 million 527 ming 482 som miqdorida zarar yetkazilgan korrupsiyaviy holatni o‘z ichiga oladi.
Ma’lum qilingan ayblovlar:
• jinoiy faoliyat orqali 225 million som miqdoridagi pullarni o‘zlashtirish va 323 704 ming 287 som miqdoridagi ko‘char va ko‘chmas mulk, turli kompaniyalar aksiyalarini va boshqa moddiy boyliklariga ega bo‘lish bilan noqonuniy mol-mulk yig‘ish;
• Jalolobod viloyati, Chotqol tumanidagi 17-blok, "Janubiy" hududdagi Tereksoy surma koni bilan birgalikda qo‘shimcha g‘amlab qo‘yilgan umumiy summasi 8 milliard 255 million 145 ming 455 som bo‘lgan 7 231 tonna surma, 265 kilogram oltin va 4 246 tonna kumushni noqonuniy o‘zlashtirish.
Almazbek Atamboyev, Asqarbek Shodiyev va boshqa shaxslarning jinoiy harakatlari natijasida davlatga 13 milliard 694 million 673 ming 937 som miqdorda zarar yetgan.
“Hozirda tergov organlari tomonidan Atamboyev va unga yaqin bo‘lgan shaxslarning jinoiy yo‘llar bilan, shu jumladan chet davlatlar hududida qo‘lga kiritilgan boshqa mol-mulkini izlash va aniqlash bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda”, deyiladi Bosh prokuratura xabarida.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 23 iyun kuni Bishkekning Pervomay tumani sudi Atamboyevga 11 yil qamoq jazosi tayinladi. U sobiq jinoiy avtoritet Aziz Batukayevning qamoqdan chiqarib yuborilishi va korrupsiyada ayblangandi.
Ammo Qirg‘izistonda joriy yilning 4 oktyabr kuni o‘tkazilgan parlament saylovidan keyin boshlangan tartibsizliklar vaqtida namoyishchilar Atamboyevni qamoqxonadan ozod qildi. Keyinroq Almazbek Atamboyevning ehtiyot chorasi qamoqdan uy qamog‘iga o‘zgartirildi.
Biroq oradan ko‘p o‘tmay, 10 oktyabr kuni Atamboyev Bishkekda namoyishlar uyushtirishda ayblanib, yana hibsga olindi. So‘nggi bor u hibsxonadan advokati orqali bayonot bergandi.
Farrux Murodqulov
LiveBarchasi