Ramzan Qodirov Allamjonovga tahdid qildi

3-sahifa

O‘zbekistonda yana suiqasd. Bunda chechenlar ayblanmoqda north_east

O‘zbekistonda yana suiqasd. Bunda chechenlar ayblanmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Axborot siyosati departamentining sobiq rahbari Komil Allamjonovga suiqasd qilishga urinishdan so‘ng tarqalayotgan xabarlar fonida Checheniston rahbari Ramzan Qodirov yana bayonot bilan chiqib, suiqasdga uchragani aytilgan shaxslar Komil Allamjonov va Dmitriy Liga ochiqchasiga tahdid qildi. Kecha, 26 dekabr kuni u o‘zining Telegram-kanalida tahdidli post qoldirdi.

“O‘zbekiston Prezidenti, muhtaram Shavkat Miromonovich Mirziyoyev oilasidagi nifoq haqidagi g‘arbparast OAVlar tomonidan mish-mishlar tarqalayotganini kuzatyapman. Ikki oydan ko‘proq vaqt oldin O‘zbekistonda sobiq amaldor Komil Allamjonovning hayotiga suiqasd bo‘lganligi haqida ma’lumot paydo bo‘lgan edi. Buni suiqasd deb atash qiyin. Ommaviy axborot vositalari zudlik bilan ba’zi manbalarga murojaat qilishdi (amaliyot shuni ko‘rsatadiki, bu manbalarni g‘arbparast OAV o‘ylab topadi), ular mening suiqasdni tayyorlashda ishtirok etganimni e’lon qilishdi. O‘shanda aytgandim, hozir ham aytaman: agar buni tayyorlaganimda, ishni o‘sha kuni tugatgan bo‘lardim. Men haqimda bunday yomon fikrda bo‘lmasligingiz kerak”, deydi Qodirov.

U ish bo‘yicha tekshiruv jarayoni boshlanganidan ikki oy o‘tgach, o‘sha “suiqasd”ning yana bir muvaffaqiyatsiz qurboni rolida Dmitriy Lining to‘satdan paydo bo‘lishini savol ostiga olgan. 

“Menimcha, ushbu voqeani chuqur o‘rganish bilan birga, ushbu voqea ustida ishlayotgan tergovchilarga nisbatan ham rasmiy tekshiruv zarur. Ishonchim komilki, bu shov-shuvlarning barchasi ichkaridan ma’lum bir guruh tomonidan o‘zlarining uzoqqa cho‘zilgan sahna ortidagi o‘yinlari uchun foydalanilmoqda.

Qanday bo‘lmasin, men barcha manfaatdorlarga chechen izlarini har qanday hiyla-nayranglarga jalb qilmaslikni qat’iy maslahat beraman. Men chechen sifatida O‘zbekistonda ta’sir o‘tkazish uchun hech narsa qilishim shart emas”, degan Checheniston rahbari.

Ramzan Qodirov Prezident Shavkat Mirziyoyev oilasi bilan do‘st ekanini bildirib, bo‘layotgan hamma narsa O‘zbekistonning amaldagi Prezidenti atrofida tayyorlanayotgan narsalar haqidagi birinchi xavotirli va bir qarashda zararsiz ko‘ringan chaqiriq ekanini aytgan.

“Rangli inqiloblarning g‘arbparast ssenariylari har xil, lekin ular har doim kichik to‘qnashuvlar bilan boshlanadi va bu alohida holatda men Prezidentga sodiq odamlarga, ishonchli o‘rtoqlar obro‘siga qanday axborot hujumi borligini aniq ko‘raman.

“Suiqasd” bilan bog‘liq shov-shuvlar fonida ba’zi ommaviy axborot vositalari Prezidentning qizi va uning kuyovi hokimiyatga da’vo qilishi mumkinligi haqidagi yana bir hikoyaga e’tibor qaratmoqda. Bu, albatta, kulgili.

Birinchidan, Shavkat Mirziyoyevning qizlari unchalik ahmoq emas. Ikkinchidan, qaynotasini otadan boshqa so‘z bilan atamaydigan Otabek Umarovning fe’l-atvorini, fidoyiligini kam odam biladi. Bu Prezidentga nihoyatda sodiq inson, Shavkat Miromonovichga yomonlik qilishni xayol ham qilmaydi. Men Grozniyga boshqa galaktikadan o‘zga sayyoraliklar kelishiga ishongan bo‘lardim”, deb yozgan Ramzan Qodirov.

Uning fikricha, kimdir yaxshi jamoani buzishga, tizimni buzishga harakat qilmoqda. Qodirovga ko‘ra, bu mamlakat rahbariyatiga tahdid soladigan puxta o‘ylangan ssenariy bo‘lib, Prezidentni ishonchli odamlardan mahrum qilish uchun birinchi navbatda rahbariyatga sodiq shaxslar hujumga uchramoqda. 

“Shu bois sodir bo‘layotgan voqealarga befarq bo‘lmagan inson sifatida hurmatli Prezident oilasi vakillarini bayonot bilan chiqishga va bu iflos gap-so‘zlarga barham berishga chaqiraman. Komil Allamjonov va Dmitriy Liga qurbonlar rolini o‘ynamaslikni tavsiya qilaman. Nimani rejalashtirayotgan bo‘lsangiz, o‘z vaqtida to‘xtatganingiz ma’qul, aks holda siz barcha intrigalar, tuhmatlar va taxminlar uchun javob berishingiz kerak bo‘ladi. Va endi men an’analarimizga ko‘ra javob haqida gapiryapman”, deya tahdid qilgan Ramzon Qodirov.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda ham Ramzan Qodirov O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasining sobiq mulozimi Komil Allamjonovga suiqasdda qo‘li borligi haqidagi xabarlarni rad etib, buni provokatsiya deb atagandi.  

Allamjonovga suiqasd 

26 oktyabr kuni soat 01:40 larda fuqaro S.S.ning boshqaruvidagi Range Rover rusumli avtomashina Qibray tumani, Ifor ko‘chasi bo‘ylab harakatlangan vaqtida 2 nafar noma’lum shaxslar mazkur avtomashinaga o‘qotar quroldan bir necha marotaba o‘q uzib, noma’lum tomonga yashiringan. Ushbu holatda biror-bir shaxs tan jarohati olmagan.

Mazkur holat yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan Jinoyat kodeksining 25, 97 (Qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish) hamda 248 (O‘qotar qurolning, o‘q-dorilarning, o‘qotar qurol asosiy qismlarining, portlovchi moddalarning, portlatish vositalarining yoki portlatish qurilmalarining qonunga xilof muomalasi) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Bosh prokuratura, Toshkent viloyati, Toshkent shahar, Harbiy, Transport prokuraturalari hamda IIV, viloyat, Toshkent shahar IIBB, Bojxona qo‘mitasi xodimlaridan iborat tarkibda tergov-tezkor guruhi tuzilgan.

Prezident Administratsiyasi mulozimi darajasidagi odamga suiqasd O‘zbekistonning yaqin 25-30 yillik tarixida ko‘zga ko‘rinmagan, quloq bilan eshitilmagan holat bo‘ldi. Bu ish ko‘pchilikda xavotir ham uyg‘otdi. Kuni kecha, 2019 yildan beri O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati raisi sifatida ishlab kelayotgan, general-leytenant Abdusalom Azizov, IIV Tezkor qidiruv departamenti Jinoyat qidiruv xizmati boshlig‘i polkovnik Ahrorjon Halimjonovich Atxamov, Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari polkovnik Doniyor Baxtiyorovich Toshxo‘jayev, Toshkent shahar IIBB Tezkor qidiruv xizmati Jinoyat qidiruv boshqarmasi Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik Temur Akramovich Sobirov, Davlat xavfsizlik xizmatining Ichki xavfsizlik boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan polkovnik Alijon G‘aniyevich Ashurov, O‘zbekiston Bosh vazirining yordamchisi – Bosh vazir qabulxonasining mudiri vazifasida ishlab kelayotgan Sarvar G‘aniyevich Ashurovlarning lavozimidan ozod qilinishi aynan sobiq administratsiya mulozimi Komil Allamjonovga nisbatan uyushtirilgan suiqasd va bu ishning tergovi bilan bog‘lanmoqda. Albatta, yuqorida nomini sanaganimiz qudratli kursilardan olingan shaxslarning nima uchun ishdan olingani haqida aniq gap aytilganicha yo‘q. Qolaversa, bu ishlar Allamjonov bilan bog‘liqmi yo‘qmi degan savolga aniq va rasmiy javob berilmadi. Ammo Allamjonov voqeasiga oid shu vaqtgacha tarqalayotgan norasmiy xabarlar sekin-asta o‘z tasdig‘ini topmoqda.

Shuningdek, OAVda O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktori Dmitriy Liga ham suiqasd qilingan bo‘lishi mumkinligi haqida xabarlar tarqaldi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Axborot siyosati departamentining sobiq rahbari Komil Allamjonovga qilingan suiqasddan ko‘p o‘tmay sodir bo‘lgan bu voqea ham Allamjonovga daxldorligi aytilmoqda. 

Suiqasdni amalga oshirganlikda ayblanib, ikki rossiyalik chechen fuqarosi O‘zbekiston tomonidan Interpol qidiruviga berildi. Bular:

  • Bislan Rasayev 1988 yil 26 may kuni Rossiyada tug‘ilgan. Avvalroq u Ukraina hududida qurolli to‘qnashuv qilganlikda ayblangan.
  • Shamil Temurxonov 1993 yil 10 avgust kuni Rossiyada tug‘ilgan. Bo‘yi 1 m 90 sm. Vazni 90 kg.

Qidiruvga berilgan har ikki erkak toifasi qizil bo‘lib, o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Komil Allamjonov Ramzan Qodirov Dmitriy Li

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing