Allamjonovni o‘ldirishga urinishda gumonlanayotgan chechenlar qidiruvga berildi

3-sahifa

image
Ramzan Qodirov Allamjonovga tahdid qildi north_east

Ramzan Qodirov Allamjonovga tahdid qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Axborot siyosati departamentining sobiq rahbari Komil Allamjonovga nisbatan sodir etilgan qotillikka suiqasd qilish bilan bog‘liq jinoyat ishi doirasida   Rossiya Federatsiyasi fuqarolari Bislan Rasayev va Shamil Temurxonov qidiruvga berilgan. Bu haqda Bosh prokuratura rasmiy munosabat bildirdi.

Unga ko‘ra, Bosh prokuratura tomonidan Komil Allamjonovga nisbatan sodir etilgan qotillikka suiqasd qilish bilan bog‘liq jinoyat ishi doirasida Rossiya Federatsiyasi fuqarolari Bislan Rasayev va Shamil Temurxonov qonunga xilof ravishda O‘zbekistonga kirish va chiqish, jinoyat haqida xabar bermaslik hamda o‘qotar qurolning qonunga xilof muomalasi kabi jinoiy harakatlarni sodir etganliklari aniqlangan.

Bislan Rasayev va Shamil Temurxonov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan sirtdan ayblanuvchi tariqasida jalb qilinib, ularga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan holda qidiruv e’lon qilingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Komil Allamjonovga suiqasd qilishga urinishdan so‘ng tarqalayotgan xabarlar fonida Checheniston rahbari Ramzan Qodirov yana bayonot bilan chiqib, suiqasdga uchragani aytilgan shaxslar Komil Allamjonov va Dmitriy Liga ochiqchasiga tahdid qilgan edi.

Allamjonovga suiqasd 

26 oktyabr kuni soat 01:40 larda fuqaro S.S.ning boshqaruvidagi Range Rover rusumli avtomashina Qibray tumani, Ifor ko‘chasi bo‘ylab harakatlangan vaqtida 2 nafar noma’lum shaxslar mazkur avtomashinaga o‘qotar quroldan bir necha marotaba o‘q uzib, noma’lum tomonga yashiringan. Ushbu holatda biror-bir shaxs tan jarohati olmagan.

Mazkur holat yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan Jinoyat kodeksining 25, 97 (Qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish) hamda 248 (O‘qotar qurolning, o‘q-dorilarning, o‘qotar qurol asosiy qismlarining, portlovchi moddalarning, portlatish vositalarining yoki portlatish qurilmalarining qonunga xilof muomalasi) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Bosh prokuratura, Toshkent viloyati, Toshkent shahar, Harbiy, Transport prokuraturalari hamda IIV, viloyat, Toshkent shahar IIBB, Bojxona qo‘mitasi xodimlaridan iborat tarkibda tergov-tezkor guruhi tuzilgan.

Prezident Administratsiyasi mulozimi darajasidagi odamga suiqasd O‘zbekistonning yaqin 25-30 yillik tarixida ko‘zga ko‘rinmagan, quloq bilan eshitilmagan holat bo‘ldi. Bu ish ko‘pchilikda xavotir ham uyg‘otdi. Kuni kecha, 2019 yildan beri O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati raisi sifatida ishlab kelayotgan, general-leytenant Abdusalom Azizov, IIV Tezkor qidiruv departamenti Jinoyat qidiruv xizmati boshlig‘i polkovnik Ahrorjon Halimjonovich Atxamov, Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari polkovnik Doniyor Baxtiyorovich Toshxo‘jayev, Toshkent shahar IIBB Tezkor qidiruv xizmati Jinoyat qidiruv boshqarmasi Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik Temur Akramovich Sobirov, Davlat xavfsizlik xizmatining Ichki xavfsizlik boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan polkovnik Alijon G‘aniyevich Ashurov, O‘zbekiston Bosh vazirining yordamchisi – Bosh vazir qabulxonasining mudiri vazifasida ishlab kelayotgan Sarvar G‘aniyevich Ashurovlarning lavozimidan ozod qilinishi aynan sobiq administratsiya mulozimi Komil Allamjonovga nisbatan uyushtirilgan suiqasd va bu ishning tergovi bilan bog‘lanmoqda. Albatta, yuqorida nomini sanaganimiz qudratli kursilardan olingan shaxslarning nima uchun ishdan olingani haqida aniq gap aytilganicha yo‘q. Qolaversa, bu ishlar Allamjonov bilan bog‘liqmi yo‘qmi degan savolga aniq va rasmiy javob berilmadi. Ammo Allamjonov voqeasiga oid shu vaqtgacha tarqalayotgan norasmiy xabarlar sekin-asta o‘z tasdig‘ini topmoqda.

Shuningdek, OAVda O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktori Dmitriy Liga ham suiqasd qilingan bo‘lishi mumkinligi haqida xabarlar tarqaldi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Axborot siyosati departamentining sobiq rahbari Komil Allamjonovga qilingan suiqasddan ko‘p o‘tmay sodir bo‘lgan bu voqea ham Allamjonovga daxldorligi aytilmoqda. 

Suiqasdni amalga oshirganlikda ayblanib, ikki rossiyalik chechen fuqarosi O‘zbekiston tomonidan Interpol qidiruviga berildi. Bular:

•  Bislan Rasayev 1988 yil 26 may kuni Rossiyada tug‘ilgan. Avvalroq u Ukraina hududida qurolli to‘qnashuv qilganlikda ayblangan.
•  Shamil Temurxonov 1993 yil 10 avgust kuni Rossiyada tug‘ilgan. Bo‘yi 1 m 90 sm. Vazni 90 kg.
Qidiruvga berilgan har ikki erkak toifasi qizil bo‘lib, o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Komil Allamjonov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing