O‘zbekistonda yana suiqasd. Bunda chechenlar ayblanmoqda
Tahlil
−
20 dekabr
5294O‘zbekistonda yana bir amaldorga suiqasd uyushtirilgani aytilmoqda. Xorij nashrlarining yozishicha, O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktori Dmitriy Liga suiqasd qilingan bo‘lishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Axborot siyosati departamentining sobiq rahbari Komil Allamjonovga qilingan suiqasddan ko‘p o‘tmay sodir bo‘lgan bu voqea ham Allamjonovga daxldorligi aytilmoqda.
Suiqasdni amalga oshirganlikda ayblanib, ikki rossiyalik chechen fuqarosi O‘zbekiston tomonidan Interpol qidiruviga berildi.
- Bislan Rasayev 1988 yil 26 may kuni Rossiyada tug‘ilgan. Avvalroq u Ukraina hududida qurolli to‘qnashuv qilganlikda ayblangan.
- Shamil Temurxonov 1993 yil 10 avgust kuni Rossiyada tug‘ilgan. Bo‘yi 1 m 90 sm. Vazni 90 kg.
Qidiruvga berilgan har ikki erkak toifasi qizil bo‘lib, o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.
Qayd etilishicha, Rasayev va Temirxonov O‘zbekistonga turli yo‘nalishlarda kelgan: biri o‘zbek-qirg‘iz chegarasini noqonuniy kesib o‘tgan, ikkinchisi “Do‘stlik” nazorat-o‘tkazish punkti orqali kirib kelgan. Ular Komil Allamjonov va Dmitriy Lining o‘ldirilishi uchun 1,5 million dollar taklif qilgan mijozlarning ko‘rsatmalariga ko‘ra harakat qilgan.
Ma’lumki, Rasayev va Temirxonovga qo‘yilgan ayblovlar qatoriga quyidagilar kiradi:
- chegarani noqonuniy kesib o‘tish – bu ayb Rasayevning harakatlariga tegishli bo‘lib, u mahalliy sheriklar yordamida Qirg‘iziston chegarasini noqonuniy kesib o‘tgan;
- kontrabanda – Rasayev jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish uchun ishlatilishi mumkin bo‘lgan tovarlar yoki narsalarni noqonuniy olib o‘tishda ishtirok etganligi taxmin qilinmoqda;
- qurollarni noqonuniy saqlash va ularning savdosi – gumonlanuvchilar suiqasd uchun foydalanishni rejalashtirgan qurollarga ega bo‘lgani da’vo qilinmoqda;
- jinoyat haqida xabar bermaslik va uni yashirish – gumonlanuvchilarning ikkalasi ham yaqinlashib kelayotgan jinoyat haqida xabar bermaganlikda, balki uni tashkil etishda ishtirok etganlikda ham ayblanadi.
Ma’lumot uchun, Dmitriy Romanovich Li 2022 yildan beri O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar agentligi direktori lavozimida ishlab kelmoqda. Tayinlovga qadar u O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktori lavozimida faoliyat yuritgan.
Dmitriy Li mehnat faoliyatini xalq ta’limi tizimi ta’minoti sohasida boshlagan, so‘ngra mashinasozlik va metallurgiya sohasida ishlab, turli rahbarlik lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan. 2017 yil avgustdan LBMA direktori o‘rinbosari, 2018 yil iyunda Dmitriy Li O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasiga rahbar bo‘lgan.
Dmitriy Li shaxsiga nisbatan bir qancha xorijiy nashrlar tomonidan O‘zbekistondagi koreys mafiyasi deya nisbat berilgan. QALAMPIR.UZ’da bu ta’rifni asoslash imkoniyati mavjud emas. Ammo Dmitriy Li O‘zbekistonning Janubiy Koreyadagi sobiq elchisi, marhum Vitaliy Fenning oilasiga yaqin shaxslardan biri bo‘lishi mumkin.
Ommaviy axborot vositalari marhum elchining qizi Natalya Fenni (Farg‘onadagi “Seul” kafesi egasi) ham Allamjonovning ishi doirasida hibsga olinganini yozishmoqda. Ammo bunday xabarlar yuzasidan rasmiy axborotlar hech bir mas’ul davlat tashkilotlari tomonidan e’lon qilinganicha yo‘q. QALAMPIR.UZ’ning shu mazmundagi savolini Bosh prokuratura javobsiz qoldirdi. Allamjonov ishi doirasida yana kimlar qo‘lga olinadi, kimlar qidiruvga beriladi, umuman olganda, kimlarning bu ishga qo‘li borligi aniqlanadi? Bu hozircha noma’lum.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Allamjonovga qilingan suiqasdga chechenlarning aloqasi yo‘qligi, bunday gap-so‘zlar xorijiy nashrlarning nayranglari ekanini aytgan edi.
"Men shuni qo‘shimcha qilamanki, agar men haqiqatan ham biror narsani rejalashtirgan bo‘lsam, uni oxirigacha va 100% natija bilan qilgan bo‘lardim", degan edi Qodirov.
LiveBarchasi